2024 - yil 26 - avgust kuni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq institutining Nazariy-tarixiy, davlat-huquqiy va konstitutsiyaviy-huquqiy fanlar bo‘limi tashabbusi bilan “O‘zbekiston davlat mustaqilligi – jamiyat taraqqiyotining omili” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Samarqand, Termiz, Namangan davlat universitetlarining yuridik fakultetlari, Toshkent davlat agrar universiteti, Chirchiq davlat pedagogika institutini, Toshkent davlat transport universiteti va boshqa tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Respublika ilmiy-amaliy konferensiyani Davlat va huquq instituti direktori Turg‘unov Murodjon Tursunboyevich kirish so‘zi bilan ochib, konferensiya ishtirokchilari va taklif etilganlarga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi bayrami bilan tabrikaladi. Shundan so‘ng konferensiyasi ishtirokchilari va taklif etilganlar bilan konferensiya reglamentini belgilab olindi va so‘z navbati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Tillabayev Mirzatilla Alisherovichga berildi.
M.Tillabayev o‘z nutqida Mustaqillik deklaratsiyasi tarixi va mazmuni, mazkur hujjat bilan o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash imkoniyati ta’minlangani, unda milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiqlik, asrlar davomida shakllangan milliy davlatchilik tarixi va xalqimizning davlat qurilishi borasidagi boy tajribasi o‘z aksini topgani, ayni paytda xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlar inobatga olingani, unda O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish taklifi ilgari surilgani, Mustaqillik deklaratsiyasi tamoyillari asosida O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani haqida aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng so‘z navbati Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori, professor Muxitdinova Feruza Abdurashidovnaga berildi. Muxitdinova Feruza Abdurashidovna “Sharq mutafakkirlari ta’limotida mustaqillik, hurlik va adolat g‘oyalarining amaliy ifodasi” mavzusidagi ma’ruzasida Abu Nasr Forobiyning “Baxt-saodatga erishish haqida”, “Ijtimoiy-axloqiy risolalar”, “Qonunlar haqida kitob” va boshqa asarlarida jamiyat va uni boshqarish to‘g‘risidagi qarashlari, davlat va jamiyatni adolatli boshqarish, fozil hukmdor fazilatlari, uning xulqi, odobi, Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” va “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarlarida adolatli boshqaruv, jamiyatda ijtimoiy adolatni, qonun ustuvorligini ta’minlash g‘oyalari ilgari surilgani, adolatli davlat, xalq farovonligi, xavfsizligi, erkinlik, tenglikka erishish, Abu Ali ibn Sinoning davlat boshqaruv masalalarining huquqiy asoslari, fuqarolarni davlat tomonidan ijtimoiy himoyalash, ijtimoiy adolat, davlat va jamiyatning bir-biri bilan bog‘liqligi, Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asarida amaldorlarning axloqi, davlat boshqaruvini kengash asosida olib borish lozimligi, uning “Ko‘pchilik bo‘lib qabul qilingan tadbir eng savobli bo‘ladi va shunday yo‘l tutish kerak”ligi to‘g‘risidagi qarashlarining ahamiyati haqida aytib o‘tdi.
Keyingi ma’ruzachi, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mamasiddiqov Muzaffarjon Musajonovich “Yangi O‘zbekistonni barpo etish sharoitida yuridik fan va amaliyot: rivojlanishi, holati, muammolar va uning yechimlari” borasida quyidagilarni ma’lum qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyot bilan bog‘liqligini ta’minlash, o‘qitishning ilg‘or uslublaridan joriy etish, yuridik ta’limni sifati va ilmiy salohiyatning pasayishiga olib kelayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish, milliy va xalqaro talablarga javob beradigan huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, sohaga innovatsion ilg‘or va xalqaro standartlarni joriy etish, kadrlar salohiyatini yaxshilash, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim berishning zamonaviy usullarini joriy etish, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish, samarali yuridik adabiyotlar yaratish, huquqni qo‘llash va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini malakali tahlil qilish, huquqiy ekspertiza sifatini yanada yaxshilash, qonun hujjatlarining amaliyotga mosligi va ijrosi samaradorligi nafaqat amaliyotchilar, balki huquqshunos olimlar oldidagi asosiy vazifa ekanligi borasida aytib o‘tdi.
Ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent – Tajiboyev Ma’rufjon Mamatojiyevich“Murojaatlarni ko‘rib chiqish sohasidagi Yangi O‘zbekiston siyosatining maqsad va vazifalari” borasida quyidagilarni ma’lum qildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibiga oid yangiliklar, murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan asosiy maqsad va vazifa – murojaatlarni tez va samarali hal etish, davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy etish, davlat organlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, ustuvor vazifalarni samarali hal qilish va boshqa masalalarga e’tibor qaratilayotgani haqida aytib o‘tdi.
Keyingi ma’ruzachi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori, professor Azizov Nig‘monjon Pardayevich – “O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy-huquqiy negizlari” borasida quyidagilarni ma’lum qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish jarayonlari, Mustaqillik deklaratsiyasi, O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonunning yaratilishi tarixi, ushbu hujjatlarda ko‘p millatli O‘zbekiston har bir fuqarosining manfaatlari inobatga olingani, ularning munosib hayotini ta’minlashga e’tibor qaratilgani, mamlakatimizning har bir fuqarosi yurt taqdiriga daxldorlik, mamlakat obodligi, ozodligi yo‘lida hamda yanada yuksaltirishda mas’uliyatni his qilgan holda astoydil xizmat qilishlari lozimligi ta’kidlandi.
Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, yuridik fanlar doktori Xakimov Ravshan Tulkunovich “O‘zbekiston davlat mustaqilligining qo‘lga kiritilishi va uning xalqaro e’tirofi” to‘g‘risida quyidagilarni ma’lum qildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi BMTga a’zo bo‘lishi, O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga qabul qilinishi, tashqi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy sohalarda dunyo hamjamiyati bilan samarali hamkorlik qilish, tinch, totuv va farovon hayot kechirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish xorijiy davlatlar, xususan MDX davlatlari va qo‘shni mamlakatlar bilan har tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida aytib o‘tdi.
Ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi IIV 1-sonli akademik litseyning kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Xudoyberdiyev Ahror Qosimaliyevich “O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy-huquqiy ahamiyati” yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi. O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi kuni eng ulug‘ va eng aziz bayram ekanligi, mustaqillikning ahamiyati, uni abadiyligini ta’minlashda har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi mas’ul ekanligi borasida ta’kidladi.
O‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishdagi siyosiy-huquqiy jarayonlar, huquqiy demokratik davlat barpo etish, ijtimoiy-iqtisodiy islohatlar izchilligi va samaradorligini, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni va jahonda O‘zbekistonning munosib o‘rinini ta’minlash, yoshlarni vatanga muhabbat, yurt va xalq taqdiriga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida aytib o‘tdi.
O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
- Qo'shildi: 28.08.2024
- Ko'rishlar: 859
- Chop etish