Mamlakatimizda 1949-yilgi Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollar ilk bor lotin imlosidagi o‘zbek alifbosida chop etildi. Shu munosabat bilan 2024-yil 17-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi bilan hamkorlikda ushbu yangi to‘plamning taqdimoti o‘tkazildi.
Milliy markazning “Inson huquqlari uyi”da tashkil etilgan taqdimotda 70 dan ortiq ishtirokchi hozir bo‘ldi. Tadbirda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar hamda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati namoyandalari qatnashdi.
Ishtirokchilar xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari bilan bog‘liq masalalarning muhimligi va dolzarbligiga e’tibor qaratgan holda, Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollarning yangi nashri adadini ko‘paytirish zarurligini qayd etdilar. O‘shanda to‘plamdan joy olgan g‘oyat muhim xalqaro-huquqiy hujjatlar matni bilan tegishli davlat tashkilotlari mas’ul xodimlari, o‘quv muassasalari tinglovchi va talabalari, keng jamoatchilik tanishishi uchun yanada qulay imkoniyat tug‘iladi.
Bu borada hamkor milliy va xalqaro tashkilotlar tomonidan birgalikda tizimli axborot-ma’rifat tadbirlari o‘tkazilishi muhimligi alohida ta’kidlandi. Chunki seminar, ma’ruza va trening mashg‘ulotlari kabi xilma-xil ma’rifiy-huquqiy tadbirlar aholining xalqaro gumanitar huquq mohiyati va prinsiplaridan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqan yetakchi milliy va xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari quyida havola etilmoqda.
Akmal SAIDOV – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik:
– Xalqaro hamjamiyat tomonidan 1949-yili qabul qilingan Jeneva konvensiyalari xalqaro gumanitar huquqning asosi, ta’bir joiz bo‘lsa, yuragidir. Shu ma’noda, jamoatchiligimizni Jeneva konvensiyalarining 75-yilligi sanasi va ayni qutlug‘ sanaga bag‘ishlab chop etilgan ushbu yangi to‘plam bilan tabriklayman.
Bu xalqaro-huquqiy hujjatlarning lotin imlosidagi o‘zbek alifbosida nashr qilingani jamiyatimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va har bir fuqaromiz insonparvarlikning asosiy me’yorlaridan bahramand bo‘lishini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ayni tashabbus O‘zbekiston, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va Shveysariya o‘rtasidagi samarali hamkorlikning yana bir yaqqol namunasidir.
Jeneva konvensiyalarida qurolli mojarolar paytidagi xulq-atvor, ya’ni urush madaniyati bilan bog‘liq, birinchi navbatda, harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etmaydigan oddiy insonlarni himoya qilishga oid huquqiy normalar mustahkamlab qo‘yilgan. Shu nuqtayi nazardan, Jeneva konvensiyalari nafaqat huquqiy vosita, balki insoniylik va rahm-shafqat timsoli hamdir.
Global xatarlar va mintaqaviy mojarolar ko‘payib, xalqaro vaziyat doimiy ravishda o‘zgarayotgan, xalqaro xavfsizlikka tahdidlar tobora kuchayib borayotgan qaltis bir sharoitda Jeneva konvensiyalari eng murakkab vaziyatlarda ham inson qadr-qimmatini hurmat qilish va har bir insonning ajralmas huquqlarini himoya qilish zarurligi borasida muhim eslatma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muhimi, 1949-yil 12-avgustdagi Jeneva konvensiyalari qurolli mojarolardan jabrlangan shaxslarga insonparvarlik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha xalqaro standartlarni belgilovchi asosiy shartnomalardir. Ushbu konvensiyalarning bugungi kundagi dolzarbligi beqiyos. Ular eng murakkab vaziyatlarda ham inson qadr-qimmatini hurmat qilish zarurligi haqida bong urib, bu borada davlatlar va nodavlat subyektlar uchun axloqiy va huquqiy yo‘nalish beradigan o‘ziga xos mayoq bo‘lib qolmoqda.
O‘nlab yillar davomida Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollarda muhrlab qo‘yilgan insonparvarlik prinsiplari o‘zining qat’iyligi va o‘zgarmasligini namoyon etib kelmoqda. Shu asnoda bu hujjatlar dunyo davlatlariga o‘zaro munosabatlarni ishonch, hurmat va anglashuv asosida qurish imkonini beruvchi huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda.
Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, inson huquqlari va xalqaro huquq normalariga rioya qilmasdan turib, uzoq muddatli tinchlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Jeneva konvensiyalari qurolli mojarolar davrida aholining eng zaif toifalarini himoya qilish borasida jahon hamjamiyatining birdam yondashuvi muhimligini shoyon ko‘rsatib berdi.
