O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida yurtdoshlarimizni qutlug‘ ayyom – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 80-yilligi bilan chin qalbdan muborakbod etar ekan, ushbu quvonchli kunlarda xalqimiz mo‘tabar keksalarimiz, urush va mehnat faxriylarini ziyorat qilib, ularning duosini olayotganini alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “biz bugungi tinch, ozod va erkin hayot uchun o‘zining aziz jonini ham ayamasdan kurashgan bunday fidoyi insonlarning oldida doimo qarzdormiz. Ular bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning mehrini, e’tiborini his qilib yashaydilar”.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati vakillari ham bayram kuni yurtimizning yoshi ulug‘ ziyolilari – Sobir ota Qurbonov va Nosir ota Toirovni ziyorat qilib, nuroniylarimizning duolarini oldilar. Jonli suhbatda bir guruh jurnalist hamkasblarimiz bizga hamroh bo‘lishdi.
Ayni vaqtda 91 yoshni qarshilagan Sobir Sheraliyevich Qurbonov 1934-yili Buxoro shahrida tavallud topgan. O‘rta maktabni 1953-yilda oltin medal bilan tugatib, 1958-yilgacha Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan. Keyin ilmiy ish bilan shug‘ullanib, tarix fanlari nomzodi darajasiga, dotsent unvoniga sazovor bo‘lgan Sobir ota uzoq yillar yurtimizning turli oliy ta’lim maskanlari talabalariga tarix fanidan dars o‘tgan.
Sobir Qurbonov mafkuraviy sohada ham, xususan, voiz (lektor), voizlar guruhi rahbari va respublika siyosiy maorif uyi rahbari bo‘lib ishlagan. Yigirma yil davomida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining markaziy bo‘g‘inida mafkuraviy ishlar bilan shug‘ullangan.
Pensiyada bo‘lishiga qaramay, Sobir ota 2018-2020-yillari “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisiga maslahatchi bo‘lib ishladi. Ayni vaqtda keksalik gashtini surib, kitoblar mutolaa qilish va xotiralar bitishdek farog‘atli yumushlar bilan mashg‘ul.
O‘z navbatida, Nosir Abdulhaqovich Toirovning ko‘p yillik mehnat faoliyati mafkura sohasi hamda matbaa-nashriyot tizimi bilan chambarchas bog‘liq. Bugungi kunda 81 yoshni qarshilagan Nosir ota Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan, mehnat faoliyatini 1961-yili “Fan” nashriyotida musahhihlikdan boshlagan. Uzoq yillar Toshkent viloyatidagi maktablarda o‘qituvchi va direktor o‘rinbosari, yoshlar tashkilotida yo‘riqchi va bo‘lim mudiri o‘rinbosari, viloyat va tuman darajasidagi tashkilotlarda turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Nosir otaning ham aynan partiyaviy ishlarda suyagi qotganini alohida qayd etish o‘rinlidir. U kishi 1996-2001-yillarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining katta referenti, sektor mudiri, bo‘lim mudiri o‘rinbosari, bo‘lim mudiri, shuningdek, 2001-2004-yillarda ushbu siyosiy partiyaning Toshkent viloyat kengashi ikkinchi kotibi, 2004-2008-yillarda esa partiya Markaziy Kengashining matbuot kotibi, sektor mudiri bo‘lib xizmat qilgan.
Har ikki ziyoli oqsoqolning halol mehnatlari davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan e’tirof etilgan. Sobir Sheraliyevich ham, Nosir Abdulhaqovich ham I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar. Ularning nomi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi «Ehtirom kitobi»ga kiritilgan.
Qahramonlarimiz keyingi yillarda bir nechta kitoblar yozib, nashr ettirdilar. Xususan, Nosir Toirovning 2012-yilda “O‘zimizning Abdulhay aka” xotiralar to‘plami va 2018-yilda “Jurnalistikaga sadoqat” nomli kitobi chop etildi.
Sobir Qurbonovning esa yaqinda “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan “Unutilmas: esdaliklar, voqealar, faktlar, odamlar” kitobi nashrdan chiqdi. Sakkiz bobdan iborat ushbu kitobda muallifning ajdod-avlodlari, ota-bobosi, qavm-qarindoshlari haqida alohida so‘z yuritilgan. Sobir Sheraliyevich ta’biri bilan aytganda, ushbu kitob uning shunchaki umrguzaronlik bilan vaqt o‘tkazmagani, butun hayoti davomida xalqimizga, yurtimizga naf keltirishga intilgan sermazmun yillarining o‘ziga xos sarhisobidir.
