10-mart kuni Parij shahrida “Ilm-fan va taʼlim: Oʻzbekiston-Fransiya koʻprigi” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fransiya Respublikasi Oliy taʼlim, tadqiqotlar va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir taʼlim va ilm-fan sohasidagi mustahkam ikki tomonlama aloqalarimiz hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam ekanligini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston va Fransiya oliy taʼlim muassasalarining hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida gapirishdan oldin ikki xalq oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va madaniy aloqalariga toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Maʼlumki, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va oʻrni kundan-kunga oshib borayotgan bir paytda, mamlakatimizning Yevropa davlatlari, xususan Fransiya bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda. Taʼkidlash joizki, ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohadagi aloqalar bugun yoki kecha boshlangan emas, balki uzoq tarixga ega.
Xususan, oʻrta asrlarda Amir Temur 1402-yilda Usmoniylar sultoni ustidan gʻalaba qozongach, Amir Temurni ushbu gʻalaba bilan Fransiya qiroli Karl VI (1380-1422 yy.) tabriklab, unga maxsus maktublar yuborganlar. Ushbu tarixiy voqealardan guvoh boʻlamizki, xalqlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari qariyb olti asrdan buyon davom etib kelmoqda. Ayniqsa, bu xususida 2016-yilda taniqli fransuz olimi Lyusyen Keren va oʻzbekistonlik olim Akmal Saidov hammualliflikda yozgan “Amir Temur va Fransiya” asarida juda katta tarixiy maʼlumotlar keltirilgan.
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar maʼlumki, 1992-yil 1-martda oʻrnatilgan boʻlib, 1992-yil iyundan boshlab Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi, 1995-yil mart oyidan boshlab esa Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi faoliyat olib bormoqda. Shuni taʼkidlash joizki, Fransiya — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifini amalga oshirgan birinchi Yevropa mamlakatidir. Ikki mamlakat oʻrtasida koʻplab sohalarda samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu maqolada asosan ikki mamlakat oliy taʼlim tizimidagi hamkorligimizga toʻxtalib oʻtmoqchiman.
Respublikamiz bir necha oliy taʼlim muassalarida, jumladan Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Andijon davlat universiteti, Buxoro davlat universiteti, Qarshi davlat universiteti, Samarqand chet tillari instituti, Termiz davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti, Urganch davlat universiteti kabi bir qator universitet talabalari fransuz tilini ham asosiy ham ikkinchi til sifatida oʻrganmoqda. Bugungi kunda respublikamiz universitetlarida 15 000 dan ortiq yoshlar fransuz tilini oʻrganmoqdalar.
Respublikamizdagi aksariyat oliy taʼlim muassassasi Fransiya universitetlari bilan faol aloqalarni yoʻlga qoʻyganlar. Ayniqsa, Oʻzbekiston Milliy universiteti Sorbon Nuvel Parij 3, Tur universiteti, Serj Pontuaz universitei, Universitet Tuluz 3, Parij Sorbon Nord universiteti, Puatye universitetilari kabi oʻndan ortiq Fransiyaning ilgʻor universitetlari bilan yaqindan aloqa oʻrnatib talabalar va professorlar almashinuv dasturlarida ishtirok etmoqdalar, Erasmus+ grantlarida hamkorlik qilmoqdalar.
Oliy taʼlimdagi hamkorliklar asosan talabalar almashinuvi, profesorlarni oʻquv jarayoniga jalb qilish, qoʻshma taʼlim dasturlari ochish, hammualliflikda darsliklar yozish, xalqaro grantlarda birgalikda ishtirok etish kabi yoʻnalishlarda olib borilmoqda.
Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan taʼlim va madaniy hamkorliklar juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, oxirgi yillarda Toshkentdagi Fransiya elchixonasi va Fransuz Alyansida Frankofoniya bayrami keng nishonlanib kelmoqda, shuningdek talabalar Yevropa tillari kuni tadbirlarida faol ishtirok etadmoqdalar, elchixona tomonidan fransuz tili oʻqituvchilari uchun yozgi maktablar muntazam tashkil qilib borilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz poytaxtida “Alliance Française de Tachkent” fransuz til va madaniyat markazi samarali faoliyat olib bormoqda.
