MARTIN CHUNGONG: TOSHKENT DEKLARATSIYASI PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOEV NUTQIDAN ILHOMLANIB YARATILDI

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibining «Yuzma-yuz+» loyihasi uchun bergan intervyusi

 

– Hurmatli Chungong janoblari! Suhbatimiz avvalida O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanganingiz munosabati bilan Sizga samimiy tabrik­larimizni izhor etamiz. Bu yuksak e’tirof Sizning O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, muhim qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdagi ko‘p yillik samarali fao­liyatingiz, shuning­dek, mamlakatimiz xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy ­sa’y-harakatlaringiz natijasidir. Aytingchi, mukofotni qabul qilayotganda ko‘ng­lingizdan qanday his-tuyg‘ular kechdi?

 

– Avvalo, Siz yaratib berayotgan suhbatlashish imkoni uchun minnatdorlik bildiraman. Bugun anchadan beri butun vujudim bilan his etayotgan, ammo dilimdan tilimga ko‘chmagan ayrim fikrlarni ifoda etish baxtiga muyassar bo‘lib turibman.

Men uchun O‘zbekiston – nainki jo‘g‘rofiy makon, balki ma’naviy yaqinlik, samimiyat timsoli. Zaminingiz bilan bog‘liq har bir muloqot, har bir tashrif, har bir qadam qalbimda iliq iz qoldirib keladi. Bu yurt va uning rahbariyati bilan muloqotlarim – men uchun katta sharaf. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan yuksak baho, menga ko‘rsatilgan do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatidagi e’tibor qalbimda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi.

Nazarimda, bu e’tirof faqat shaxsiy xizmatlarim emas, balki Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin hamkorlik samarasining yorqin ifodasidir. Biz parlamentlar orqali tinchlik, taraqqiyot va muloqot madaniyatini mustahkamlashdek ulkan maqsadlar sari birgalikda qadam tashlamoqdamiz.

2014-yilda ushbu tashkilot Bosh kotibi lavozimiga saylanganimda, o‘z oldimga barcha a’zo parlamentlar bilan xolis va teng muloqot o‘rnatishni maqsad qilib qo‘ygandim. Parlamentlararo ittifoqni dunyoda tinchlik, taraqqiyot va inson qadr-qimmatini ulug‘laydigan maydonga aylantirish men uchun eng asosiy vazifa, burchga aylangan.

Bu maqsadlarim Prezident Mirziyoyevning siyo­siy qarashlari bilan hamohang ekanini kuzatdim. U kishi 2016-yilda O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan bo‘lsa, men ikki yil avval hozirgi lavozimdagi faoliyatimni boshlagandim. Bir qarashda, vaqt nuqtayi nazaridan farq bor, ammo bir maqsad yo‘lidagi qarashlarimiz o‘ta yaqin.

Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari, parlamentarizmni rivojlantirishga qaratilgan harakatlari, inson manfaatlarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadigan xalqchil siyosati – barchasi men uchun ilhom manbaidir. Va men o‘z ishim, o‘z minbarim ana shu yuksak yo‘nalish­larga xizmat qilayotganidan mamnunman.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston dunyoda o‘rnak bo‘ladigan davlatga aylanib boryapti. Biz esa yurtingizning ana shu imijini butun jahonga yetkazish uchun birgalikda harakat qilyapmiz. Menga ko‘rsatilgan e’tiborni aynan shu umumiy sa’y-harakatlarimiz e’tirofi, deb hisoblayman. Va bu menga yangi kuch, yangi mas’uliyat baxsh etadi.

 

Toshkent qariyb bir hafta mobaynida global muloqot maydoniga aylandi. Ayting-chi, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasidek yirik anjumanni o‘tkazish uchun poytaxtimiz tanlanishida qaysi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi?

