25-mart kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Yer soati” respublika aksiyasida ishtirok etdi: davlat tashkiloti binosida shu kuni elektr energiyasi ta’minoti bir soatga to‘xtatildi.
Ushbu aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan muhim sanalar bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar kalendar-rejasi” doirasida tashkil etildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan aksiyaning maqsadi – tabiiy resurslarni asrash, tejamkorlikka rioya qilish va shu orqali sayyoramizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdir. Qolaversa, "Yer soati" aksiyasi iqlim o‘zgarishlari va Yer yuzining yorug‘likdan ifloslanishi muammolariga e’tibor qaratishga yo‘naltirilgan.
Binobarin, “Yer soati” har yili xalqaro miqyosda o‘tkaziladigan yirik ekologik aksiya hisoblanadi. Mazkur tadbirga 2007-yilda Jahon yovvoyi tabiat fondi (WWF) tomonidan asos solingan. Tashkilotchilar ekologik muammolardan tashvishlanish ramzi sifatida sayyora aholisini 60 daqiqaga chiroqlar va maishiy elektr uskunalarini o‘chirib qo‘yishga chaqiradi.
Bu bejiz emas. Chunki bugungi kunda sayyoraviy ko‘lamdagi uchta tahdid – iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatning buzilishi butun xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda. Ekologik tahdidlar, bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor 2021-yilda musaffo, sog‘lom va barqaror atrof-muhit – inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani xuddi shu omillar bilan chambarchas bog‘liq. Bu sohada BMT Maxsus ma’ruzachisi maqomi ham ta’sis etilgan.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili, deb e’lon qilingani mantiqan asosli hamda har tomonlama maqbul qarordir. Bu boradagi Davlat dasturida, jumladan, 2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilab berildi.
Bu o‘rinda, xususan, aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish orqali mamlakatimizda «Ekofaol fuqaro» hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Bir million yashil oila» umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish va aholi orasida targ‘ib qilish tashabbusi haqida so‘z bormoqda. Bunda:
-
aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, xususan, tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom ovqatlanish, kunlik yurish va yugurishni targ‘ib qilish;
-
«yashil transportda», shu jumladan, velosipedda harakatlanishni rag‘batlantirish;
-
plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
-
oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
-
suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;
-
chiqindilarni turlariga qarab saralashni yo‘lga qo‘yish masalalari ushbu tashabbusning asosiy tamoyillari etib belgilandi.
Shuni ham qayd etish joizki, “Yer soati” respublika aksiyasi doirasida davlat organlari va tashkilotlarida elektr energiyasi bilan ishlaydigan texnikalar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning hududiy korxona va filiallari tomonidan tarmoqdan majburiy uzib qo‘yilmadi. Ya’ni, yurtimizning barcha davlat organlari va tashkilotlari qatori Milliy markaz ham ushbu aksiyada ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: joriy yil 26-mart kuni Toshkent, Nukus shaharlari hamda mamlakatimizning barcha viloyat markazlarida yana bir ekologik aksiya – navbatdagi "Avtomobilsiz kun" aksiyasi o‘tkaziladi. Shu kuni barcha davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga, yurtdoshlarimizga shaxsiy transport vositalaridan voz kechib, atrof-muhitni ifloslantirmaydigan jamoat transporti, velosiped va boshqa texnika vositalaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Avtomobillardan chiqayotgan zararli tashlamalar atrof-muhitni ifloslantiradigan doimiy manba hisoblanadi. Shuning uchun shaxsiy transport vositalaridan foydalanmaslik atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish, tirbandlikni kamaytirish va shaharlardagi ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 25.03.2025
- Ko'rishlar: 398
- Chop etish