18-sentyabr – Mehnatga teng haq to‘lash xalqaro kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2019-yil 18-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, har yili jahon mamlakatlarida 18-sentyabr – Mehnatga teng haq to‘lash xalqaro kuni (“Международный день равной оплаты труда”) sifatida nishonlanadi.
Xalqaro huquqda bir xil mehnat uchun insonga uning jinsi, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng haq to‘lash tamoyili dastlab Xalqaro mehnat tashkilotining 34-sessiyasida 1951-yil 29-iyunda qabul qilingan “Teng haq to‘lash to‘g‘risida”gi konvensiyasida mustahkamlangan.
Ushbu konvensiyaning 1-moddasiga ko‘ra, “teng ahamiyatli mehnat uchun erkak va ayol mehnatkashlarga teng haq to‘lash” atamasi jins asosida kamsitmay belgilanadigan haq to‘lash miqdori ma’nosini anglatadi.
2-moddada esa tashkilotning har bir a’zosi, haq to‘lash miqdorini belgilashning amaldagi usullariga mos keladigan vositalar orqali, teng ahamiyatli mehnat uchun erkak va ayol mehnatkashlarga teng haq to‘lash prinsipining qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatlashi zarurligi belgilangan.
Dunyoning ko‘plab davlatlari ushbu konvensiyani qabul qilib, uning normalarini milliy qonunchiliklariga implementatsiya qilgan bo‘lsa-da, afsuski, hali-hamon aksariyat mamlakatlarda mehnatga haq to‘lashda diskriminatsiya holatlari uchraydi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar hamda ayollar o‘rtasidagi global gender ish haqi farqi 20 foizdan ortiqni tashkil etadi. Ya’ni ayollarga ko‘p hollarda erkaklarga nisbatan kamroq maosh to‘lanadi.
BMT rezolyutsiyasi bilan 18-sentyabr – Mehnatga teng haq to‘lash xalqaro kuni sifatida belgilanishidan maqsad ham, aslida, xalqaro hamjamiyat e’tiborini ushbu muammoga qaratish, davlat va nodavlat tashkilotlarni mehnatga adolatli va teng haq to‘lashga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni bartaraf etishga undashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 13-iyulda Xalqaro mehnat tashkilotining “Teng haq to‘lash to‘g‘risida”gi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Shuningdek, mamlakatimizda har yili 18-sentyabr – Mehnatga teng haq to‘lash xalqaro kuni sifatida keng nishonlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Samarali mehnat qilish va uning rohatini ko‘rish – har bir inson hayotining ma’no-mazmunidir”.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga umumxalq bayrami maqomi berilgan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga ko‘ra: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi.
Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2021 – 2025-yillar uchun Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi qabul qilinib, unda belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoshlar, ayollar va aholining zaif guruhlari uchun inklyuziv hamda adolatli iqtisodiy o‘sish natijasida yaratiladigan bandlik va munosib mehnat imkoniyatlarini kengaytirish, bir xil mehnat uchun teng haq to‘lanishini ta’minlashga ham ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar va xalqchil islohotlar natijasida har bir yurtdoshimizni uning salohiyatiga mos, munosib ish bilan band qilish, ishchilarning mehnat sharoitlarini, iqtisodiy va ijtimoiy ta’minotlarini yaxshilash, insonlarga ayni bir xil mehnati uchun kamsitishlarsiz, teng haq to‘lanishiga erishish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, har kim adolatli ish haqi olish huquqiga ega. Zero, shoirona tarzda aytganda:
Ishda unum, uyda bo‘lar osh,
Adl ila to‘lansa maosh.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
Muqaddas QOSIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 18.09.2024
- Ko'rishlar: 774
- Chop etish