Kelajakda ham kitobning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi

23-aprel — Butunjahon kitob va

mualliflik huquqi kuni

 

Mamlakatimizda 2020-2024-yillarda nashriyotlar soni 3,5 barobar oshib, bugungi kunda salkam 600 tani tashkil etmoqda. Ular tomonidan har yili o‘rtacha 11,6 ming nomdagi, o‘tgan besh yilda esa jami 197,9 mln. nusxada adabiyotlar chop etildi.

Bu borada “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, sohaning normativ-huquqiy bazasi takomillashtirilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan matbaa uskunalari va qog‘oz xomashyosi bojxona bojidan, shuningdek, nashriyot va matbaa korxonalari foyda solig‘idan ozod etildi.

Kitobxonlikka oid infratuzilmani mustahkamlash borasida 60 dan ortiq viloyat, tuman va shahar axborot-kutubxona markazida kapital-qurilish ishlari amalga oshirilib, zamonaviy xizmat ko‘rsatish talablari asosida kitobxonlarga foydalanish uchun topshirildi. Jumladan, 18 ta axborot-kutubxona markazi yangidan qurildi.

Yangi O‘zbekiston tom ma’noda kitobxonlik davriga qadam qo‘yganidan dalolat beradigan ushbu zalvorli dalil va raqamlar 2025-yil 21-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida V Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimida ma’lum qilindi. Haftalik doirasida mamlakatimiz bo‘yicha yuzlab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.

Bu o‘rinda, avvalambor, Toshkent shahridagi “Dream park” istirohat bog‘ida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlaridagi madaniyat va istirohat bog‘larida, shuningdek, tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarida “Noshirdan  kitobxonga” tamoyili asosida bo‘lib o‘tadigan kitob savdo-yarmarkalari haqida so‘z bormoqda. Bundan tashqari, 25-26-aprel kunlari Yozuvchilar uyushmasining “Parkent ijod uyi”da tashkil etiladigan noshirlar va mualliflar uchrashuvida bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bunday keng ko‘lamni qamragan an’anaviy kitobxonlik bayrami 23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, yurtimizda beshinchi marta o‘tkazilayotgani diqqatga sazovor. Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlari so‘zlari bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

 U zot zamonasidan so‘ng oradan qariyb to‘qqiz asr o‘tgach, ya’ni 1995-yil 15-noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23-aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilingan. Shuningdek, YUNESKOning “Bolalar va o‘smirlar adabiyotida bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etganlik uchun” nomli mukofoti ta’sis etilgan.

Ushbu qarorning zamirida, bir tomondan, barcha zamindoshlarimizni kitob mutolaasidan zavqu shavq olishga, ikkinchi tomondan, o‘z asarlari bilan insoniyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan shoirlar va yozuvchilar, dramaturglar va ssenariynavislar, olimlar va mutafakkirlar – jami mualliflarga ehtirom ko‘rsatishga jahoniy da’vat o‘z mujassamini topgan.

Bu haqda so‘z borganda, YUNESKO tomonidan 1952-yili Jenevada tashkil etilgan konferensiyada butunjahon mualliflik huquqi belgisi (©) amaliyotga tatbiq etilgani ulkan yutuqlardan biri bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni shu anjumanda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi butunjahon konvensiyasi ham qabul qilingan.

Shu tariqa 23-aprel — barcha mualliflar, noshirlar, ustozlar, kutubxonachilar va kitob olamiga aloqador kasblar egalarining umuminsoniy bayram kuniga aylandi. Xuddi shu sanada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kitob yarmarka va ko‘rgazmalarini tashkil etish an’ana tusini oldi.

Hozirgi vaqtda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni jahonning 100 dan ortiq mamlakatida millionlab insonlar tomonidan nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli uyushmalar va kasbiy tashkilotlar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, davlat muassasalari va xususiy korxonalarda ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

O‘tgan davrda shu bayram tufayli Yer yuzining turli qit’alarida yashaydigan va turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari qaror topdi hamda mustahkamlandi. Mualliflik huquqlarini muhofaza etish holati tubdan yaxshilandi.

Bashar ahli kitobning ahamiyati nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda. Ya’ni, kitob:

  • bilimlar koni;

  • qadriyatlar timsoli;

  • ma’naviy meros qo‘rg‘oni;

  • sivilizatsiyalararo muloqot vositasi;

  • rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi;

  • moddiy farovonlik manbai;

  • mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir.

