19-dekabr-kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi "Sadoqat" bog‘i madaniyat markazida Zangiota tumanidagi 21-son koloniyada jazoni o‘tayotgan xotin-qizlar uchun kitoblar va inson huquqlariga oid tarqatma materiallar hamda shaxsiy gigiyena vositalari topshirildi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu aksiyaning maqsadi mahkumalarning ma’rifat va huquq bo‘yicha adabiyotlardan foydalanishini ta’minlash, shuningdek, ularni saqlash sharoitlarining sanitariya-gigiyena holatini yaxshilashga ko‘maklashishdir.
Marosimda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi A.Karttunen, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i o‘rinbosari O.Satimbayev, 21-koloniya boshlig‘i G.Karimova, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboyev, Milliy markaz direktori o‘rinbosari D.Muratova hamda Jazoni ijro etish departamentining boshqa rasmiy shaxslari va xodimlari ishtirok etdi.
M.Tillaboyev tadbir doirasida 600 dan ortiq adabiyot, jumladan "Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnali nashrlari, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari topshirilganini qayd etdi. O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha faol choralar ko‘rayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lgan inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Elchi A.Karttunen ushbu tashabbus "Gender tenglik bo‘yicha milliy mexanizmni ilgari surishga ko‘maklashish" loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini va joriy yil 31-oktyabrda-bo‘lib o‘tgan "Jazoni ijro etish muassasalarini boshqarishning genderga sezgir strategiyalari: ilg‘or tajriba va asosiy muammolar" mavzusidagi ekspertlar davra suhbatida boshlangan ishlarning davomi ekanini ta’kidladi.
Uning aytishicha, tadbir Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi (CEDAW) tavsiyalariga mos keladi va ozodlikdan mahrum etish joylarida ayollarni saqlash sharoitlarini yaxshilashga, shu jumladan genderga sezgir yondashuvni ta’minlashga, sanitariya sharoitlarini yaxshilashga va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish hamda ma’rifiy va madaniy rivojlanish uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
O.Satimbayev mahkumlarni saqlash sharoitlarini insonparvarlashtirish, jumladan qarindoshlar bilan muloqot qilish, ta’lim olish va tibbiy yordamdan foydalanish huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikdagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va boshqa vakolatli organlar vakillari uchun jazoni ijro etish muassasalariga kirish imkoniyati ta’minlanganini ta’kidladi.
G.Karimova mahkumlarni axloqan tuzatish jarayonida kitoblarning muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Muassasada kutubxona fondlaridan foydalanish uchun barcha sharoitlar yaratilganini ma’lum qildi.
D.Muratova ta’kidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy shartlarga to‘la javob beradi. Koloniyaning kutubxona fondini yangilashdan ko‘zlangan maqsad – qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlarga yordam berish, ularni jamiyatga qaytarish va ularga yangi hayot imkoniyatini berishdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.12.2024
- Ko'rishlar: 202
- Chop etish