13-mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, «Yuksalish» harakati, Barqaror rivojlanish markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Ushbu hamkorlik tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashida belgilab berilggan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, «Yuksalish» harakati, Barqaror rivojlanish markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi rahbarlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan dastavval davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi kurash masalasida mutasaddi tashkilotlarning ishidan qoniqmaganligini bildirib, fuqarolik jamiyati institutlarining ham faol emasligiga alohida to‘xtalganiga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirishda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiyalar berish tartibini soddalashtirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lish uchun yanada ko‘proq sharoit yaratib, bunga keng jamoatchilikni jalb qilish, o‘zaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘plab amaliy takliflar ilgari surildi.
Qonunchilik palatasining Qo‘mitasi ushbu yo‘nalishda o‘z oldiga bir qator aniq maqsadlarni qo‘ygani ta’kidlandi.
Birinchidan, Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi, aql va tahlil markazlari salohiyatidan keng foydalangan holda mahallaning o‘zida korrutsiyani keltirib chiqarayotgan omillar va manbalarni sohaviy o‘rganish, bunda mahalla yettiligi tizimidan unumli foydalanib, joylarda fuqarolar duch kelayotgan korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni aniqlash, o‘rganish orqali qonunchilikka takliflarni tayyorlash hamda davlat idoralariga tegishli tavsiyalarni berishda tashabbuskor bo‘lish talab etiladi.
Ikkinchidan, Qo‘mita deputatlari hamda qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolarini vazirliklar huzuridagi Jamoatchilik kengashlariga biriktirgan holda, har oyda bitta vazirlikning Jamoatchilik kengashi faoliyatini o‘rganib, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha huquqiy, amaliy yordam berish ko‘zda tutilmoqda. Bunday yondashuv korrupsiya, idoraviy manfaatlar va byurokratik to‘siqlardan to‘liq holi bo‘lishi yuzasidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatiladi.
Uchinchidan, doimiy ravishda nodavlat tashkilotlarni qiynayotgan byurokratik to‘siqlarni o‘rgangan holda, jamiyatimizda korrupsiyaga toqat qilmaslik muhitini yaratishda ularning jamoatchilik nazoratini olib borishda faollik ko‘rsatish shart.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, uning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va ahamiyatini tubdan yuksaltirish sohasida tashkiliy-huquqiy asoslar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirilgani e’tirof etildi.
Ayniqsa, davlat rahbarining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan ko‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni Yangi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining asosiy institutlari rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqdi. Jumladan, asosiy konseptual vazifalar fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirish, davlat va jamiyat taraqqiyotida “uchinchi sektor”ning salohiyatidan to‘laqonli foydalanish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgani juda muhim.
Aslida, «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, «Yuksalish» harakati, Barqaror rivojlanish markazi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan memorandum imzolashning asosiy maqsadi ham ushbu sohalarda qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirishdan iborat. Shu asnoda huquqiy madaniyatni oshirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash va Qo‘mita faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlik doirasida bir nechta yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan:
-
qonun loyihalarini ishlab chiqish, nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish, qonun loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash jarayonlarida takliflar almashish;
-
Qo‘mitada tegishli ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bildirgan takliflar muntazam tahlil qilib borilishini ta’minlashda ko‘maklashish;
-
qonun ijodkorligi sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchilikga implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda Qo‘mitaga taqdim etish kabi masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Yig‘ilish yakunida o‘zaro manfaatli dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda konferensiya, seminar-trening, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish ham muhim ahamiyatga egaligi qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.03.2025
- Ko'rishlar: 726
- Chop etish