 

– Haqiqatan, juda to‘g‘ri ta’rif berdingiz. Toshkentdagi 150-Assambleya – katta siyo­siy voqelik. Biz uni «yubiley Assambleyasi», deb atadik. Chunki u nafaqat rivojlanish marrasi, balki yangi bosqichga o‘tish ramzi hamdir. E’tibor bering: Parlamentlararo ittifoq tarixida 149 ta majlis bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, bu – Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tgan Assambleya.

«Nega aynan Toshkentda o‘tkazildi?», degan savolingizga esa mening javobim aniq. Prezidentingizning parlamentarizmga bo‘lgan sadoqati, davlat rahbariyatining zamonaviy, ochiq va inklyuziv siyosat yuritishi bu tanlovni amalga oshirishimizga turtki bo‘ldi.

O‘zbekiston parlamentining faoliyati, uning yangilanish jarayonlari, xalq bilan muloqotga intilishi – barchasi xalqaro hamjamiyatda yuqori baholanmoqda. Biz buni O‘zbekiston parlamenti faoliyatini tahlil qilganimizda ham ko‘rdik. Bu borada O‘zbekiston parlamentlari vakillari, mutasaddilarining ham katta mehnati namoyon bo‘lganini alohida ta’kidlashni istar edim. Demak, yurtingizda kechayotgan davomli demokratik jarayonlar bizning global parlament hamjamiyatini O‘zbekistonga olib kelishimizga asosiy omil bo‘ldi.

Ikkinchi sabab mamlakatingizda turli sohalarda erishilayotgan yutuqlardir. O‘zbekistonda ko‘rsatishga, ko‘rishga, o‘rganishga, namuna olishga arzigulik ijobiy ishlar juda ko‘p. Biz uchun butun dunyo hamjamiyatini shu yerga olib kelish muhim edi – chunki bir tomondan, ular O‘zbekis­tonni kashf qilsin, tajriba almashish imkoniga ega bo‘lsin, bosh­­qa tomondan esa, O‘zbekis­ton ham global taj­ribalarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lsin.

Bu tadbir shunday bir og‘ir, sinovli payt­­da o‘tyaptiki, hozirgi dunyoda tinchlikparvar ovozlar, tashabbuslar nihoyatda zarur. Biz Prezident Mirziyoyevni, xalqingiz yo‘lboshchisini aynan shunday tinchliksevar tashabbus­larni, g‘oyalarni ilgari surayotgan lider sifatida bilamiz.

Bugun, ushbu tarixiy anjuman o‘z ishini muvaffaqiyat bilan yakunlagan bir pallada, bu fikrlarimiz naqadar to‘g‘ri ekaniga yana bir bor amin bo‘lib turibmiz. Parlamentlararo ittifoqning yubiley Assambleyasini O‘zbekis­tonda o‘tkazishga qaror qilganimiz nechog‘liq asosli va oqilona qaror bo‘lganini barcha birdek e’tirof etmoqda.  Biz ushbu sammit orqali nafaqat O‘zbekistonni dunyoga yangicha rakursda tanishtirdik, balki dunyo hamjamiyatini ham yurtingizga olib keldik. Bu ikki tomonlama foydali jarayon bo‘ldi.

Tinchlikka intilish, muammolarni muloqot orqali hal qilish madaniyati, davlat siyosatining fuqarolar farovonligi uchun safarbar qilinishi – bularning barchasi Prezident Mirziyoyevning anjumanda so‘zlagan nutqida ham yaqqol sezilib turdi. U kishi nafaqat mamlakat, balki mintaqaviy va jahon tinchligi uchun harakat qilayotgan yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi.

Bu Assambleya, shubhasiz, bugungi kunning siyo­siy tarixida o‘chmas iz qoldiradi. Va u – O‘zbekistonning xalqaro parlament diplomatiyasida tutgan o‘rnini yangi bosqichga olib chiqadi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

Darhaqiqat, Assambleyaning Toshkentda o‘tkazilishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbus­lari muhim ahamiyat kasb etganini to‘g‘ri e’tirof etdingiz. Prezidentimizning Assambleya minbaridan turib so‘zlagan nutqida aks etgan tashabbuslar va g‘oyalar haqidagi fikrlaringizni ham bilmoqchi edik.

