(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi Abdumannop Raximovning “Yangi O‘zbekistonda parlament islohotlari” nomli monografiyasini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)
Jahon hamjamiyatida O‘zbekistonga qiziqish va e’tibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga bo‘lgan ishonch tobora ortib bormoqda. Yangi O‘zbekiston - samarali zamonaviy parlamentarizm instituti faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakat sifatida qaror topmoqda. Hokimiyat vakolatlari bo‘linishi, ular o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash konstitutsiyaviy prinsiplarini izchil amalga oshirish, xalq hokimiyatini, parlamentarizmni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlash, siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar jadal davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak”.
Bugungi kunda Oliy Majlisning davlat hokimiyati organlari tizimidagi konstitutsiyaviy roli yanada oshmoqda, uni tarkibiy bo‘linmalarining mas’uliyati yanada kuchaymoqda, mamlakat ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalarini hal etishda, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda parlamentning vakolatlari yanada kengaytirilmoqda. Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati takomillashtirilib, to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga soluvchi qonun normalarini qabul qilish amaliyoti mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi, yuridik fanlar nomzodi Abdumannop Raximovning “Yangi O‘zbekistonda parlament islohotlari” nomli monografiyasi aynan mamlakatimizda yangi parlamentarizmning shakllanishi va rivojlanishi bilan bog‘liq islohotlar mohiyati, mazmuni, maqsad va vazifalari, Yangi O‘zbekiston parlamentining konstitutsiyaviy maqomi kabi masalalarni ilmiy muhokama qilishga bag‘ishlangan. Aytish joizki, A.Raximov ilmiy-nazariy tajribaga ega olim bo‘lishi bilan birga, yuqori malakali amaliyotchi huquqshunos hamdir. U uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi lavozimlarida ishlagan va parlamentni isloh qilish muammolarini sirtdan emas, balki jarayonning bevosita ishtirokchisi sifatida o‘rgangan. Shu bois, mazkur monografiya muallifning ko‘p yillik ilmiy hamda amaliy faoliyati davomida to‘plangan bilim va tajribalari mahsuli ekanligini ta’kidlash muhim.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda parlament taraqqiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar huquqiy fan va amaliyot uchun alohida ahamiyatga ega. Yangi O‘zbekiston parlamentining davlat hokimiyati bo‘g‘ini sifatida nazariy-konseptual jihatlari, Oliy Majlisning huquqiy maqomini, uning funksiyalari, davlat hokimiyatining boshqa bo‘g‘inlari bilan o‘zaro munosabatlari, samaradorligini oshirish masalalarini tahlil qilish dolzarb ilmiy tadqiqot mavzusidir.
Parlament tushunchasi davlat tuzumida qonun chiqaruvchi hokimiyat organining davlat taraqqiyoti yo‘lini belgilashdagi ustun mavqeini, Vazirlar Mahkamasini shakllantirish va uning siyosiy-huquqiy javobgarligi masalasida qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar vakolatlari aniq belgilanganligini ifodalashda qo‘llaniladigan tushunchadir. Bunday davlat tuzumiga nisbatan odatda parlamentarizmga asoslangan tuzum deb aytiladi.
Biroq davlat hokimiyati organlari tizimida parlament instituti mavjudligining o‘ziyoq hali konstitutsiyaviy tuzumda parlamentarizm xususiyati mavjudligini anglatmaydi. Parlamentarizm bir vaqtning o‘zida siyosiy g‘oya, siyosiy rivojlanish tendensiyasi hamda ma’lum bir davlat tuzumining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, qonun chiqarish bilan bog‘liq funksiyalarni bajaradigan ta’sirchan parlament mavjudligini nazarda tutadi. Parlamentarizm qaror topgan mamlakatda parlament xalq vakilligining chinakam tuzilmasi bo‘lib, u birinchi navbatda siyosiy partiyalar vakillaridan iborat bo‘ladi hamda turli ijtimoiy guruhlar va qatlamlarning manfaatlarini ifodalaydi.