Bu hujjatlar insonparvarlik yondashuvi va rahm-shafqat masalasiga har qanday sharoitda ham rioya etish zarurligini bugungi omonat dunyoga eslatib turibdi. Binobarin, xuddi shunday insoniy yondashuv hamisha sivilizatsiyaga tayangan o‘zaro hamkorlik, adolat va inson qadr-qimmatini hurmat qilish kabi fazilatlarning kafilidir.
O‘zbekiston xalqaro-huquqiy standartlarga amal qilish, global xavfsizlikni mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim shartnoma va bitimlarda faol ishtirok etishga azmu qaror qilganini doimo qat’iy namoyish etmoqda. Binobarin, faqat inson qadr-qimmatiga hurmat-ehtirom va qonuniylikka rioya etish amaliyoti milliy madaniyatning ajralmas qismiga aylangan ilg‘or jamiyatdagina mustahkam tinchlik-osoyishtalik va barqaror taraqqiyot bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun O‘zbekiston davlat institutlari, qurolli kuchlar, huquqni muhofaza qilish organlari, ta’lim muassasalari va keng jamoatchilik o‘rtasida gumanitar huquqning poydevori bo‘lgan prinsiplarga oid bilimlarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston Jeneva konvensiyalari va ularga qo‘shimcha protokollarni ratifikatsiya qilishi zamirida ham, jumladan, ana shu oddiy haqiqat mujassam.
Shu asnoda mamlakatimiz xalqaro gumanitar huquq standartlarini mustahkamlash va milliy huquqiy tizimga joriy etish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Bu ishlarda kelajagimizning kafolati bo‘lgan yoshlarimizning huquqiy va ma’naviy ma’rifatini oshirish masalasi alohida o‘rin tutadi.
Yosh avlod xalqaro gumanitar huquqning asosiy tamoyillari bilan tanish bo‘lishi, ushbu tamoyillarning adolat va barqarorlikni ta’minlashdagi ahamiyatini teran tushunishi farzu qarzdir. Jeneva konvensiyalari lotin imlosidagi o‘zbek alifbosida nashr etilgani, umid qilamizki, farzandlarimizning nafaqat ushbu hujjatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi, balki jamiyatimizda huquqiy ong-tafakkur yanada rivojlanishiga ham yordam beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun inson huquqlari, jumladan, xalqaro gumanitar huquq masalalariga bag‘ishlangan seminar va treninglar muntazam o‘tkazilmoqda. Ushbu ma’rifiy-huquqiy tadbirlar shu soha vakillarining kasbiy kompetentligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning xalqaro standartlari to‘g‘risidagi bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, ularning kundalik faoliyatida gumanitar tamoyillarni amalda qo‘llashi uchun ko‘maklashadi.
Jeneva konvensiyalarini chinakamiga hurmat qilish uchun ularga amal qilish shart. Ya’ni, xalqaro gumanitar huquq prinsiplarini milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish, davlat hokimiyati organlarining kundalik amaliyotiga tatbiq etish va jamoatchilik ongiga singdirish bunda juda muhimdir.
Shu ma’noda, O‘zbekiston hukumati bundan buyon ham davlat organlari va harbiy tuzilmalar uchun xalqaro gumanitar huquq sohasidagi o‘quv dasturlarini izchil rivojlantirib boradi. Fuqarolik jamiyati faollari uchun ayni mavzularda axborot kampaniyalari o‘tkaziladi, aholining bu boradagi bilimi va xabardorligini oshirishga qaratilgan hamkorlik mexanizmlari yanada takomillashtiriladi.
Fursatdan foydalanib, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi va Shveysariya Konfederatsiyasi elchixonasiga insonparvarlik huquqi normalarini ilgari surish va ommalashtirishga qo‘shgan hissasi, shuningdek, dunyo davlatlarining Jeneva konvensiyalari prinsiplarini joriy etish borasidagi sa’y-harakatlarini doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Chunki Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining faoliyati, milliy va ijtimoiy institutlar sa’y-harakatlarini inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratgan holda, gumanitar normalar amaliyotda o‘z tasdig‘ini topishida muhim rol o‘ynayotganligi har qancha tahsinga sazovor.