 

– Men Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarashlari Parlamentlararo ittifoqning asosiy tamoyillari bilan uyg‘un ekanini hamisha ta’kidlab kelaman. Mamlakatingizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib boraman. Ijtimoiy tarmoqlarni diqqat bilan o‘qiyman, televideniye orqali voqealarni kuzataman, bu yurt taraqqiyotini muntazam tahlil qilaman.

7-aprel kuni Assambleya yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlagan nutq esa, bu inson, uning siyosati va faoliyati haqida ilgari bilganlarimizni yana bir bor tasdiqladi. U kishi o‘zining strategik maqsadlari va qarashlari Parlamentlararo ittifoqning maqsad hamda tamo­yillari bilan uyg‘un ekanini aniq aytdi.

Assambleya yalpi majlisidagi nutq – faqat ritorik chiqish emasdi. Bu, ayni paytda, dunyo­dagi eng dolzarb muammolar yuzasidan yuksak burchni his etish, tinchlikka da’vat va parlament diplomatiyasini amaliyotga joriy qilishga qaratilgan chaqiriq edi.

Prezidentning G‘azo, Ukraina, Afg‘onis­ton kabi mojaroli hududlar bo‘yicha bildirgan ­fikrlari, muloqot va kelishuvni eng katta qad­riyat sifatida ko‘rsatgan bayonotlari Parlamentlar­aro ittifoq ruhi bilan hamohang.

Shavkat Mirziyoyev muloqotning, ochiq fikr almashuvning, hamkorlik asosida muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishning qadr-qimmati va muhimligini ta’kidladi.

Imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yaqinda imzolangan uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma bilan tabriklamoqchiman. Men ushbu tarixiy ahamiyatga ega tashabbus aynan Prezident Mirziyoyevga tegishli ekanini juda yaxshi bilaman. Bu esa uning nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki dunyo miqyosida tinchlikni targ‘ib etishga qodir yetakchi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Boshqa muhim jihat – ijtimoiy adolat va qashshoqlikni kamaytirish masalasi. Prezidentingiz o‘z nutqida «Kambag‘allikdan farovonlik sari» degan fikrni ilgari surdi. Shaxsan men buni ilhomlantiruvchi, zamonaviy davlat boshqaruvining gumanistik qiyofasini namoyon etuvchi da’vat sifatida qabul qildim. Eng muhimi, u kishi «yashil rivojlanish» haqida to‘xtaldi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik mas’uliyatni ham nazarda tutadi. Bunday yorqin fikrlar XXI asr parlamentarizmi qanday bo‘lishi kerakligini belgilab berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

– Siz bu kabi sammitlarda ko‘p bor ishtirok etgansiz. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Assambleyaning o‘ziga xos jihatlari, global dunyo va parlamentarizm uchun ahamiyatini nimalarda ko‘rasiz?

 

– Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-Assamb­leya – shunchaki oddiy yig‘ilish emas. Bu – inson tafakkuri, davlatlar munosabati, jahon ­diplomatiyasini yangilashga qaratilgan tarixiy voqelik.

Birinchidan, bu sammit orqali biz global parlament hamjamiyatini O‘zbekistonga olib keldik. Davlatingiz an’analar va yangilanish o‘rtasida muvozanatni topgan mamlakat sifatida boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan ko‘plab ­loyihalarni amalga oshirmoqda.

Ikkinchidan, sammit paytida 140 ta parlament delegatsiyasi davlatingizdagi islohotlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi. Ular O‘zbekiston parlamenti Prezident ­Mirziyoyev boshchiligida qanday mustahkamlanayotganiga, parlamentning faoliyati va ta’sir doi­rasi kengayib borayotganiga guvoh bo‘lishdi.