Jamoatchilikning, aholining parlamentga ishonchisiz parlamentarizm samarasizdir – bu nafaqat parlamentga, balki siyosiy partiyalar va saylovlar institutiga ishonchga bog‘liq. Yangi O‘zbekiston parlamenti deputatlari aholining talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi”.
A.Raximovning monografiyasi mantiqiy jihatdan puxta tuzilishga ega va bir-biri bilan uzviy va mantiqan bog‘langan to‘rt bob va o‘n ikki paragrafni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan xulosa va takliflar hamda tadqiqotni amalga oshirishda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati taqdim qilingan.
Monografiyaning birinchi bobi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huquqiy maqomi talqinining nazariy jihatlari” deb nomlanib, unda Oliy Majlisi maqomi va faoliyati huquqiy asoslarining rivojlanishi, O‘zbekistonda ikki palatali parlament modelining huquqiy tavsifi, Oliy Majlis palatalarining o‘zaro munosabatlari o‘rganilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda milliy parlamentarizmni rivojlantirish va xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvi organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirilmoqda. Shunga muvofiq kitobda O‘zbekistonda bosqichma-bosqich olib borilgan parlament islohotlari ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgani, Oliy Majlisning konstitutsiyaviy huquqiy maqomining eng muhim xususiyatlari tahlil qilingan. Muallif “Oliy Majlisning faoliyatidagi keyingi yillardagi o‘zgarishlar mazkur institutning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha murakkab jarayon davom etayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, izchillik saqlanib, parlamentni modernizatsiya qilish amalga oshirilmoqda. Uning davlat hokimiyati tizimidagi rolining oshishi sodir bo‘lmoqda”, deb yozadi (58-bet).
Monografiyaning ikkinchi bobi “Oliy Majlis faoliyati: funksional tahlil” deb nomlanadi. Unda Oliy Majlisning vakillik funksiyasi, qonun ijodkorligi funksiyasi, davlat hokimiyati organlarini shakllantirish funksiyasi hamda nazorat tahlil faoliyati yoritilgan. Shu o‘rinda muallifning Oliy Majlis faoliyati samaradorligini oshirish, Yangi O‘zbekistonda xalq vakilligining ilg‘or shakllarini rivojlantirish fuqarolik jamiyati va demokratik huquqiy davlat taraqqiyotining zarur sharti ekanligi haqidagi mulohazalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga muallif “ikki palatali parlamentning shakllantirilishi, uning quyi palatasi ishining professionallashtirilishi qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish imkonini bergan bo‘lsa-da, qabul qilinayotgan qonunlar soni ortib borayotgan bir sharoitda ba’zi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Binobarin, qonun ijodkorligi faoliyati subyektlari qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etishi uchun kasbiy bilim, o‘quv va malakaga ega bo‘lishi kerak”, degan xulosaga keladi (89-bet).
Biroq bugungi kunda deputatlar o‘zlarining qonun ijodkorligi, qonun texnikasi va parlamentning ko‘p qirrali faoliyatiga taalluqli sohalardagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishayotgan bo‘lsa-da, qonun ijodkorligimiz hozirgi islohotlar shiddati va sur’atlaridan ancha ortda qolmoqda. Vaholanki, qonun ijodkorligi islohotlardan ilgariroq yurishi kerak.
Monografiyaning uchinchi bobi “Oliy Majlis va boshqa davlat hokimiyati organlari: o‘zaro munosabatlar mexanizmi” deb nomlangan. Unda Oliy Majlisning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda sud hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlari konstitutsiyaviy huquqiy asosda tahlil qilingan.
