Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakilining mamlakatimiz xotin-qizlari huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan maqolasi yurtimizda davriy asosda chop etiladigan huquqiy nashrda e’lon qilindi. Muallif bugungi kunda O‘zbekiston xotin-qizlari jamiyat va davlat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarda faol ishtirok etayotganini ta’kidlagan.
Bu o‘rinda Milliy markaz Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Farida Haqberdiyevaning maqolasi haqida so‘z bormoqda. Ushbu maqola “Oila, jamiyat, davlat tayanchi va ishonchi” deb nomlangan bo‘lib, “Qalqon” jurnalining 2025-yil mart sonida chop etildi.
Maqolada qayd etilganidek, 1995-yil 15-sentyabrda Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30-yilligi joriy yilda dunyoning barcha taraqqiyparvar mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida turli tadbirlarni o‘tkazishga kirishdi.
Joriy yilda mamlakatimizda aholi, jumladan, xotin-qizlarning salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida bir qator ta’sirchan chora-tadbirlarni izchillik bilan amalga oshirishga kirishildi. Xususan, “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu boradagi ustuvor vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilab berildi.
Davlat dasturining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash”, deb nomlangan 25-maqsadida ushbu yo‘nalishdagi bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan. Ayni muhim omil ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida xotin-qizlarimiz alohida o‘rin tutishini yaqqol anglatib turibdi.
Maqola muallifining xulosa qilishicha, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ularning o‘z salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.04.2025
- Ko'rishlar: 308
- Chop etish