Bularning barchasi so‘zdagina chin aks etayotgan jarayonlar emas. Amalda o‘z vakolatlarining bir qismini parlamentga topshirgan davlat rahbari kamdan kam topiladi. Buni demokratik qadriyatlarga sadoqat ramzi, deb bilaman.

Ayniqsa, ayollar va yoshlar vakilligining o‘sishi – parlamentning inklyuzivligini, jamiyat manfaatlarini to‘liq ifoda etayotganini ko‘rsatadi. Bizning tashkilot uchun eng ahamiyatli yo‘nalishlar aynan shu – tenglik, inklyuzivlik va fuqaro manfaatlarini ifoda etish.

Shuningdek, Parlamentingiz tobora yosharmoqda. Men Prezident Mirziyoyev bilan ilk bor 2021-yili uchrashganman. O‘sha paytda biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kampaniyasini endigina boshlagan edik. Va men u kishidan: «Janob Prezident, iltimos, Parlamentlararo ittifoqning ushbu kampaniyasini qo‘llab-quvvatlang, unga hissa qo‘shing», deb so‘ragandim. U kishi esa darhol «Xo‘p» deb javob bergan edi. Bugun ana shu va’daning natijasi parlamentingiz tarkibida yoshlar ham ­ko‘pligida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

 

– Assambleyada ko‘rib chiqilgan, muhokama qilingan masalalar yuzasidan Toshkent Deklaratsiya­­si qabul qilindi. Ushbu deklaratsiyaning umuman dunyo uchun, qolaversa, parlamentarizm kelajagi uchun ahamiyatini qanday baholaysiz?

 

– Biz yurtingizda global boshqaruvning muhim yo‘nalishi – ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolatni qo‘llab-quvvatlashda parlamentlar va deputatlarni safarbar qilish uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqish niyatida edik. Zero, parlamentlar yanada adolatli va teng jamiyat qurish, taraqqiyot jarayonida hech kim ortda qolmasligiga erishish yo‘lida xizmat qiladi.

Shu bois biz uchun mazkur hujjatda ana shu orzu-intilishlarning aks etishi juda muhim va tabiiy edi. Biz ushbu hujjat mazmun-mohiyatidan juda mamnunmiz. Uni 150-Assamb­leya tomonidan bir ovozdan, hatto olqishlar ostida ma’qullangani biz uchun katta ahamiyatga ega. Endilikda biz ushbu hujjatdan parlamentlarni ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan siyosatlarni ishlab chiqish, resurslarni ajratish bo‘yicha yanada faol ishlashga undash vakolati sifatida foydalanamiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlaydigan mexanizmlarga ehtiyoj borligini alohida ta’kidlab o‘tdi. U bandlik, yoshlar uchun ta’lim kabi tashabbuslar haqida gapirdi. Bu tashab­buslarning barchasi Toshkent Deklaratsiyasida o‘z aksini topgan. U, shubhasiz, Prezident ­Shavkat Mirziyoyev nutqidan ilhomlanib yaratilgan desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biz bu hujjat parlamentarizm fazilatlarini juda aniq ifodalagan, deb hisoblaymiz. Unda parlamentlar global sahnadagi mavqeini mustahkamlashi, murakkab muammolarni hal etishda muhim rol o‘ynashi kerakligi yaqqol aks etgan.

Shuning uchun biz ushbu Assambleya ishtirokchilariga bunday muhim hujjatni qabul qilganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Deklaratsiyada qayd etilgan g‘oyalar insoniyat kelajagiga xizmat qiladi. Uning Toshkentda yaratilishi – jahon parlament hamjamiyatining sa’y-harakatlariga munosib tuhfa bo‘ldi.

 

– O‘zbekiston 2017-yildan Parlamentlararo ittifoq faoliyatidagi ishtirokini qayta tikladi va qisqa vaqt ichida uning faol hamda hurmatga sazovor a’zosiga aylandi. Sizningcha, O‘zbekistonning parlamentlararo muloqotni rivojlantirishdagi hissasi qanday? Qaysi yo‘nalishlar keyingi hamkorlik uchun poydevor yaratishi mumkin? Toshkentni global parlament tashabbuslari uchun doimiy maydonchaga aylantirish mumkinmi?