Muallif ko‘plab huquqshunos olimlar va amaliyotchi mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonning davlat boshqaruvi “aralash” shaklga ega bo‘lgan respublika, ya’ni parlament va prezident respublikasi xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan davlat, degan xulosalari bilan bahsga kirishgan. “Sir emas, amalda O‘zbekistonda kuchli prezidentlik hokimiyati mavjud. Biroq ko‘pchilik huquqshunos olimlar bunga urg‘u berishdan o‘zlarini tiyishadi va O‘zbekiston davlat boshqaruvi shakliga ko‘ra prezidentlik emas, balki “aralash” respublikalarga yaqinligini iddao qilishadi” (134-b). Lekin “Prezidentning konstitutsiyaviy maqomi uning davlat hokimiyati boshqa subyektlariga nisbatan eng yuqori maqomga ega ekanligini tasdiqlaydi” – deb yozadi muallif (138-bet).
Shu bilan birga, monografiyada O‘zbekistonda davlat hokimiyati bo‘linishi prinsipi joriy etilgan sharoitda parlament bilan Prezidentning o‘zaro hamkorligi konstitutsiyaviy-huquqiy mexanizmini samarali tashkil etish jamiyat va davlat rivojlanishining muhim omili ekanligini ta’kidlanadi.
Bizning fikrimizcha, Prezidentning davlat hokimiyati organlari tizimidagi mavqei, uning hokimiyatlar uch tarmog‘idan mustaqilligi hamda Oliy Majlis palatalari bilan o‘zaro munosabatlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari O‘zbekistonda Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilib, hokimiyatlar vakolatlari taqsimlanishidagi oqilona muvozanatni ta’minlaydigan samarali Prezident hokimiyati shakllanganligidan dalolat beradi. Prezidentning milliy davlatchilik taraqqiyoti hozirgi bosqichidagi konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi uning davlat hokimiyati tarmoqlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini ta’minlashi zarurati bilan bog‘liq.
Monografiyaning “Oliy Majlis faoliyati samaradorligini oshirish masalalari” deb nomlangan to‘rtinchi bobida rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari maqomi va faoliyatining qiyosiy-huquqiy tahlili amalga oshirilgan hamda Oliy Majlis palatalari o‘zaro munosabatlari mexanizmi samaradorligini oshirish yo‘nalishlari o‘rganilgan.
Monografiya muallifi Yangi O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatning zamonaviy tuzilmasi, huquqiy tavsifi, maqomi va faoliyatining rivojlangan xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan qiyosiy tahlil qilinganligi katta qiziqish uyg‘otadi. “Xorijiy amaliyot, deb qayd etiladi monografiyada, parlament va uning palatalarini shakllantirish tartibi va shakllarining xilma-xilligini ko‘rsatadi. So‘nggi paytlarda dunyoning aksariyat davlatlarida proporsional saylov tizimiga o‘tish tendensiyasi kuzatilmoqda. Uning afzalliklari, demokratik xususiyati va parlamentda saylovchilar manfaatlarini munosib ifoda etishini ta’minlash qobiliyatiga asoslanadi” (198-bet).
Muallif jahon parlamentlari tajribalarini ilmiy umumlashtirib, turli ilmiy bahslarga sabab bo‘layotgan ilmiy muammolarga javob qidiradi. Jumladan, A. Raximov ayrim mualliflarning unitar davlatda ikki palatali parlament zaruriyatiga shubha bilan qarashlariga javoban “aholisi ko‘p bo‘lgan unitar davlatlarda ikki palatali parlamentlar soni keskin ko‘paymoqda. Bu ikki palatalilikning kengayishi tendensiyasidan dalolat beradi. Zamonaviy parlament butun aholining hududiy vakilligini ham, milliy vakilligini ham ta’minlaydi”, deb yozadi (204-bet). Shuningdek, kitobda Oliy Majlis palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yo‘nalishlari, shakllari, usullari, mexanizmlari muhokama qilinadi.
Monografiyaning “Xulosa” qismida muallifning Yangi O‘zbekistonda parlament islohotlari to‘g‘risida ilmiy-nazariy xulosalari, parlament faoliyatiga taalluqli tushunchalarga mualliflik ta’riflari, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va parlament amaliyotini takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar o‘z aksini topgan. Jumladan, “parlament palatasi”, “palatalarning qo‘shma majlisi” kabi tushunchalarga ta’rif berilgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81, 96, 99-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi reglamenti to‘g‘risida”gi qonunlarning qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlangan.
Kitobda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, parlamentni va umuman davlat hokimiyati tizimini modernizatsiyalash, yangi miliy parlamentarizmni rivojlantirish, qonun ijodkorligini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar ilmiy muhokamalar va amaliy misollar yordamida tahlil qilingan.
Monografiya, shubhasiz, milliy parlament rivojlanishining dolzarb masalalarini qamrab olgan hamda parlamentarizm tadqiqotlari sohasida qator ilmiy va amaliy yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, Yangi O‘zbekistonda parlament taraqqiyoti jihatlarini ilmiy talqin qilish qiziqarli mavzu ekanligi muallifga taklif va mulohazalarni bildirishga turtki beradi.
Birinchidan, monografiyada parlament faoliyati samaradorligining asosiy mezonlari sifatida – u qabul qilayotgan qonunlarning sifati, inson huquq va erkinliklarining himoyalanganlik darajasi, parlament nazorati samaradorligi, palatalar faoliyatining izchilligi kabi mezonlar to‘g‘ri ko‘rsatib o‘tiladi. Lekin bizning fikrimizcha, ularga deputatlarning o‘z saylovchilari oldidagi samarali hisobdorligi, aholining parlamentga yuqori ishonch darajasin kabi mezonlarni ham qo‘shish mumkin. Yangi O‘zbekiston parlamenti – xalqparvar parlament bo‘lishi kerak. Xalq vakillari faoliyat olib boradigan parlament – aslida, Xalq uyidir. Oddiy odamlarning ovozini olib, saylangan deputat shu oddiy odamlarning dardu tashvishi bilan yashashi shart. Albatta, xalq bilan qancha ko‘p uchrashilsa, muloqot qilinsa, shuncha kam xato qilamiz va ko‘p natijaga erishiladi.
Ikkinchidan, parlament faoliyati, funksiyalari muhokama qilinganda, uning tashqi siyosat borasidagi faoliyatini, nufuzli xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistonning milliy manfaatlarini himoya qilish kabi funksiyasini ham tahlil qilish maqsadga muvofiq. Zero, Oliy Majlis Yangi O‘zbekiston tashqi siyosiy yo‘lining faol ishtirokchisiga aylangan. Mamlakatimizda parlament diplomatiyasi rivojlana boshlandi. Xususan, xorijiy mamlakatlar bilan ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik guruhlari tuzildi, O‘zbekiston parlamenti xalqaro parlamentlararo tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. 2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkent shahri Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga mezbonlik qilishi O‘zbekistonning xalqaro parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining muhim e’tirofi bo‘ldi.
Shunday qilib, A. Raximov monografiyasi o‘zining uslubi va mazmuni, qo‘yilgan vazifalarning yechimlari bo‘yicha muhim tadqiqotdir. Mazkur kitob milliy huquq fani vakillari va umuman akademik jamoatchilik, ekspert hamjamiyat e’tiboriga sazovor bo‘lib, keng kitobxonlar uchun foydali manbadir. Monografiya, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyatni tashkil etish va amalga oshirishning asosiy tamoyillarini o‘rganish hamda keng jamoatchilikka parlament tizimining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari to‘g‘risida ma’lumot yetkazishga o‘z hissasini qo‘shadi.
A.X.Saidov, akademik,
yuridik fanlar doktori, professor.
O‘.Ochilov,
yuridik fanlar doktori.
«Hurriyat» gazetasining 2025-yil 16-aprel kungi 15 (1442)-soni
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 271
- Chop etish