11-fevral – Ilm-fan sohasidagi
xotin-qizlar xalqaro kuni
“Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu fikrlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi. Binobarin, mamlakatimizda 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan davlat siyosatini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Bu borada qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani natijasida oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabat tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylangan. Ayni sohadagi ishlar, xususan:
- ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
- ayollarni himoya qilishning institutsional asoslarini mukammallashtirish;
- aholining gender tenglik va ayollar huquqlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish;
- huquqni qo‘llash amaliyotida ayollar huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy normalar asosida o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda olib borilmoqda.
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash alohida e’tibor markazida turibdi. Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning o‘qish to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravar ortdi.
Natijada O‘zbekiston 2024-yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Ya’ni, mamlakatimiz bu borada 2022-yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
Ayniqsa, mamlakatimizda xotin-qizlarni:
- IT va STEM sohalariga faol jalb etish;
- qizlar uchun raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim dasturlarining ishga tushirilishi;
- ayollar huquqlarini himoyalash va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar;
- boshqaruv, ta’lim, IT, mehnat, tadbirkorlik va zo‘ravonlikning oldini olish sohalaridagi ijobiy natijalar O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Bu qamrovdor jarayonlarda ayol rahbarlarning yangi avlodini shakllantirishda ta’limga birlamchi omil sifatida qaralib, xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, birgina o‘tgan 2024-yilning o‘zida tegishli dastur asosida 889 ming 567 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlashga ko‘maklashilgan. Bunda 284 ming 41 nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitilgan. Xususan, 154 ming 972 nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga, 129 ming 69 nafari tadbirkorlik ko‘nikmalari va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha malaka oshirgan.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Oila o‘quv platforma”si – https://oilamalaka.uz sayti ishga tushirilgani ham diqqatga loyiq. Ehtiyojmand oilalardagi tavsiyanoma olish uchun murojaat qilgan 36 ming 853 nafar talabgor xotin-qizdan 18 ming 481 nafariga tavsiyanomalar berilgan va shundan 1 ming 801 nafari oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan.
Besh yil mehnat stajiga ega, oliy ma’lumoti yo‘q 4 ming 587 nafar xotin-qizga tavsiyanoma berilib, ulardan 398 nafari davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan og‘ir vaziyatdagi 2 ming nafar talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.
Imkoniyat va imtiyozlar natijasida oliy ta’limdagi talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 52,2 foizga yetdi. O‘tgan yili 50 ming nafar xotin-qiz axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qitildi.
Shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti yo‘nalishlari qatoriga axborot texnologiyalari yo‘nalishi kiritildi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha 400 dan ortiq Gender maslahat kengashlari idora va tashkilotlar tizimida tashkil etildi.
Ilm-fan sohasida xotin-qizlar ishtiokini yanada kengaytirishga qaratilgan bunday oqilona yondashuv Yangi O‘zbekistonning milliy va xalqaro majburiyatlarini, xususan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni bajarishiga har tomonlama ko‘maklashishga xizmat qiladi. Zero, xalqaro hamjamiyat xotin-qizlarga – ilm-fan, ilm-fanga esa xotin-qizlar kerakligini muttasil ta’kidlab kelmoqda.
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 11-fevral – Ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar xalqaro kuni deb e’lon qilingan. Ushbu xalqaro sana butun dunyoda ayollar va qizlarning ilm-fan bilan to‘laqonli shug‘ullanishlariga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish uchun ta’sis etilgan.
Shu munosabat bilan 2024-yil 9-fevral kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ayni sanaga bag‘ishlangan bayonotida ayollar va qizlarning ilm-fan yo‘lida yuksalishlariga tizimli g‘ov-to‘siqlar va turli johilliklar haligacha xalal berayotganiga e’tiborni qaratdi. Uning ta’kidlashicha, “Bu holat dunyomizni buyuk iste’dodlardan mahrum etmoqda”.
O‘z navbatida, YUNESKO Bosh direktori Odre qayd etishicha, “bilimlar va iste’dodlarning barcha manbalaridan birdek foydalana olsak, o‘shandagina ilm-fanning salohiyatini to‘la namoyon etishga va yangi davr oldimizga qo‘ygan muhim maqsadlarga erishishga tom ma’noda musharraf bo‘lamiz”.
Haqiqatan ham, ilm-fan sohasida gender tenglik butun insoniyatning farovon kelajagini barpo etish uchun nihoyatda zarur. Afsuski, bugungi kunda xotin-qizlar jahon ilmiy hamjamiyatining atigi uchdan bir qisminigina tashkil etmoqda. Bunday salbiy natija, jumladan, xotin-qizlarga ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun nihoyatda cheklangan imkoniyatlar berilayotgani, ularning ilmiy tadqiqotlarini nashr ettirishga juda oz moliyaviy mablag‘lar ajratilayotgani va yetakchi universitetlarning rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollarning soni erkaklarga nisbatan ancha kam ekanligi kabi tashvishli omillar bilan bog‘liq.
Hozirgi vaqtda ilm-fanning sun’iy intellekt bilan bog‘liq eng ilg‘or sohalarida ishlayotgan mutaxassislarning beshtasidan faqat bittasi ayoldir. Ya’ni, ushbu sohadagi xotin-qizlar ulushi bor-yo‘g‘i 22 foizdan iborat.
Jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobining muvaffaqiyatini ta’minlab beradigan aksariyat texnologiya sohalarida muayyan bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassislar taqchilligi kuzatilayotgani sir emas. Shunga qaramay, xotin-qizlar oliy o‘quv yurtlarining muhandislik ixtisosligi bo‘yicha bitiruvchilari orasida atigi 28 foizni tashkil etsa, kompyuter va informatika fanlari yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 40 foizga zo‘rg‘a yetmoqda.
Ilmiy izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlar, odatda, istiqboli beqaror va oylik maoshi yuqori bo‘lmagan lavozimlarda ishlamoqda. Ularning tadqiqotlari mashhur jurnallar sahifalarida yetarli darajada yoritilmayapti va mehnatlari mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishida inobatga olinmayapti.
Dunyoning ayrim mintaqalarida xotin-qizlarning ta’lim olishi o‘ta cheklanganligi yoki butunlay taqiqlanganligi holatlaridan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. BMT Bosh kotibi ta’biri bilan aytganda, “Bunday holat jamiyatning o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urishi, qolaversa, inson huquqlariga noinsoflarcha xilof ish tutishidan boshqa narsa emas”.
Shu ma’noda, xotin-qizlarning barcha ilmiy va innovatsion kashfiyotlarda tengma-teng ishtirokini ta’minlash orqaligina sayyoramizda ilm-fan butun insoniyatga xizmat qilishiga erishish mumkin. Bu o‘rinda, albatta, xotin-qizlarni iqlim o‘zgarishidan toki sog‘liqni saqlash va sun’iy intellekt sohalarigacha bo‘lgan jamiki ilmiy jarayonlarga faol jalb etish haqida so‘z bormoqda. Zero, xotin-qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishga haq va huquqlari bor.
Binobarin, ilm-fan sohasida xotin-qizlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, bundan ilm-fan shunchalik ko‘p yutadi. Nega deganda, aslida ham, ayollar va qizlar ilmiy tadqiqot faoliyatiga xilma-xillik olib kiradi, ilm-fan asosiy kasbi bo‘lgan fidoyilar safini kengaytiradi va ilmiy-texnikaviy sohani yangicha qarashlar hisobiga boyitadi.
Shu ma’noda, BMT xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan huquqini qat’iy turib himoya qilishga, bu yo‘ldagi har qanday qotib qolgan yondashuvlar, eskicha qarashlar va turli g‘ov-to‘siqlarga barham berishga chorlab kelayotgani juda muhim. A.Guterrish ta’kidldaganidek, “Biz barchamiz sinfxonalar, laboratoriyalar va kabinetlarni xotin-qizlar orasidan yetishib chiqqan olimalar bilan to‘ldirish evaziga – dunyomizda mavjud bo‘lgan, lekin shu paytgacha foydalanilmay kelayotgan beqiyos iste’dodlarga qanot bag‘ishlash uchun o‘z munosib ulushimizni qo‘shgan bo‘lamiz”.
I asrda yashayotganimizga qaramay, hatto hozirgi kunda ham ilm-fan bilan bog‘liq sohalarda xotin-qizlarning chetda qolayotgani ochiq-oydin kuzatilmoqda. Dunyo jamiyatlarining qon-qoniga singib ketgan bunday gender notenglik illatlari, ayniqsa, iqtidorli va yuksak salohiyatli qizlar ko‘pincha o‘zlarini ilm-fan sohalaridan chetga olishlariga to‘g‘ri kelayotgani misolida sezilib qolmoqda.
Binobarin, xotin-qizlarning ilm-fanning barcha sohalarida o‘z munosib o‘rni bor. Ular ilmiy taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etish huquqiga ega. Buni ayollar va qizlar chuqur anglab yetishlari kerak.
Ammo, hozircha jahonda, ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlardagi ilm-fan sohasida erkaklarning son jihatdan ustunligi odatiy hol hisoblanadi. Yana bir muammo shuki, xotin-qizlar zamonaviy texnologiyalarga taalluqli sohalarda ishlasa-da, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilib borishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqda. Masalan, kimdir homilador bo‘lgani uchun ta’tilga chiqib ketsa, yana kimdir rahbariyatning noxolis muomala-munosabatidan aziyat chekadi.
Keyingi yillarda korporativ dunyoda xotin-qizlarga nisbatan munosabat bir qadar o‘zgarayotgani kuzatilmoqda. Binobarin, ishchi kuchini diversifikatsiya qilish – daromadni oshirishning qulay yo‘li ekanini aksariyat kompaniyalar yetakchilari tushunib yetmoqda. Biroq xotin-qizlarning ilm-fan sohasida jadal sur’atlarda ilgarilashi yo‘lida hali-beri to‘siqlar bisyor. Shunday g‘ovlardan biri – zarur darajada ta’lim olish imkoniyatining cheklanganligidir.
YUNESKO ekspertlarining fikricha, xotin-qizlar raqamli iqtisodiyotning uzviy bir qismiga aylanishlari darkor. Toki, To‘rtinchi industrial inqilobda gender tengsizlik kabi nomaqbul an’anaga o‘rin qolmasin.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 11.02.2025
- Ko'rishlar: 991
- Chop etish