 

– Ochiq tan olib aytishim kerak: Toshkentda bo‘lib o‘tgan yubiley Assambleyasi Parlamentlararo ittifoq tarixidagi eng muvaffaqiyatli anjumanlardan biriga aylandi. Qo‘limda ushbu 150-Assambleya munosabati bilan nashr etilgan kitob turibdi. Men shunchaki uning sarlavhasini o‘qib bermoqchiman. U O‘zbekiston qaysi nuqtada turganini tushunishga yordam beradi: «Parlament yo‘llari: Parlamentlararo ittifoqdagi ovozlar solnomasi, 2020−2023».

Bu yerda ikki jihat bor. Birinchidan, bugungi global jarayonlarda xalqlar ovozi eshitilishi uchun, eng avvalo, parlamentlar va parlament a’zolari xalqaro maydonda o‘z ovozlariga ega bo‘lishlari kerak. Bu Parlamentlararo ittifoq tomonidan parlamentlar va parlament a’zolarini BMT, Jahon savdo tashkiloti yoki boshqa global boshqaruv institutlari kabi xalqaro jarayonlarda ishtirok etishga ko‘maklashish orqali amalga oshiriladigan parlamentlararo hamkorlikning bir jihatidir.

Ikkinchi jihat esa parlament diplomatiyasiga taalluqli. Chunki parlamentlar – xalqni ifodalaydi, ular qayerda og‘riq borligini yaxshi biladi.

Ikki davlat urush holatida bo‘lsa, oddiy fuqarolar eng ko‘p aziyat chekadi. Parlamentlar ana shu fuqarolar manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois dunyo bo‘ylab turli mamlakatlar parlamentlariga o‘zaro muloqot uchun ko‘prik qurish imkonini berish niyatida biz parlament diplomatiyasini ilgari surishga alohida e’tibor qaratganmiz.

O‘tgan yili ilk bor ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik jarayoniga hissa qo‘shish, o‘zaro munosabatlarni tiklash jarayonini tezlashtirish uchun Armaniston va Ozarbayjon parlamentlari spikerlarini bir joyga yig‘dik. Bu tarixiy voqea edi. Bu, ayni paytda, 1889-yilda Parlamentlararo ittifoq tashkil etilganida, ta’sischilarimiz Frederik Passi va Rendolf Kreymer ta’kidlagan g‘oyaga mos keladi: urushga kirish kerak emas, shunchaki stol atrofida o‘tirib, farqlar haqida bahslashish va umumiy yechim topish lozim.

Aynan shu g‘oya ikki Koreya bilan olib borayotgan ishlarimizga ham asos bo‘lyapti. So‘nggi bir necha yil ichida biz Koreya yarimorolidagi ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlarni tiklashga harakat qilib kelyapmiz. Toshkent Assambleyasi davomida ham biz ular bilan muzokaralar olib bordik. Shimoliy Koreya parlamenti besh yillik tanaffusdan so‘ng Parlamentlararo ittifoqqa qayta qo‘shildi.

Yaqin Sharq masalalarini ham tilga olib o‘tmoqchiman. Parlamentlararo ittifoq doirasida bu kabi muammolar, jumladan, G‘azodagi voqealar tahlili bilan shug‘ullanadigan maxsus qo‘mita faoliyat ko‘rsatyapti. Shuningdek, Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan maxsus ishchi guruhimiz ham bor.

Qaysi joyda mojaro bo‘lsa, qayerda keskinlik bo‘lsa, biz parlamentlarni o‘sha yerga borishga, diplomatiya, parlament diplomatiyasini targ‘ib etishga undab kelyapmiz. Bu, menimcha, juda ajoyib g‘oya. Men shaxsan shunday tashabbuslarda ishtirok etganim uchun bu jarayonni bag‘oyat qadrlayman.

Masalan, Rossiya va Ukraina o‘rtasida xalqaro darajada ham, boshqa jihatdan ham aloqa juda kam. Lekin Parlamentlararo ittifoq doirasida ular hamon muloqotda, chunki ular parlament diplomatiyasining ahamiyatiga ishonishadi. Bu biz uchun juda muhim. Biz Toshkentga aynan shuning uchun keldik. Bir hafta davomida mamlakatingiz parlament diplomatiyasining poytaxtiga aylandi.

Sizlar barcha davlatlar bir joyga yig‘ilib, o‘zaro muloqot qilishi, turli fikrlarga umumiy yechim topishi uchun imkon yaratdingiz. Biz bundan nihoyatda mamnunmiz.

 

– Toshkentdagi forumning tashkiliy darajasini qanday baholaysiz? O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoq rahbariyati ta’kidlab kelayotgan ochiq va mazmunli muloqot muhitini yaratishga erishdi, deb ayta olasizmi?

 

– Sizga bir «sirni» ochaman. Men Prezidentingizga hazil qilib, shunday dedim: «Janob Prezident, siz bilan bir yildan buyon tun-kun tinimsiz ishladik. Men ham o‘zimni o‘zbekistonlik, O‘zbekiston parlamenti vakilidek his qila boshladim», dedim. U kishi «buning uchun sizga alohida tashakkur aytaman», dedilar. Ammo jiddiy aytadigan bo‘lsak, buning zamirida katta mehnat, samimiy muloqot va o‘zgarishga bo‘lgan umumiy ishtiyoq yotibdi.

Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Assambleyada bu darajada katta ishtirok bo‘lishiga boshida uncha ishonqiramagan edik. Lekin natija kutilganidan-da a’lo bo‘ldi. Kuzatuvchilar va assotsiatsiya­langan a’zolarni hisobga olmaganda, 140 ta milliy parlament delegatsiyasi ishtirok etdi.

Bu juda katta muvaffaqiyat. Faqat shu emas – bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar ham juda muhim. O‘zbek xalqi va uning rahbariyati ushbu anjuman muvaffaqiyatli o‘tishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratdi. Konferensiya zali, transport, boshqa logistika masalalari juda yuqori darajada tashkil etildi. Lekin raqamlar ortida bizni hayratga solgan va ilhomlantirgan jihat – bu yerdagi samimiylik, ochiqlik va muhokamalarning ma’naviy mazmunidir.

150-Assambleya davomida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi, shuningdek, Falastin – Isroil muammosiga bag‘ishlangan rezolyutsiya global parlamentlar tinchlik va adolat tarafdori ekanini yana bir bor isbotladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi nizo yechimi borasidagi tinchlikparvar qarashlarimiz aynan Toshkentda rasman tasdiqlandi.

Assambleya davomida 70 dan ortiq yondosh tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Eng muhimi, har bir delegat o‘zini qiziqtirgan mavzuda ishtirok etish, fikr bildirish imkoniga ega bo‘ldi. Biz, masalan, parlamentlarning metan gazi chiqindilarini kamaytirishdagi roli haqida ham muhokamalar o‘tkazdik. Zero, bu masala ham parlamentlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan vazifalaridan biridir.

Assambleya doirasida qator tarixiy sanalarni, xususan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligini nishonladik. Bu hujjat gender tengligini ilgari surish uchun asosiy dastur hisoblanadi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoq doirasida ayollar harakatining 40-yilligi ham nishonlandi. Mamlakatingiz rahbariyati bu jarayonda faol ishtirokchiga aylandi.

Biz yoshlarning parlamentda ishtirok etishi bo‘yicha kampaniyani aynan shu yerda – Toshkentda boshlaganmiz. Va men Prezident Mirziyoyevdan bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun g‘oyat minnatdorman. U ushbu kampaniyani qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlat rahbari bo‘ldi.