Mazkur xalqaro sana 1996-yildan buyon O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda. Jumladan, joriy yil 21–27-aprel kunlari yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan V Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga qaratilgan turli loyihalar, yangi nashr etilgan kitoblar taqdimotlari, sohadagi dolzarb muammolarni muhokama qilishga qaratilgan seminarlar bo‘lib o‘tmoqda.

Haftalik dasturidan mamlakat miqyosidagi nashriyotlar tomonidan chop etilgan yangi milliy va xorijiy kitoblar taqdimoti, kitobsevarlar uchun turli mahorat darslari, mutolaa tadbirlari, yozuvchi va adiblar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va  boshqa qator ma’naviy-ma’rifiy, madaniy anjumanlar o‘rin olgan.

Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan ushbu muhim xalqaro sana mamlakatimizda har yili alohida tadorik va tantanalar bilan kutib olinishi bejiz emas. Chunki:

kitob – bizga hayotni o‘rgatadi;

kitob – har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi;

kitob – bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi;

kitob – insonni ma’rifatga oshno etadi;

kitob – dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi;

kitob – yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi.

Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Shu asosda bir qator qarorlar qabul qilindi va izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Yanada muhimi, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida:

birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish;

uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 39-maqsadi “O‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish”, deb nomlangan. Ayni maqsad ijobati yo‘lida “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” deb nomlangan ko‘p jildlik kitoblar majmuasini chop etishga allaqachon kirishildi.

Shuningdek, Dastur talablaridan kelib chiqib, bu borada:

  • «Raqamli kutubxona» tizimi samaradorligini oshirish, xususan, ayni tizimning kitoblarga buyurtma berish modulini joriy etish;

  • Iste’dodli yosh ijodkorlarning an’anaviy “Zomin seminari” ishtirokchilarining birinchi kitoblarini ko‘p ming nusxada nashr qilish;

  • Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishda kitob o‘quvchi yoshlarning ishtirokini kengaytirish maqsadida «Raqamli kutubxona» foydalanuvchilari uchun onlayn kitob muhokamasi klublarini tashkil etish kabi muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayevning qayd etishicha, 2025-yilda bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan 50 nomda yangi asarlar yaratiladi. Bundan tashqari bevosita Agentlik tashabbusi bilan “Buyuklar bolaligi” nomli ijtimoiy buyurtmalar loyihasi ta’sis etilib, unda yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mutafakkir va adiblar, shoirlarning bolaligi hamda ularning shaxs sifatidagi fazilatlarini ochib beruvchi yangi badiiy asarlarga buyurtma berilgan.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasining «2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida ham sohaga oid bir qator yo‘nalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilanganiga e’tibor qaratish zarur, deb o‘ylaymiz. Qaror ijrosi doirasida o‘tgan besh yil davomida:

  • aholi, avvalo, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish;

  • nashriyotlar va ijodkorlar faoliyatiga ko‘maklashish;

  • bolalarga mo‘ljallangan adabiyotlarni chop etishni qo‘llab-quvvatlash;

  • milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish;

  • mutolaa madaniyatini yuksaltirish;

  • olis hududlarda va yoshga doir kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda erishilgan muhim natijalar jamiyatimiz va davlatimizning bu boradagi izchil sa’y-harakatlarini yangi va yuqori bosqichga ko‘tarish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi.

Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

Maqolamizga amerikalik mashhur adib, ilm-fan targ‘ibotchisi va biokimyogar Ayzek Azimovning: “Kelajakda ham kitobning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi, xuddi o‘tmishda egallay olmaganidek”, degan hikmatli so‘zlari bilan yakun yasashga jazm etdik.

E’tibor qiling: ayni fikrlar muallifi bundan yuz yilcha ilgari fantastika janridagi ilk hikoyalari bilan tilga tushgan, keyinchalik birin-ketin robotlar haqida dovruqli asarlar yozgan, hatto robot texnikasining uch qonunini ishlab chiqqan, sodda qilib aytganda, kelajakni oldindan yorqin tasavvur qilgan holda, qariyb 500 ta adabiy-badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar bitgan zabardast qalamkashdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech