BAXT – BO‘LISHSANG HAM KAMAYMAYDIGAN NE’MAT

20-mart – Xalqaro baxt kuni

 

Oddiy odamlar bugungi kunda bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezishi kerak. Ular ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi. Ularga bugun yaxshi sharoit yaratib berishimiz kerak. Barcha amalga oshirayotgan ishlarimizdan ko‘zlangan maqsad-muddao xalqimizning baxtu saodatidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlaganidanoq ana shu haqqoniy talabni ilgari surib kelmoqda.

 Natijada keyingi sakkiz yildan buyon hayotimizning turli sohalaridagi shiddatli islohotlar yagona, ezgu bir maqsadga – xalqimiz, eng avvalo, yoshlarimizning hayotini yanada obod va farovon, mazmunli va baxtli qilishga qaratilgan bo‘lib, bu yo‘ldagi tub o‘zgarishlar samaralari xalqimizning azaliy orzu-istaklari bilan hamohangdir. Zero, ajdodlarimiz ta’biri bilan aytganda, «Yo‘ling charog‘on bo‘lsa, turmushing farovon bo‘lar».

E’tibor bering: «Baxt kulgu bor uyga kirar» degan o‘zbekcha naql yaponlarning «Tabassum bor uyni baxt yo‘qlab kelar» maqoli bilan juda o‘xshash. Qolaversa, «Inson baxt izlamaydi, baxt insonni izlaydi», deydi turklar. Shvetsiyaliklarning lutf etishicha, «Bo‘lishilgan baxt ikki marta ko‘p, bo‘lishilgan dard ikki marta kam».

Bu haqda fikr yuritganda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2012-yil 28-iyunda qabul qilingan rezolyutsiyasiga binoan har yili 20-mart – Xalqaro baxt kuni sifatida butun dunyo miqyosida nishonlab kelinayotganini alohida ta’kidlash lozim. Bundan ko‘zlangan maqsad sayyoramizdagi har bir insonning baxtu saodatga intilishini keng rag‘batlantirishdir.

Butan Qirolligi taklif qilgan mazkur g‘oya BMTga a’zo 193 ta mamlakat tomonidan yalpi qo‘llab-quvvatlangan. Shu tariqa bundan o‘n ikki yil avval BMT Bosh Assambleyasining A/RES/66/281-raqamli rezolyutsiyasi misolida xalqaro hamjamiyat «Baxtga intilish – dunyodagi barcha insonlarga xos yakdil orzu-tilakdir», degan fikrni to‘la ma’qulladi.

Bayram kuni sifatida aynan 20 mart tanlangani bejiz emas. Chunki ushbu sana bahoriy teng kunlik, ya’ni kun va tun tenglashadigan Navro‘z ayyomi arafasiga to‘g‘ri keladi. Buning zamirida Yer yuzidagi barcha insonlar baxtli bo‘lish uchun teng huquqqa ega ekaniga adolatli ishorat bor.

Har bir inson baxtli bo‘lishga haqlidir. Baxtli bo‘lish juda ham oson. Buning uchun faqat harakat, harakat va yana harakat zarur. AQSHning Minnesota universiteti olimlari olib borgan tadqiqotlar ko‘rsatishicha, inson to‘liq baxtga ega bo‘lishi uchun, avvalo, unga baxtiyorligi darajasining 50 foizi gen, ya’ni nasl orqali o‘tadi. Yana 10 foiz baxtga turmushdagi ma’murchiliklar tufayli erishilsa, baxtning qolgan 40 foizi uchun aql-tafakkurni ishlatish taqozo etilar ekan.

Inson hayoti davomida hamisha baxtga intilib yashaydi. Kimdir baxtni moddiylik bilan bog‘lasa, boshqalar ma’naviy boylikni uning bosh omili sifatida e’tirof etadi. Yana birovlar esa, afsuski, umri davomida baxtiyorlik nimaligini bilmay o‘tadi.

Baxt o‘zi nima? Baxt – bu taqdir, nasiba, ulush. Baxt – insonning hayotda qo‘lga kiritgan yutuqlaridan to‘la qoniqish hissi. Baxt – hayotdan mamnunlik, murod-maqsadga yetib, orzu-umidlarning ushalgani.

         Baxt – omad, tole, iqbol. Insonning baxti kulgani – baxtiyor hayotga, xushnud onlarga erishgani.

Baxt guldek ochiladi. Baxtning ochilgani – insonning muhabbatiga yetishgani va shirin oila qurgani, turmushidan to‘la mamnunligi va bearmonligi.

Baxtni, odatda, qushga mengzaydilar. Baxt qushi baxtiyor boshlarga qo‘nadi. Baxti humoyun – insonning omadi kelgani, ishi yurishgani ramzi.

Baxt – saodat, qut, demakdir. Baxt – bu omad, muvaffaqiyat va rohat-farog‘at. Insonning baxtli, saodatmand, mamnun va shodonligi – unga baxt yor bo‘lganidan dalolat. 

