BAYRAMLAR VA EKOLOGIYA

Hazrati Ali roziyallohu anhudan:

"Bayram nima?" deb so‘radilar.

Musulmonlar amiri shunday javob berdi:

— Gunohsiz o‘tgan har bir kun bayramdir!

 

Yangi yil bayrami munosabati bilan mamlakatimizda 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar olti kun, 6 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar esa ketma-ket besh kun dam oladilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrda imzolangan "Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida"gi qarori buning uchun huquqiy asosdir.

O‘zbekistonda kirib kelayotgan 2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan bayram arafasida BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) mutaxassislarining tegishli xulosa va tavsiyalarini talqin etish yanada ma’qul, deb o‘ylaymiz.

Har gal bayram kunlari dunyoning aksariyat hududlarida «shopping», ya’ni do‘konma-do‘kon yurgancha behisob narsa-buyumlar xarid qilish urfga aylangan. Zero, uyda to‘kin dasturxon yasatib, yaqinlarga sovg‘a-salom ulashgan holda, bayramni xush kayfiyat bilan o‘tkazganga nima yetsin.

Ammo, ekologiyaga xilof bunday iste’molchilik madaniyati tufayli ona sayyoramizni uch karra bo‘hron domiga tashlashimizni bilamizmi? Ya’ni, bunday ortiqcha xarajatu harakatlar oqibatida har qaysimiz:

birinchidan, iqlim o‘zgarishiga;

ikkinchidan, tabiat va bioxilma-xillikning barham topishiga;

uchinchidan, atrof-muhit ifloslanishi hamda chiqindilarning yana ortishiga sababchi bo‘lamiz.

Ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, insonning baxtiyorligi ko‘p narsa xarid qilishiga mutlaqo bog‘liq emas ekan. Bunday paytlarda behuda sarf-xarajat va isrofgarchilik ortadi, xolos.

BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda havoga bug‘lanayotgan zararli gazlarning uchdan ikki qismi xonadonlar va uy-joy xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi fikricha, agar insonlar o‘zlarining nomaqbul hayot tarzini o‘zgartirsa, 2050-yilda sayyoramiz haroratining qizib ketishiga sabab bo‘layotgan bug‘lanuvchi gazlar hajmini 70 foiz kamaytirish imkoni tug‘iladi.

Bayramni ko‘p narsa xarid qilmay va ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘ymay ham shod-xurramlik bilan nishonlash mumkin. Shu nuqtayi nazardan, bayram kunlari ona tabiat kushandasiga aylanishning oldini oladigan ba’zi tavsiyalarni sanab o‘tamiz.

 Birinchi tavsiya – bayram sovg‘asini o‘z qo‘llaringiz bilan tayyorlang. Masalan, do‘kondan tort va pishiriqlar xarid qilish o‘rniga o‘zingiz pechene yo boshqa xil shirinliklar pishiring. Yoki bo‘lmasa, sovg‘a uchun ekologik toza mahsulotlar sotib oling; bu bilan siz tabiat va atrof-muhit tozaligi uchun qayg‘uradigan kompaniyalar faoliyatini rag‘batlantirgan bo‘lasiz.

Ikkinchi tavsiya – kiyinish borasida ekologik moda nuqtayi nazaridan urf bo‘lgan liboslarni tanlang. Hozirgi vaqtda odamlar bundan 15-yil oldingiga nisbatan 60 foiz ko‘proq kiyim-kechak xarid qilmoqda, bu buyumlarning yaroqlilik muddati esa avvalgiga nisbatan ikki barobar qisqargan.

Ayni shu omillar ham sayyoramizga katta zarar yetkazmoqda. Nega deganda, moda sanoati suvni ko‘p iste’mol qilish borasida ikkinchi o‘rinda turadi, qolaversa, havoni bulg‘ayotgan global miqyosdagi bug‘lanuvchi gazlarning 2-8 foizi ayni shu tarmoq “hissasi”ga to‘g‘ri keladi.

Uchinchi tavsiya – o‘zingiz yashab turgan hududda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qiling va xuddi shu hududda sayohat qiling yoki dam oling. Mahalliy  tovarlarni sotib olish va shu zaminda yetishtirilgan mahsulotlarni iste’mol qilish alohida ahamiyatga ega.

Bunday xarid va iste’mol, bir tomondan, mablag‘ingizni tejasa, boshqa tomondan, mahalliy tadbirkorlar faoliyatiga rag‘bat beradi. Qolaversa, tovar va mahsulotlarni olisdan tashib kelish ehtiyoji kamayadi. Natijada yuk transportining yonilg‘i sarfi tejaladi, o‘z navbatida, havoga zararli gazlarning bug‘lanishi cheklanadi.

To‘rtinchi tavsiya – ishlatilgan buyumlarni xarid qiling. Gap shundaki, bayram kunlari va ta’tillar mavsumida aksariyat savdogarlar o‘z narsa-buyumlarini arzonlashtirilgan narxlarda sotuvga qo‘yadi.

Siz esa arzon narx-navoga chalg‘imasdan, aksincha, avval ishlatilgan bo‘lsa ham noyob va bejirim, yuqori sifatli va chidamli buyumlarni xarid qilishga intiling. Toki pul sarflagan narsalaringiz tezda eskirmasin, chiqindiga tashlab yuboradigan ahvolga kelib qolmasin, balki uzoq muddatga chidab bersin va ko‘rkamligini saqlab tursin.