Bularning barchasi Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Shuning uchun go‘yoki har safar biz yangi kampaniya boshlasak, O‘zbekistonga kelishimiz kerak, chunki bu yerda bizda mustahkam poydevor bor. Ishonch bilan ayta olamanki, endi bu shahar parlament diplomatiyasining yuragi sifatida tilga olinadi.

 

Siz intervyularingizdan birida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qambag‘allikdan chiqarish dasturining ahamiyatiga yuksak baho bergansiz. Parlamentlararo ittifoqning inson salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan qadriyatlariga mos keladigan yana qanday tashab­buslarni e’tirof etgan bo‘lardingiz?

– Prezident Mirziyoyev ilgari surayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi – jonli siyosat namunasi. Bu statistik ko‘rsatkichlar yoki strategik rejalar emas, balki fuqaro hayotining yuragiga qaratilgan amaliy harakatlar tizimidir. Bunday siyosiy iroda va parlamentga berilgan qo‘shimcha vakolatlar mamlakatda yangi ijtimoiy yondashuv lokomotiviga aylangan. Bugungi Parlamentingiz faqat qonun chiqaradigan emas, balki odamlar dardini tinglaydigan, ularni himoya qiladigan minbarga ham aylanyapti. Parlamentlararo ittifoq bu kabi tashabbuslarni olqishlaydi va barcha a’zo mamlakatlarga ham shunday harakatlarni tavsiya qiladi.

Ha, bu anjuman – faqat uchrashuvlar emas, balki o‘zaro tajriba, fikr-mulohaza almashish maydoniga aylandi. Va’da beramanki, Toshkent deklaratsiyasi qog‘ozlarda qolib ketmaydi. Biz uni BMTga yetkazamiz va boshqa xalqaro tashkilotlar orqali parlamentlar faoliyatiga joriy etamiz.

 

– Kecha yakunlovchi sessiyadagi ma’ruzangizda «Tashkilotimiz o‘z tajribasini yanada orttirib boradi, 77 ta turli uchrashuvlar orqali global kun tartibiga hissa qo‘shdik, deya ayta olamiz», deb alohida ta’kidladingiz. Toshkentda bo‘lib o‘tgan Assambleya haqida xulosalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

 

– Assambleyaning eng muhim yutug‘i – jahon parlamentlari o‘rtasidagi intellektual va ma’naviy yaqinlashuv bo‘ldi. 77 ta uchrashuv, o‘nlab rezolyutsiyalar va aniq dasturlar orqali biz global kun tartibiga real ta’sir ko‘rsatdik.

Biz bu yerda gender tengligi, tinchlik, iqlim o‘zgarishi, salomatlik, terrorizmga qarshi kurash, ekstremizmni ildizidayoq bartaraf etish haqida gapirdik. Undan ham muhimi, bu mavzular yuzasidan bir-birimizni tingladik, bahslashdik, yagona to‘xtamga keldik yoki kelisha olmasak ham, bir-birimizga hurmat bilan qarashni o‘rgandik. Bu parlament diplomatiyasining eng go‘zal jihatidir.

Sun’iy intellekt masalasi, yangi texnologiyalardan foydalanish, Prezident ­Mirziyoyev ta’kidlaganidek, zamonaviy jamiyatning axloqiy muvozanatini saqlash uchun mas’uliyat talab qiladi. Biz bu fikrni ham qabul qildik, ham o‘rgandik, ham tarqatdik.

Ha, biz realist bo‘lishimiz kerak: har bir masala yuzasidan umumiy kelishuvga erishish – imkonsiz. Ammo, eng muhimi, fikrimiz turlicha bo‘lsa-da, bir maqsad sari intilishimizdir.

Shaxsan men uchun bu anjuman professional hayotimdagi eng ilhomlantiruvchi pallalardan biri bo‘ldi. Toshkent qalbimizga parlament muloqotining eng samarali bosqichi sifatida muhrlanadi.

 

Husan ERMATOV suhbatlashdi

Powered by GSpeech