Baxt – nafsning pokligi, qalbning xotirjamligi, dilning kengligi va vijdonning taskini hamdir.

Mutaxassislar fikricha, kishilarning baxt haqidagi tasavvurlari ijtimoiy tuzum va jamiyatdagi munosabatlar bilan uzviy bog‘liq. Chinakam baxtli bo‘lish uchun har bir shaxs erkin, teng, o‘z iste’dodi va xohish-irodasini har tomonlama namoyon qilish, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur.

Shuningdek, baxtga erishish uchun har bir shaxs jamiyatda, oilada munosib o‘rnini topgan, burch va mas’uliyatini anglagan bo‘lishi lozim. Odam ongi, tafakkuri, dunyoqarashi, xatti-harakati, xulqi, aql-zakovati bilan baxtli bo‘lish uchun intilishi va kurashishi darkor. Inson o‘z taqdirini xalq, Vatan taqdiri bilan uyg‘unlashtirgandagina to‘la baxtli bo‘lishi mumkin.

Mamlakatimizda ushbu xalqaro sana har yili nishonlanadi. Shu o‘rinda mazkur bayramning BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan inglizcha nomi (International Day of Happiness) o‘zbek tilida ikki xil, ya’ni ayrim o‘rinlarda – «Xalqaro baxt kuni», ba’zan esa «Xalqaro baxt-saodat kuni» shaklida qo‘llanayotganiga e’tibor qaratish joiz.

Rasman yondashganda, xalqaro sana nomini birxillashtirish maqsadga muvofiq, albatta. Mazmunan olib qaraganda, baxt va saodat – o‘zaro uyg‘un tushunchalar bo‘lib, ular birikkanida bir-birining ma’no tovlanishlarini yanada yorqinlashtiradi.

Suqrot e’tirof etganidek, o‘zlikni anglamoq – buyuk saodat. Bundan 33-yil ilgari xalqimiz istiqlolga erishdi. Hayot – insonga berilgan noyob tuhfa, mustaqillik esa har bir millat uchun tengsiz baxt, oliy saodatdir. Istiqlolning har daqiqasi qadrli, har kuni asrlarga tatigulik. Bu muqaddas va dorilomon kunlar hech qanday xazina bilan o‘lchab bo‘lmaydigan bebaho boyligimizdir.

O‘zbek xalqi mustamlakachilik zulmatining pardalarini ortga surib tashladi va yorug‘likka chiqib, nurafshon hayotga qadam qo‘ydi. Istiqlol millatimiz erishgan hurriyat negizida yurtimizda yashaydigan barcha insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishini ta’minladi. Istiqlol bizga, demokratik huquqiy davlatga asos solgan holda, milliy taraqqiyot modelimizni belgilab olish hamda shu istiqbolli yo‘ldan dadil odimlash imkonini berdi.

«Baxt – sandiqda, kaliti – osmonda». Bu purhikmat maqol timsolida ajdodlarimizning baxtu saodatga azaliy intilishlari o‘z mujassamini topgan. Binobarin, «Vatani borning baxti bor, mehnati borning – taxti».

Aslida ham, 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan, keyinchalik 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda yurtdoshlarimiz yangi tahrirdagi matni uchun ovoz bergan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – xalqimiz baxt-saodatining huquqiy poydevoridir. Konstitutsiyamizning «Baxtimiz Qomusi» deya e’zozlanishi boisi shunda.

Davlat bayrog‘i – xalqimizning shonli tarixi, bugungi saodatli hayoti va yorug‘ kelajagi ramzi.

Davlat gerbida aks etgan Humo qushi – baxt-saodat va erksevarlik timsoli.

Davlat madhiyasi «Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot» degan sururbaxsh kalomlar bilan boshlanishi ayni muddaodir.

Prezidentimiz xalqni – baxtiyor, Vatanni – baxtga yor etish niyatini qalbiga jo aylab va belini mahkam boylab, shijoatu g‘ayrat bilan ishlamoqda. So‘nggi davrda ishlab chiqilgan, xususan, 2017-2021-yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shu ulug‘ maqsad ijobati uchun hayotimizga chuqur tatbiq etilayotgan ulug‘ Baxtnomalardir.

«Bilim bilan saodat yo‘li ochiladi, shunga ko‘ra, ilmli bo‘l, baxt yo‘lini izla», deydi turkiy alloma Ahmad Yugnakiy. «Qaysi yerda ilmu ma’rifat kuchli bo‘lsa, o‘sha yer baxt maskani hisoblanadi», deya bu fikrni ma’qullaydi forsiy donishmand Faxrulbanot Sulaymoniy.

Tarbiya va ma’rifat – taraqqiyotning qo‘sh qanoti. Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi. Prezidentimizning qat’iy fikricha, «Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi».