Nuroniylarimizga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida nashr etilgan yangi kitoblarni taqdim etar ekanmiz, o‘z-o‘zidan suhbatimiz ijodu mutolaa mavzusiga ulanib ketdi. Dastavval, Sobir ota esdaliklar kitobini bitishga turtki bo‘lgan tuyg‘ularini shunday izhor etdilar:
“Donishmand shoir Abdulqodir Bedilning “Ilm — insoniyat gavharidir” degan fikrini yaxshi tushunib yetgan rahmatli otam hayotdan ko‘z yumayotganlarida, yonlarida o‘tirgan onamga meni ko‘rsatib: “Muhabbat, o‘g‘limni o‘qit...”, deb vasiyat qilgan ekanlar. Onam menga hamisha otamning shu so‘zlarini eslatib turardilar. Padari buzrukvorimning bu vasiyati mening hayotimda haqiqiy mayoq bo‘ldi. Bolaligimning eng shirin xotiralari hovlimizga tutash kutubxonada kechgan. Shu tariqa boshqalar qatori men ham ona zamindan, milliy ma’naviyat, madaniyat va umuminsoniy qadriyatlardan oziqlandim, buyuk bobokalonlarimizning pandu nasihatlari, purhikmat o‘gitlarini dilimga jo qilib yashadim. Binobarin, esdalik kitobim sahifalariga umrim yo‘llarining ana shu asl mazmun-mohiyatini singdirishga harakat qildim”.
Nosir ota ham kitoblarni — o‘zining ishonchli yordamchilari, mustahkam ma’naviy tayanchi, deb biladi. Ya’ni, “Men hayotimni kitobsiz tasavvur eta olmayman. Hatto, fan-texnika va internet asrida ham ilm, ma’naviyat va madaniyatning kitobsiz bo‘lishi mumkin emas”, deydilar ustoz.
Shu ma’noda, ikkala nuroniy ustozning yakdil fikricha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan izchil, tizimli va qamrovdor islohotlarning hozirgi bosqichida kitobning rolini oshirish, kitob ishlab chiqarish va uni tarqatishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, kitobsevarlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor berilayotgani behad diqqatga sazovor. Negaki, kitobsevarlik urug‘larini bolalar qalbida bog‘cha yoshidan sepish eng yaxshi samara beradi. Oila, bog‘cha, maktab va universitetda o‘g‘il-qizlarimizni taqdirlaganda, eng aziz sovg‘a kitob bo‘lmog‘i darkor. Muhtaram nuroniylarimizning o‘zlari ham do‘stu yaqinlarga kitob sovg‘a qilish odatini haligacha tark etganlari yo‘q.
Muloqotimiz mavzusi, o‘z-o‘zidan, matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid masalalarga ulanadi. Shu o‘rinda Sobir ota 1984-1987-yillarda O‘zbekiston Matbuot qo‘mitasi raisi va O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi rahbari lavozimlarida xizmat qilgan bo‘lsa, 1987-1989-yillarda O‘zbekiston radio va televideniyesida sharhlovchi bo‘lib ishlaganligini eslatish ayni muddaodir.
Qolaversa, mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini tashkil etish bo‘yicha boshlangan qizg‘in ishlar doirasida Sobir Sheraliyevich yangi partiya dasturi, Ustavini yaratish ishlariga jalb qilindi va partiyaning birinchi Qurultoyini tayyorlashda faol ishtirok etdi. Ustozning bevosita ishtirokida sobiq “Sovet O‘zbekistoni” gazetasi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi nomini olib, yangi tashkil etilgan “Golos Uzbekistana” gazetasi va “Muloqot” jurnali ham shu partiyaning davriy nashriga aylandi.
Nosir Abdulhaqovich esa 25-yil davomida – 1996-2021-yillarda jamoatchilik asosida “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari tahririyatida tarjimonlik qilgan. U kishi 1958-yildan beri mohir ijodkor sifatida tuman, viloyat va respublika matbuotida o‘z materiallari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Nosir otaning Sharof Rashidov, Oqil Salimov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Hamid Sulaymonov kabi atoqli davlat va jamoat arboblari, mashhur adib va olimlar haqida yozgan maqolalari “Qibray sadosi”, “Toshkent haqiqati”, “Tashkentskaya pravda”, “O‘zbekiston ovozi”, “Golos Uzbekistana”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” kabi gazetalar va bir qancha jurnallarda chop etilgan.
