18-aprel kuni BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov bilan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqot “Akademik va yoshlar” mavzusida tashkil etildi.
Uchrashuvda Akademiya professor-o‘qituvchilari va kursantlari, harbiy xizmatchilar, malaka oshirish kursi tinglovchilari, Milliy markaz vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Muloqot davomida asosan Yangi O‘zbekiston yoshlarini vatanparvarlik va ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, bu borada ustozlar hayot maktabining o‘rni hamda ahamiyati haqida so‘z bordi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov ochar ekan, ustoz Akmal Saidovning davlat va jamoat arbobi, taniqli olim, ham nazariy ham amaliy boy tajribaga ega milliy huquqshunos mutaxassis va xalqaro darajadagi nufuzli ekspert, ko‘plab yetakchi ilmiy hay’atlarning a’zosi ekanligi xususida muxtasar ma’lumot berdi.
Akademik A.Saidov tashabbusi va rahbarligida 30 ga yaqin nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va anjumanlar tashkil etilgan. Olim 200 dan ortiq monografiya, 100 ga yaqin darslik, 600 dan ziyod ilmiy maqola va 1 ming 100 ta atrofidagi publitsistik maqola muallifidir. Bir qator kitoblari xorijiy tillarga tarjima qilinib, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Ukraina, Polsha, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Qatar, O‘mon va boshqa mamlakatlarda nashr etilgan.
Muloqot asnosida akademik A.Saidov uqtirganidek, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.
Bilimli odam e’tiqodli bo‘ladi. Ma’naviyat vaksinasini har bir millatning o‘zi yaratadi. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, hozirgi kunda iqtisodiy kambag‘allikni tugatish choralarini ko‘ryapmiz, lekin ma’naviy qashshoqlikka barham berish borasidagi natijalarimiz bilan hali maqtana olmaymiz.
Shu ma’noda, taniqli huquqshunos olim yoshlarga murojaat qilib, ilmiy izlanishlar yo‘lida uchraydigan qiyinchiliklarni yengish bilan bog‘liq yechim va saboqlar haqida batafsil so‘z yuritdi. Ilm yo‘li sabr, qat’iyat va tinimsiz izlanishni talab qilishini qayd etdi. Haqiqiy yutuqqa erishish uchun inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishi va shu maqsad sari astoydil intilishi lozimligi, faqat mashaqqatli mehnat va teran tadqiqotgina chinakam muvaffaqiyatlar kaliti ekanligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida akademik A.Saidov tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining Axborot-resurs markaziga 100 dan ortiq kitob beg‘araz asosda taqdim etildi.
O‘z navbatida, huquqshunos olimga Favqulodda vaziyatlar vaziri va Akademiya boshlig‘ining esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Akademik A.Saidov Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Faxriy mehmonlar kitobi”ga esdalik dastxati yozib qoldirdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.04.2025
- Ko'rishlar: 285
- Chop etish