Vatan oiladan boshlanadi. Keyingi davrda qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz shaharu qishloqlar bag‘rida qad rostlagan ko‘rkam va zamonaviy, shinam va qulay, arzon va hatto bepul uy-joylarga ko‘chib o‘tdi. O‘z uyi — baxt qo‘rg‘oniga ega bo‘lgan insonlar endi g‘oyat baxtiyor.

O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiqdir. Yurtimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.

«Baxt — shunday noyob ne’matki, o‘zgalarga qancha in’om etsang ham, o‘zingda aslo kamaymaydi», deydi ruminiyalik adiba Karmen Silva. Bugungi kunda O‘zbekistonimiz dunyo ahli ko‘z o‘ngida baxtiyor insonlar mamlakatiga aylanmoqda.

Ma’lumki, dunyoning eng baxtli mamlakatlarini aniqlashga qaratilgan turli xalqaro reytinglar mavjud. Xususan, World Happiness Report reytingida 2024-yilda O‘zbekiston MDH davlatlari orasida eng baxtli mamlakat deb topildi.

Ushbu reytingda 143 mamlakat va hududdagi odamlar o‘z hayotlarini noldan 10 gacha bo‘lgan shkalada baholaganlar. Reytingni yaratish uchun umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy aloqalar, shaxsiy erkinlik va korrupsiya kabi boshqa omillar bo‘yicha oxirgi uch yildagi natijalar o‘rtacha hisoblangan bo‘lib, bunda 10 ball eng yaxshi ko‘rsatkich sanaladi.

Baxtiyorlik darajasi bo‘yicha global reytingda Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi marta kuchli yigirmatalikdan joy olmadi va o‘tgan yilgi 15-o‘rindan 23-o‘ringa tushib ketdi. Bu 30 yoshgacha bo‘lgan amerikaliklarning farovonlik hissi keskin pasaygani bilan bog‘liq, deyiladi hisobotda.  

Yana bir reyting – Sapien Labs laboratoriyasi tomonidan 2024-yilda o‘tkazilgan «Dunyoning ruhiy holati» (Global Mind Project) tadqiqoti xulosasida qayd etilishicha, so‘nggi 4-yil ichida dunyo aholisi orasida ruhiy salomatlikning yomonlashishi kuzatilmoqda. Reytingda O‘zbekiston ham kam ball to‘plagan, deb yozdi Time Out nashri.

Fikrimizcha, mazkur tadqiqot o‘tkazilgan 71 ta mamlakat, shu jumladan O‘zbekistonda 2020-yildan keyingi muddatda baxtiyorlik reytingi ko‘rsatkichining pastligi, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘langanligi har tomonlama asoslidir. Chunki pandemiya butun dunyoda insonlarning muloqot tarziga, ish joylaridagi qulayliklar va sayohat qilish imkoniyatlariga, shuningdek, ruhiy salomatligiga jiddiy va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatgani bor gap.

Qolaversa, keyingi davrda jahonning turli hududlarida yuzaga kelayotgan qaltis nizolar global tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga tahdid solayotgani insoniyatni doimiy xavotir iskanjasida ushlab turibdi. Boz ustiga, iqlim o‘zgarishi, ekologiya ofatlari, oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi singari muammolar ham har bir zamindoshimiz va zamondoshimizning baxtiga chang solayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, Sapien Labs laboratoriyasi reytingidagi insonlarning baxtiyorligiga oid o‘ta salbiy ko‘rsatkichlar bir qadar bahstalab, deb o‘ylaymiz. Negaki, tadqiqotda ishtirok etgan qariyb 420 ming kishining shaxsiy ruhiy salomatlik koeffitsiyentini aniqlashda ularning anonim onlayn so‘rovga javoblari atigi 6 ta mezon: kayfiyat va istiqbol, ijtimoiy «Men», motivatsiya va harakat, aql va tana aloqasi, idrok, moslashuvchanlik va chidamlilik negizida baholangan, xolos.

Vaholanki, insonning baxtiyorligi darajasini aniqlash mezonlari ko‘p va nihoyatda xilma-xil. Misol uchun, xalqaro ekspertlar fikricha, yurtdoshlarimiz o‘zlarining baxtiyorligi darajasini faqat yetarli boylikka egaligi, ya’ni iqtisodiy omil bilangina belgilamaydi.

O‘zbekistonliklar asl baxtu saodat – insonlarning bir-biriga bo‘lgan samimiy munosabatida, o‘zaro mehr-oqibat, ishonch va sadoqat, bag‘rikenglik va hamjihatlikda, shuningdek, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilishdadir, deb hisoblaydilar.

Shunday qilib, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz baxtini, kamolini o‘ylab, el-yurtimizning, xalqimizning yorug‘ kelajagini ko‘zlab, oldimizga ulkan vazifalar qo‘ymoqdamiz. Niyati ulug‘ xalqning – ishi ham ulug‘, hayoti yorug‘ va kelajagi farovon bo‘ladi».

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech