“Bu e’tibor zamirida sizning sog‘lig‘ingiz, yaqinlaringizning dardu tashvishlari bor. Ko‘nglingiz ochilib, hayotga umid uyg‘onganini ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bunday g‘amxo‘rlikni yanada kengaytirib boramiz. Sizlardan faqat sabr-toqat, ishonch va harakat zarur”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu samimiy va mehrga to‘la so‘zlarni kuni kecha Andijon shahridagi “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar bilan tanishish asnosida, mazkur bo‘limda parvarishlanayotgan fuqarolar bilan suhbati chog‘ida aytdi. Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Bunday muassasa davlatimiz rahbari joriy yil 27-fevralda qabul qilgan “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida ilk bor Andijonda ishga tushdi.
O‘zA xabarida qayd etilishicha, qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud. Ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markazning erta aralashuv xizmati bo‘limi chaqaloqlikdan uch yoshgacha bo‘lgan bolajonlarni parvarishlashga ixtisoslashgan. Shu vaqtgacha bunday yoshdagi bolalar faqatgina ota-onasi qaramog‘ida bo‘lgan. Maxsus bog‘chalarga esa faqatgina 3 yoshdan keyin qabul qilingan. Endilikda homiladorlik vaqtida nogironlik xavfi aniqlansa, onalarga shu binoda xizmat ko‘rsatiladi. Bu ularning farzandlariga bo‘lgan e’tiborini mustahkamlashda ko‘maklashadi. Shuningdek, ular uchun psixologik maslahatlar beriladi.
Markazdagi qo‘shimcha ta’lim xizmatiga mo‘ljallangan binoda nogironligi bor bolalarning maktabdan tashqari dars qilishlari, ilm olishlari, internetdan foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, kambag‘allik reyestridagi oilalar farzandlari ham kelib, ingliz, rus, koreys va boshqa tillarni o‘rganishi mumkin.
Markazda kunduzgi parvarish xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda nogironligi bo‘lgan insonlar jismoniy va aqliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullantiriladi. Ularga ijtimoiy xodimlar qarab turishi natijasida oilasidagilarning "qo‘li bo‘shab", ishlashi mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy xizmatlar markazida sport majmuasi ham bor. Unda nogironligi bor bolalar uchun mo‘ljallangan badantarbiya xonasi, suv havzasi tashkil etilgan. E’tiborli jihati, mashg‘ulot qurilmalari AQSH va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilgan bo‘lib, adaptiv sportga mo‘ljallangan. Suv havzasi ham bolalarning yoshiga monand alohida qulayliklarga ega.
Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish «Inson» markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Axborot xizmati qayd etishicha, so‘nggi yillarda aholi uchun ajratilgan ijtimoiy yordam ko‘lami 5 barobar oshirilgan. Natijada 2 milliondan ortiq oila ushbu ijtimoiy himoya dasturlari bilan qamrab olingan.
Agentlik ma’lumotlariga qaraganda, 2025-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 mln 31 ming 609 nafarni yoki aholining 2,7 foizini tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 465 ming 645 nafari yoki 45 foizi ayollar, 565 ming 964 nafari yoki 55 foiz erkaklar bo‘lib, ularning 173 ming 285 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar hisoblanadi.
E’tibor bering: so‘nggi yillarda yurtimizda inklyuzivlik prinsiplariga asoslangan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini keng ko‘lamli himoya qilish tizimi shakllantirildi. Ya’ni, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning to‘laqonli hayot kechirishlarini ta’minlash uchun mutlaqo yangi tizim yaratildi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimiz va davlatimizning nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan munosabati, mas’uliyati yangi darajaga ko‘tarilganidan yaqqol dalolatdir.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanish, saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, shuningdek, ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi. Ijtimoiy infratuzilma obyektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar belgilandi.
Ayniqsa, mamlakatimizda keyingi besh yil davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinib, uni amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar ijrosi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va tibbiy yordamlar ko‘lami kengaymoqda. Shuningdek, inklyuziv ta’lim, qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar bajarilmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ijrosini monitoring qilish tizimli va uzluksiz jarayondir. Uning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarning ushbu Konvensiyada belgilangan huquq va kafolatlariga rioya etilishini baholash hamda ta’minlashdan iborat.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasining “Yo‘l xaritasi” bajarilishi yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muntazam monitoring olib bormoqda. Monitoring natijalariga ko‘ra, ayni vaqtda Milliy harakatlar rejasidagi jami 43 ta bandda belgilangan vazifalardan 35 ta band bo‘yicha ishlar bajarilgan bo‘lib, ayni hujjatning ijrosi 81 foizni tashkil etmoqda.
Milliy harakatlar rejasining tegishli bandlarini amalga oshirish jarayoni monitoringi asosida Milliy markaz tomonidan, avvalambor, bir qator normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi va o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Shuningdek, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish holati” yuzasidan joylarda o‘tkazilgan monitoring yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarga doir ma’lumot va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar Oliy Majlis palatalari va boshqa manfaatdor davlat organlariga taqdim etib borilmoqda.
Milliy markaz tomonidan davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlangan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi davriy ma’ruzasi 2024-yilda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Davriy ma’ruza O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining notasi orqali BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim etildi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarga qanday qo‘shimcha to‘lov va imtiyozlar beriladi?
Bu haqda fikr yuritganda, birinchi navbatda, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 27-dekabrda qabul qilingan qaroriga muvofiq, "Inson" markazi tomonidan "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimi orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritilishi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.
Mazkur qarorga asosan, 2024-yil 1-maydan boshlab ushbu reyestrga kiritilgan fuqarolarga har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida — 648 ming so‘m miqdorida moddiy yordam tayinlanadi. Ushbu mablag‘ uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya, oziq-ovqat mahsulotlari, va shaxsiy gigiyena vositalari xarajatlarini qoplash uchun beriladi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish, nogironligi bo‘lgan katta yoshdagi insonlarni o‘ziga mos hunar va mashg‘ulotlarga jalb etish juda muhim. Binobarin, bu yo‘lda qo‘yilayotgan barcha ezgu qadamlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi asosida insonni qadrlash ko‘lamini kengaytirish, ushbu sohadagi xizmatlarni ehtiyojmandlarga yaqinlashtirish – inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada keng ta’minlash maqsadiga qaratilgandir.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 17.04.2025
- Ko'rishlar: 234
- Chop etish