Beshinchi tavsiya – bir marta ishlatiladigan buyumlarni ko‘p martaligi bilan almashtiring. Bugun har daqiqada taxminan bir yuk mashinasidagi yelim (plastik) idishlardan iborat chiqindi dunyo okeanini iflos qilmoqda. Bu chiqindilarning teng yarmini bir marta ishlatilganidan keyin tashlab yuboriladigan buyumlar tashkil etadi.

Bayram kunlari atrof-muhitga ziyon yetkazadigan turli mahsulotlardan odatiy kunlardagiga nisbatan uch barobar ko‘p foydalanar ekanmiz. Bu o‘rinda millionlab dona plastik idishlar, ular uchun yelim qoshiq va naychalar, yana millionlab zar varaqli qadoqlash qog‘ozlari va qutichalar haqida so‘z bormoqda.

Plastik chiqindilar ekotizimning iqlim o‘zgarishiga moslashish layoqatini susaytiradi. Oqibatda esa millionlab insonlar hayoti va farovonligi uchun kerakli oziq-ovqat hamda boshqa mahsulotlar yetishtirish jarayoni oqsaydi.

Har yili besh trillion dona yelim xaltacha ishlatilmoqda va ularning katta qismi okean suvlarini bulg‘amoqda. Bu achchiq haqiqatni unutmang va imkon qadar tezroq yelim xaltachalardan voz kechib, qog‘oz yoki matodan tikilganlariga o‘ting.

Yana bir muhim omil: bayram sovg‘alarining quti va o‘ramlarini chiqindiga tashlab yuborar ekansiz, butun dunyoda yiliga qariyb 11,2 milliard tonna ana shunday qattiq chiqindilar to‘planishi yodingizda tursin. Hozirgi zamonaviy iqtisodiyot va ilg‘or texnologiyalar davrida bunday quti-yu o‘ramlarning hajmi ortgandan-ortib, tarkibi esa tobora murakkablashib bormoqda. Tabiiyki, ushbu omillar ham ekotizim sofligi va inson sog‘ligiga jiddiy xavf soladi.

Oltinchi tavsiya – oziq-ovqatlarni chiqindiga tashlash ko‘lamini kamaytiring. Bayram dasturxoniga turli xil mahsulotlar xarid qilish asnosida faqat eng keraklilarini sotib olish bilan kifoyalanish lozim.

Har yili butun dunyoda xarid qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi chiqindixonaga tashlanmoqda. Yiliga taxminan 1,3 milliard tonnani tashkil etadigan bu ulkan chiqindi “tog‘”lari esa bioxilma-xillik barham topishiga, tabiatning ifloslanishi va iqlimning o‘zgarishiga olib kelmoqda.

Xonadoningizda chiqindi ko‘paymasligi uchun qoldiq taomlarni ozoda o‘ramlarga solib qo‘ying va ulardan yangi nimadir, masalan, qotgan nonlardan nonqoqi (suxari) tayyorlashda foydalaning. Bunday sa’y-harakatingiz, bir tomondan, ro‘zg‘oringizga tejamkorlik orqali baraka olib kirsa, ikkinchi tomondan, havoga bug‘lanadigan zararli gazlar miqdori kamayishiga yordam beradi.

Yettinchi tavsiya – dasturxoningizni imkon qadar ko‘kat va rezavor taomlar bilan to‘ldiring. Bayram kunlari sabzavot va ko‘katli parhez saqlash insonning ham salomatligi, ham hamyoni uchun foydalidir. Dunyo madaniyatlarida rezavorli parhezning bir necha turlari mavjudki, ular nafaqat foydali va to‘yimli, balki sayyoramiz uchun beziyon hamdir.

Gap shundaki, go‘sht yetishtirish iqlim o‘zgarishiga eng ko‘p ulush qo‘shayotgan soha hisoblanadi. Bugungi kunda havoga bug‘lanayotgan metan gazining 32 foizi chorva mollari go‘ng va axlatidan ajralib chiqmoqda. Bir kishi kuniga 100 gramm go‘sht yeyishi hisobga olinsa, dasturxonni ko‘kat va rezavor taomlar bilan to‘ldirish ham inson sog‘ligi, ham sayyoramiz havosining musaffoligi uchun ulkan ahamiyat kasb etishi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Ushbu tavsiyalar BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP) mutaxassislari tomonidan tayyorlangan. Ularga amal qilinishi Parij bitimida belgilangan maqsadga erishish, ya’ni global harorat qizib ketishi darajasini 2°C dan quyida ushlab turishga xizmat qiladi.

Qolaversa, insoniyat tasarrufidagi mavjud zaxiralardan unumli va tejamli foydalanish – nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki yangi ish joylari ochish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari xizmatlaridan foydalanishda hamda xavfsiz va munosib hayot darajasiga erishishda barcha uchun teng va keng imkoniyatlar yaratish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, har doim bayram – bayramga o‘xshasin. Xushnud kunlarimiz ko‘p bo‘lsin, ayni chog‘da, hech kimga va hech narsaga xursandchiligimizning zarari, ziyon-zahmati tegmasin. Ezgu niyat, ezgu so‘z va ezgu amal birligi ham aslida shunda namoyon bo‘ladi.

 

G‘ulom MIRZO

O‘zA

Powered by GSpeech