BRYUSSEL, 18-aprel. /"Dunyo" AA/. Belgiyaning ommabop "Eureporter" elektron nashrida "Birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti: mintaqalararo strategik hamkorlik sari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Joriy yilning 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi tarixiy sammiti bo'lib o'tdi. Oliy darajadagi tadbirda Yevropa Ittifoqi rahbarlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari qatnashdi", – deyiladi maqola muqaddimasida.
Ta'kidlanganidek, sammitda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar dolzarb xalqaro va mintaqaviy siyosiy voqealar yuzasidan fikr almashdilar.
Belgiya elektron nashri O'zbekiston Prezidenti sammitdagi nutqida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni taqdim etganini qayd etgan.
Muallif Samarqanddagi "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti ikki mintaqa o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda burilish nuqtasi, deb atalgani bejiz emasligini urg'ulaydi.
Shuningdek, "Eureporter" sammitning rasmiy tadbirlaridan tashqari, davlat rahbarlari birgalikda Orol madaniyat sammiti ko'rgazmasiga tashrif buyurganlari haqida yozgan. Ko'rgazmada Orol dengizi ekotizimini tiklash, mintaqaning madaniy merosini saqlash va barqaror rivojlanishga ko'maklashishga qaratilgan noyob tashabbuslar namoyish etildi.
"Shu kuni sammitning yuqori martabali mehmonlari Samarqand iqlim forumining Markaziy Osiyo oldida turgan zamonaviy ekologik muammolarni hal qilishga bag'ishlangan yalpi majlisida ham ishtirok etganini alohida ta'kidlash joiz. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari, BMT vakillari, xalqaro moliya institutlari hamda global va milliy ekologik tashkilotlarning faol ishtiroki ularning barqaror rivojlanishning dolzarb muammolariga samarali yechim topishga intilishining yorqin namoyoni bo'ldi", – deb yozadi muallif.
Nashrda sammit yakunida Qo'shma deklaratsiya qabul qilingani xabar qilingan.
"Qo'shma deklaratsiya tinchlik, xavfsizlik va demokratiya, taraqqiyot va farovonlik, ekologik barqarorlik, "yashil" iqtisodiy o'sish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini ta'minlash kabi bir qancha muhim yo'nalishlarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish majburiyatini belgilaydi. Shuningdek, unda Markaziy Osiyoning har bir davlati hamkorlikning muayyan yo'nalishlari bo'yicha erishgan yutuqlariga alohida to'xtalib o'tilgan va kelajak uchun rejalar belgilab berilgan", – deyilgan maqolada.
- Qo'shildi: 18.04.2025
- Ko'rishlar: 307
- Chop etish