Shunday qilib, O‘zbekiston o‘zining insonparvarlik va gumanitar huquq g‘oyalariga og‘ishmay amal qilish siyosatida izchil davom etadi. Biz xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga, huquqiy madaniyat darajasini oshirishga va jamiyatning barcha qatlamlari o‘rtasida gumanitar huquq prinsiplariga oid bilimlarni targ‘ib etishga hamisha intilamiz.
Bularning barchasi, shubhasiz, Yangi O‘zbekiston xalqi va davlati Jeneva konvensiyalarida aks etgan huquqiy hamda ma’naviy asoslarni mustahkamlash orqali inson shaxsiga hurmat, insonparvarlik va adolat me’yorlariga rioya etish barcha xalqlar uchun ajralmas qadriyatlarga aylanadigan dunyo qaror topishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotganidan va bu ezgu amallarga sodiq va sobitligidan dalolat beradi.
Bilyana MILOSHEVICH – Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari:
– Jeneva konvensiyalari 1949-yildayoq qabul qilingan va bugungi kunda universal ratifikatsiya qilingan bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillarda xalqaro huquqiy vositalarga ishonchning sezilarli tanqisligi kuzatilmoqda va xalqaro gumanitar huquq tez-tez tanqidlarga duch kelmoqda.
O‘tmishda bo‘lganidek, bugungi urushlar ham dahshatli oqibatlarga olib kelmoqda. Ya’ni, odamlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda, oilalarni bir-biridan judo qilmoqda va mislsiz azob-uqubatlarga sabab bo‘lmoqda.
Oqibatda ba’zilar qurolli to‘qnashuvlar ta’siriga uchragan shaxslarni himoya qilishning huquqiy asosi sifatida xalqaro gumanitar huquqning dolzarbligi va zarurligi haqidagi masalani o‘rtaga qo‘ymoqda. Boshqa birovlar esa bunday zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar sharoitida xalqaro gumanitar huquqqa murojaat qilish qanchalik maqsadga muvofiq, degan shubhalarga ham bormoqda.
Aslida, bugungi qutblangan va o‘zgaruvchan zamonda xalqaro gumanitar huquq har qachongidan ham dolzarb ahamiyatga ega. Biz, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi vakillari xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilish va uning insonparvarlik ruhini qo‘llab-quvvatlash amaliyoti inson hayoti va qadr-qimmatini saqlab qola olishiga qat’iy ishonamiz.
Qurolli to‘qnashuvlar jangchilarga ham, tinch aholiga ham, butun bir jamiyatga ham katta zarar yetkazadi. Xalqaro gumanitar huquqning asosiy insoniy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlovchi qoidalari esa uzoq yillik vaqt sinovidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bundan tashqari, xalqaro gumanitar huquq urush olib borishning yangi vositalari va usullariga moslashmoqda, muhimi, bu jarayon muntazam davom etmoqda. Pirovardida, xalqaro gumanitar huquq o‘z maqsad-muddaolariga sodiq qolmoqda – janglarda ishtirok etmagan yoki ishtirok etmayotgan shaxslarni himoya qilish, urush olib borish vositalari va usullarini cheklash, vayrongarchilikni kamaytirish hamda qurolli mojarolar sharoitida insoniylik qadriyatlarini saqlab qolish, asrab-avaylash va urush keltiradigan cheksiz azob-uqubatlarni kamaytirishga astoydil intilmoqda.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda qurolli mojarolar sonining ko‘payishi va xalqaro gumanitar huquqning buzilishi Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi vakillarida tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. Binobarin, biz dunyo davlatlariga Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining muhim vositalariga qo‘shilish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, ushbu huquqqa rioya qilish va rioya etilishini ta’minlash zarurligini har qachongidan ham ko‘p va xo‘p eslatib borish zarurligini har qadamda anglab turibmiz.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi gumanitar tashkilot sifatida tinchlik chaqiriqlari uchun ham javobgardir. Ayniqsa, urush ehtimoli ommaviy munozaralarda tez-tez va beparvo muhokama qilinayotgan hozirgi omonat bir vaziyatda biz o‘zimizni tinchlik ishiga munosib hissa qo‘shish uchun yanada mas’ul, deb bilamiz.