Shu nuqtayi nazardan, ustozlarimizning ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyati bilan bog‘liq ko‘p yillik ibratli tajribalarga asoslangan fikr-mulohazalari bizni juda qiziqtirgani tayin. Yoshi ulug‘larimizning to‘q mag‘izli ayrim fikrlarini bu boradagi “mahorat darsi”ning “qaymog‘i” sifatida taqdim etamiz.
Birinchidan, axborot sohasini erkinlashtirish va rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida jamiyatimiz va davlatimiz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelmoqda.
Ikkinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qo‘yildi.
Uchinchidan, sohaga doir huquqiy asoslar takomillashtirib borilmoqda, xususan, Axborot kodeksi loyihasi tayyorlanmoqda.
To‘rtinchidan, so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erishish yo‘lida keng imkoniyatlar ochilayotgani tufayli so‘nggi 8-yilda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari soni 1 ming 514 tadan – 2 ming 349 taga oshdi.
Beshinchidan, keyingi yillarda yurtimiz media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki yanada kuchayib, o‘rni va nufuzi izchil yuksalmoqda.
Oltinchidan, jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini o‘rganish va hal qilish borasida jurnalistlarning o‘rni va ta’siri tobora ortayotgani diqqatga loyiq.
Yettinchidan, jurnalistlar qat’iy pozitsiyasi, haqqoniy so‘zi bilan hayotimizdagi o‘tkir muammolarni hal etish, islohotlarimizning samarasini oshirish, yurtdoshlarimizning fikrini, dunyoqarashini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shmoqdalar.
Shu bilan birga, ustozlarimiz sohadagi ba’zi muammolarga ham to‘xtaldilar. Ya’ni:
-
matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati mudofaa, xavfsizlik sohalari kabi hal qiluvchi sohaga aylanib borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi jurnalistlar safi yanada ko‘payib borishi taqozo etilmoqda;
-
axborot maydonida bahsli tortishuvlar yuzaga kelayotgan nozik vaziyatlarda mavjud muammolar faqat Konstitutsiya va qonunlarimiz negizida hal etilishi shart, degan haqqoniy talab kuchaymoqda;
-
yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ko‘payib borayotgani, o‘z navbatida, aholining media savodxonligini oshirishni o‘ta muhim vazifa qilib qo‘ymoqda;
-
axborot maydonini sifatli va raqobatdosh milliy kontent bilan to‘ldirish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi;
-
faqat negativ – salbiy va tushkun mavzularga o‘ralashib qolmasdan, yorug‘ mavzularni, ibratli masalalarni, odamlar bir-biriga o‘qing deb tavsiya qiladigan yaxshiliklarni ham ko‘proq yoritish lozim.
Masalan, mening o‘zimga kelsak, avvalo, jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonning mustaqilligini ko‘rganimdan, endilikda esa Yangi O‘zbekiston ko‘z o‘ngimda barpo bo‘layotganidan behad g‘ururlanaman, deydi Sobir ota. Bugungi kunda hayotim, yarim asrdan ortiq mehnat faoliyatim haqida o‘ylasam, men bekor yashamadim, deyishga haqliman. Olloh bergan buyuk ne’mat — umrdan imkoniyat boricha foydalanib, halol mehnat bilan topgan rizq-ro‘z, obro‘-e’tibor uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytaman.
Tabiiyki, suhbatimiz 9-may – Xotira va qadrlash kunida bo‘lib o‘tgani uchun Vatanni himoya qilgan, tinchlik uchun jonini fido etgan jasoratli insonlar xotirasini yodga oldik va hozirda oramizda barhayot bo‘lgan matonatli mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan ehtiromning fayzi bo‘lakcha ekanini yakdil e’tirof etdik. Sobir otaning ham, Nosir otaning ham bir necha qarindoshlari urushga ketib, janggohlarda qahramonlarcha halok bo‘lganlarini eslashdik.
– Bugun biz tinch va farovon hayotda yashayapmiz. Bu, avvalo, qon kechib, yurtni himoya qilgan fidoyilarning hissasi ekanini unutmasligimiz lozim, – dedi Nosir ota xayrlashayotib.
Sobir ota esa qo‘llarini duoga ochdi:
– Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, tinchligimizga ko‘z tegmasin, xalqimizning baxtiga “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” g‘oyasi ro‘yobi yo‘lida astoydil xizmat qilayotgan Prezidentimiz sog‘-omon bo‘lsinlar!
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 12.05.2025
- Ko'rishlar: 234
- Chop etish