BMT Bosh Assambleyasi "O‘rmonlardan barqaror foydalanish tamoyillariga muvofiq o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘n yilligi" rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston va Kongo tashabbusi bilan tasdiqlangan ushbu rezolyutsiyaga muvofiq, “2027-2036-yillar – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb e’lon qilindi.
Bosh Assambleya, 80 ta davlat hammualliflik qilgan mazkur hujjatga asosan, 2027-2036-yillarni – O‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash o‘n yilligi”, deb belgilashga qaror qildi. A’zo davlatlar BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda BMTning O‘rmonlar forumi kotibiyatiga mazkur o‘n yillikni o‘tkazishda ko‘maklashishni taklif etdi.
BMT yangiliklari saytida qayd etilganidek, O‘zbekiston daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini milliy, mintaqaviy va global miqyosda faol ilgari surib kelmoqda. Jumladan, 2024-yil avgust oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi "Ekologik muammolarning samarali yechimi sifatida degradatsiyaga uchragan yerlarda, shuningdek, qurg‘oqchil hududlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanishni, jumladan o‘rmonlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklashni rag‘batlantirish" rezolyutsiyasini qabul qilgandi.
O‘zbekiston har yili Navro‘z bayrami arafasida ko‘chat ekish uchun "Markaziy Osiyo yashil belbog‘i" mintaqaviy aksiyasini o‘tkazishni taklif etdi. Bundan maqsad ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada faollashtirishdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda besh yil ichida bir milliard tup daraxt ekishni ko‘zda tutuvchi keng ko‘lamli "Yashil makon" umummilliy dasturi amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 2025-yilda qo‘shimcha 7,7 million dollar ajratiladi.
O‘zbekistonda Orol dengizining qurigan tubida ekologik ofat oqibatlarini yumshatish doirasida ikki million gektar maydonda o‘rmonzor barpo etildi. Ekilgan daraxtlar qum bo‘ronlarini to‘xtatishga, ekotizimni yaxshilashga va mahalliy aholi uchun daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Aslida ham, xalqaro hamjamiyat media minbaridan yangragan bu e’tiroflar bejiz emas. Prezidentimiz qayd etganidek, bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotir. Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.
Bunday xatarlarga javoban O‘zbekistonda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlangan va qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga ham kirishilgan. Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etilgani ayni yo‘nalishdagi muhim natijalardandir.
Yanada e’tiborlisi, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylanmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, albatta, 2025-yil 4-aprel kuni yurtimizda Samarqand xalqaro iqlim forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidlash lozim. O‘zbekiston Prezidenti ushbu Forumdagi nutqida alohida uqtirganidek, “atrof-muhitni asrab-avaylashda mas’uliyat barchamizning zimmamizda”.
Prezidentimiz O‘zbekiston Parij bitimi doirasida bug‘ gazlari chiqarishni 35 foizga kamaytirish bo‘yicha olgan majburiyatini muddatidan oldin bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini qayd etdi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari bu borada moliyalashtirish, texnologiyalar va kompetensiyalarni safabar qilish maqsadida Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqining “Suv – Energiya – Iqlim o‘zgarishi” deb nomlangan tashabbusining kotibiyatini tashkil qilishni taklif qildi.
Yanada muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi bu borada ko‘lamdor islohotlarni 2025-yilda samarali amalga oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Davlat dasturi doirasida 21 ta hujjat tasdiqlangan bo‘lib, jumladan:
-
2025-yilda atrof-muhitni asrash yo‘nalishida vazirliklar va idoralar tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar rejasi;
-
2025-yilda atrof-muhitni asrash bo‘yicha xalqaro hamkorlik yo‘nalishida chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi;
-
O‘zbekiston Respublikasida “Yashil turizm” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi;
-
2025-yilda hududlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini joriy etish rejasi;
-
2025-yilda bahor-kuz mavsumlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxtlarni ekish bo‘yicha reja;
-
2025-yilda bahor mavsumida mahallalarda xonadonlar va ichki ko‘chalarga gul hamda qalamchalarni ekish bo‘yicha reja shular sirasiga kiradi.
Ayni vaqtda ushbu qamrovli Dasturni izchillik bilan amalga oshirishga kirishilgan. Jamiyatimiz va davlatimiz e’tibori ana shu ustuvor maqsad-vazifalarni o‘z vaqtida hamda to‘la bajarishga qaratilmoqda.
Xulosa o‘rnida O‘zbekiston Prezidentining mana bu so‘zlarini keltiramiz: “Biz Yerni ajdodlarimizdan meros sifatida emas, balki farzandlarimizdan qarzga olganmiz”, degan mashhur hikmatli iborani eslatib o‘tishni istar edim. Bugungi kunda bizning vazifamiz – kelajak avlodlar barqaror, xavfsiz va farovon dunyoda yashashi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 18.04.2025
- Ko'rishlar: 289
- Chop etish