Gap shundaki, xalqaro gumanitar huquqni himoya qilish va unga rioya etish qurolli mojaro tugaganidan keyin tiklanish uchun juda muhim. Bunday oqilona yondashuv:
uzoq muddatli istiqbolda mojaro qurbonlari va ular a’zosi bo‘lgan jamoalarning qadr-qimmatini saqlab qolishga yordam beradi;
barqarorlikni mustahkamlaydi va har qanday ziddiyatdan keyin yarashishda qo‘l keladi;
urush xarajatlarini kamaytiradi, shu bilan birga o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish va pirovard natijada uzoq muddatli tinchlik, ishlab turgan iqtisodiyot va sog‘lom tabiiy muhitga erishish yo‘lini saqlab qoladi.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi xalqaro gumanitar huquq himoyachisi sifatida ushbu muhim huquqiy vositani ilgari surish va amalga oshirish uchun hukumat, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan birgalikda ish olib bormoqda. Bu borada Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyamiz bilan 20-yildan ortiq hamkorlik qilib kelayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasidagi amaliy muloqot samaralarini yuqori baholaymiz.
Jeneva konvensiyalarining vatani Shveysariya ushbu hujjatlarning depozitariysi sifatida va tarixan turli davlatlarning bu yo‘lda birlashishi, diplomatik konferensiyalar chaqirilishi borasida muhim rol o‘ynadi. Zero, xuddi shu mamlakatda 75-yil oldin qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilish bo‘yicha eng muhim xalqaro hujjatlar – Jeneva konvensiyalari qabul qilingan.
Shunday ekan, bugun biz hamkorlarimiz – Shveysariyaning O‘zbekistondagi Elchixonasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birgalikda Jeneva konvensiyalarining yangi nashrini e’tiboringizga taqdim etganimizdan faxrlanamiz. Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi shu yo‘l bilan xalqaro gumanitar huquq prinsiplarini butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham targ‘ib qilishga intilmoqda va hukumatingizning bu yo‘nalishdagi faol harakatlarini olqishlaydi.
Konstantin OBOLENSKIY – Shveysariya Konfederatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi:
– Biz xalqaro gumanitar huquqning tamal toshi bo‘lgan Jeneva konvensiyalarining 75-yilligini nishonlab turibmiz. Binobarin, bugungi beqarorlik va global xavf-xatarlar sharoitida ham barchamiz ushbu xalqaro hujjatlarda kelishib olingan umumiy qoidalarga amal qilishimiz kerak. Nazarimda, shu kunlarda Jeneva konvensiyalariga hurmat va e’tibor masalasi har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda.
Jeneva konvensiyalari dunyoning jami mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. Barcha davlatlar Jeneva konvensiyalarini hurmat qilishga tayyorligini bildirgan.
Hatto insoniyat boshiga urush halokatlari yog‘ilgan eng dahshatli va o‘ta tang vaziyatlarda ham Jeneva konvensiyalari odamzot odamdek yashab qolishi uchun qo‘l kelgan. Ayniqsa, insonparvarlik tashkilotlari, jumladan, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasining mardona harakatlari tufayli o‘tgan davrda qanchadan-qancha odamlarning hayoti urushning yovuz changalidan qutqarib qolingani va bu ezgu amal hozirda ham izchil davom ettirilayotgani shubhasiz.
Jeneva konvensiyalarining maqsadi – barcha qurolli mojarolarda rioya qilinishi kerak bo‘lgan minimal gumanitar standartlarni o‘rnatish orqali urush shafqatsizligini yumshatishdir. Bu xalqaro hujjatlar jangovar harakatlarda qatnashmayotgan insonlarni himoya qiladi. Shuning uchun Jeneva konvensiyalari qurolli mojarolarning oqibatlarini sezilarli darajada cheklash va tinchlikka qaytishga yordam berish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi amalda tasdig‘ini topib kelmoqda.
Shunday qilib, Jeneva konvensiyalari men uchun xalqaro huquqning asosiy qadriyatidir. Shveysariya xalqaro huquqni hurmat qilish, targ‘ib qilish va joriy etishni o‘z tashqi siyosatining tamal toshi etib belgilagan. Biz davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar buzg‘unchi kuchlar g‘alvasi bilan emas, balki qonun va hisobdorlik yo‘li bilan tartibga solinishi tarafdorimiz.
O‘zbekistonning xalqaro gumanitar huquq prinsiplarini ommalashtirish va joriy etishga sodiqligi uning ushbu umuminsoniy qadriyatlarga sobitligidan dalolat beradi. Shveysariya bunday sheriklikni yuksak qadrlaydi va butun dunyoda inson huquqlari va gumanitar qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama asosda hamkorlik qilishga qat’iy intiladi.
Binobarin, biz butun dunyoda inson huquqlari va insonparvarlik qadriyatlarini himoya qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik munosabatlarimizga hamisha sodiqmiz.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati bilan
hamkorlikda tayyorlandi.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 20-dekabr kungi 263 (8886)-soni
- Qo'shildi: 20.12.2024
- Ko'rishlar: 158
- Chop etish