Oʻzbekiston Milliy universiteti yetakchi fransuz universitetlari bilan faol hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyib kelmoqda. Bunga yorqin misol sifatida CNRS (Fransiya Milliy tadqiqotlar markazi) va Puatye universiteti bilan hamkorligimizni keltirish mumkin. Ayniqsa OʻzMU Puatye universiteti bilan akademik mobillik dasturlari va inklyuziv taʼlim tashabbuslarini amalga oshirish boʻyicha strategik hamkorlikni rivojlantirmoqda. Joriy yilning fevralida universitetimiz professorlari Erasmus+ Staff Weyek dasturi doirasida Puatye universitetida maʼruzalar oʻqidilar, bu esa akademik hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi. Taʼkidlash joizki oxirgi uch yil ichida 20 nafardan ortiq talabalar Erasmus+ dasturi boʻyicha Tur, Puatye va Sorbonna IV kabi yetakchi universitetlarda akademik mobillik boʻyicha bir semestr davomida oʻqishga yuborildi, shuningdek 25 nafar oʻqituvchilar Fransiya universitetlarida stajirovka oʻtab qaytishdi. Sorbonna IV universiteti bilan ERASMUS-EDU-2022-CBHE-STRAND-2 – “INMACOM” loyihasi amalga oshirilib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Puatye, Bordo-Montan, Tur, Gavr, Lion II va Renn universitetlari bilan hamkorlik aloqalarimiz qoʻshma taʼlim tashabbuslarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ushbu yoʻnalishda muhim loyihalardan biri boʻlajak Oʻzbekiston-Fransiya universiteti doirasida bioinformatika va matematika yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlashga oid kelishuvdir. Shuningdek, Puatye universiteti prorektori va Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillarining yaqinda amalga oshirgan tashriflari ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Madaniy hamkorlik aloqalarimiz mustahkamlanishida muhim oʻrin tutadi. Fransuz tili va madaniyati anʼanaviy ravishda Oʻzbekistonda katta qiziqishga ega boʻlib, universitetlarimiz fransuz tilini chuqur oʻrganish va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni faol joriy etmoqda. 2024-yil noyabr oyida Oʻzbekiston Milliy universitetida Fransiya elchixonasining qoʻllab-quvvatlashi bilan butun respublika boʻylab fransuz tili oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kurslari oʻtkazildi. Fransiyalik yetakchi professorlarning qatnashishi zamonaviy oʻqitish metodikalarini qoʻllashni joriy etish imkonini berdi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida faoliyat yuritayotgan “Oʻzbekiston-Fransiya” doʻstlik jamiyati madaniy hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol oʻynamoqda. Jamiyat fransuz adabiyoti va sanʼatini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlarni tashkil qilmoqda. Toshkentdagi Fransiya alyansi bilan hamkorlikda tanlovlar, viktorinalar va tematik kechalar oʻtkazilib, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash va Oʻzbekistonda fransuz tilini rivojlantirishga hissa qoʻshmoqda. Yaqinda Frankofoniya xalqaro kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Fransiyaga sayohat” tadbiri fransuz tilini oʻrganayotgan talabalar va oʻqituvchilarni bir joyga jamladi, bu esa ikki davlat oʻrtasidagi madaniy hamkorlikning yuksak darajada ekanligidan dalolat beradi.
Bugun biz sunʼiy intellekt, barqaror rivojlanish, energetika va taʼlimni raqamlashtirish kabi zamonaviy sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat borligini koʻryapmiz. Shu munosabat bilan, kelgusi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator takliflarni bildirmoqchiman:
- Oʻzbekiston-Fransiya universiteti tarkibida fransuz-oʻzbek ilmiy tarjima markazini yaratish: Fransuzcha ilmiy va adabiy asarlarini oʻzbek tiliga hamda oʻzbek ilmiy va adabiy asarlarini fransuz tiliga muntazam tarjima qilib borilishini qoʻllab-quvvatlash. Akademik nashrlar almashinuvi uchun yagona baza yaratish.
- Oʻzbekiston-Fransiya universiteti doirasida ilgʻor raqamli texnologiyalar boʻlimini tashkil etish: Ushbu boʻlinmada sunʼiy intellekt, maʼlumotlar tahlili, raqamli iqtisodiyot va boshqa zamonaviy innovatsiya sohalarida fransuz-oʻzbek olimlari tomonidan tadqiqotlar olib boriladi.
- Fransuz tilidagi taʼlim dasturlarini kengaytirish: Biotexnologiya, tibbiyot fizikasi, kimyo, sunʼiy intellekt va muhandislik yoʻnalishlarida qoʻshma bakalavr va magistr dasturlarini joriy etish, bu esa talabalarning ikki davlat oʻrtasidagi akademik mobilligini kuchaytiradi.
Ushbu konferensiya doirasida Oʻzbekiston Milliy universiteti Fransiya tomoni bilan bir qancha bitimlar imzoladi:
- Oʻzbekiston-Fransiya konsorsium universitetlari doirasida Oʻzbekiston Milliy universiteti va Puatye universiteti bilan hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim. Bunda Puatye universitetida ilm va taʼlim sohasida talabalar akademik mobillik, professor-oʻqituvchilar va doktorantlar stajirovka va malaka oshirishga yuborish yoʻlga qoʻyiladi (2025-2026, 2026-2027 oʻquv yillarida).
- Oʻzbekiston milliy universiteti bilan Parij XIII Shimoliy Sorbonna universiteti oʻrtasida akademik mobillik toʻgʻrisidagi bitim. Bunda Parij XIII Shimoliy Sorbonna universitetining professor-oʻqituvchilar bilan birgalikda ishlash, malaka oshirishga yuborish (10 nafar professor-oʻqituvchi), shuningdek lingvistika, ijtimoiy fanlar, etnologiya, huquq, iqtisod, matematika, fizika yoʻnalishlari boʻyicha bakalavr va magistr yoʻnalishida qoʻshma talim dasturlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar olib borildi.
- OʻzMU va ASIE xalqaro birdamlik va taʼlim assotsiatsiyasi oʻrtasida akademik mobillik toʻgʻrisidagi bitim. Mazkur bitim doirasida “Objectifs du Développement Durable (ODD) — Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)” doirasida xalqaro yoshlar loyihasi amalga oshiriladi. Unda OʻzMU ASIE xalqaro assosiatsiyasi fondi orqali har yili 10 nafar talaba va 1 nafar oʻqituvchini Fransiyaga joʻnatadi. Shuningdek, 10 nafar fransuz talabalari va 2 nafar fransuz mutaxassislari OʻzMUda boʻlib oʻtadigan “Xalqaro yoshlar yozgi maktabiga” ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Sh.Toshmatov
Oʻzbekiston Milliy universiteti
oʻquv ishlari boʻyicha prorektor
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»