(Bir so‘zning yanglish izohlari haqida mulohazalar)
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «zinxona» so‘zi ikkita ma’no berishi qayd etilgan. Birinchi ma’nosi «zindon» ekanligi ta’kidlangan.
Ikkinchi, ya’ni ko‘chma ma’nosiga ko‘ra, «zinxona – fahsh, gunoh ishlar bilan shug‘ullanadigan joy», deb izohlangan. Lug‘atning 2020-yildagi yangi nashrida ham ayni izohlar o‘zgartirilmagan.
Lug‘atshunoslarimiz bilan oddiy aholining ushbu so‘z mazmuniga nisbatan qarashlari o‘rtasida katta tafovut bor. Fikrimizning tasdig‘i uchun xalqimizning peshqadam vakillari, adib-u jurnalistlar faoliyatidan misollar keltiramiz.
Yozuvchi Eshqobil Valining internet sahifalarida o‘qiganimiz «Qadr» hikoyasida «zinxona» so‘zi mana bunday zikr etilgan:
«Mehmonlar ketishayotganda qorong‘u tushib ulgurgan edi; zinxona yonida mehmonlarga manzirat qilaman deb o‘choqqa olov yog‘guncha kechikkan momoning kelini sog‘ayotgan sigir sutining chelakka «tiz-tiz» to‘kilishi eshitilardi».
Jurnalist va shoir Vohid Luqmonning 2017-yili matbuotda e’lon qilingan «Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketmaydi» maqolasida shunday jumla bor:
«Yo‘l ustiga og‘ilxonayu zinxona qurib, o‘n bir yildan beri to‘qqiz xonadonni yo‘lsiz qoldirib kelayotgan qo‘shnining dastidan aziyat chekayotganlar arz-dodini yetkazgan Nurliquyosh qo‘rg‘onilik Mamajon aka Po‘latovning Xalq qabulxonasini alqab aytgan so‘zlarini tinglagan kishining xayoliga «shahar bedarvoza bo‘lgan ekan-da toza», degan fikr keladi».
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, har ikki muallif «zinxona» der ekan, aynan zindonni yoki «fahsh, gunoh ishlar bilan shug‘ullanadigan joy»ni mutlaqo nazarda tutmagan.
Bu boradagi chalkashlikning yechimi bitta – u ham bo‘lsa, tegishli so‘z o‘zagiga teran nazar solishdir. Shu ma’noda, lug‘aviy mazmuniga ko‘ra, zin – egar, zinxona – egarlar saqlanadigan joy, degani.
Manbalarda qayd etilishicha, qishloq joylarda yashagan ajdodlarimizning hovli-joylari ichki (ichkari) va tashqi (tashqari) qismlardan iborat bo‘lgan. Tashqi hovli – asosan erkaklar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda mehmonxona, zinxona, sayisxona va ot-ulov uchun ayvonlar joylashgan. Ichki hovli oila a’zolari istiqomat qiladigan xonalardan tashkil topgan. Bu yerda oshxona, omborxona, o‘tinxona, og‘ilxona, hovlining bir chetida esa kul va chiqindi to‘kiladigan xandaq bo‘lgan.
Zinxonada ot-ulov egarlari ham saqlangan. Ota-bobolarimizning xo‘jaliklarida bir-ikkita emas, balki ancha ko‘p egarlar bo‘lgan. Nega deganda, o‘ziga to‘q xonadonda qo‘shga qo‘shiladigan, arava tortadigan, uloq chopadigan, sayrga va to‘y-tomoshaga minib chiqiladigan ulovlar bo‘lib, shularning har qaysisi uchun alohida egar-jabduq yasalgan yoki xarid qilingan. Shuncha kerakli mulkni ehtiyotlab saqlash maqsadida hovli hududida alohida egar joyi – zinxona bunyod etilgan.
Yurtimiz manzillari azaldan Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashganini ham unutmaylik. Gap shundaki, ulov, egar va egarxona, ya’ni zinxonalar ushbu tarixiy savdo yo‘lida o‘ziga xos o‘rin tutgan. Yurtimizning qadimiy savdo yo‘lida qad rostlagan gavjum manzilgohlarda to‘xtagan karvon ahli uchun egar ta’mirlatish yoki yangi egar xarid qilish imkoniyati doim muhayyo bo‘lgan. Shuning uchun Shosh (Toshkent), Ustrushona (Jizzax), Maroqanda (Samarqand), Nasaf (Qarshi), Kesh (Shahrisabz) kabi ko‘plab tarixiy shaharlarimizda Egarchi, Taqachi, Ko‘nchi, Charmgar deb nomlangan mahallalar bo‘lgan.
Shaharlarga yetib kelgan katta karvonlar safidan bir necha ulovdan iborat kichik karvonlar ajralib chiqib, yaqin shaharcha va qishloq-ovullarga bo‘linib ketgan mitti karvonlar olis yo‘ldan keyin yo oldin dam olish hamda qaroqchilar hujumidan saqlanish maqsadida qishloqlardagi mo‘jaz karvonsaroylarda tunab qolgan.
Shu maqsadda hududlarda asosan mehmonxona, zinxona va sayisxonadan iborat kichik karvonsaroy yo rabotlar bunyod etilgan. Bunda mehmonxonalar – karvon ahli ovqatlanishi va hordiq chiqarishiga xizmat qilgan; zinxonalar – ulovlarning egari va yuklarini saqlash uchun mo‘ljallangan; sayisxonalar – tuya, ot, xachirlar parvarishi uchun zarur bo‘lgan.
«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «zinxona» atamasi zindon ma’nosini berishining tasdig‘i sifatida atoqli yozuvchi Sadriddin Ayniyning «Qullar» romanidan quyidagi parcha keltirilgan: «Besh minutdan keyin boyning zinxonasida «voy jonim» deb yotganlar ustiga yana ikki bandi ortgan edi».
Ayniy domlaning ushbu romanida qariyb o‘n sahifada «zinxona» atamasi qayd etilgan. Lekin barcha hollarda zindon emas, balki aynan zinxona haqida so‘z borgan.
Misol uchun, romanning 188-betida shunday jumlalar bor: «Boyning o‘ttiz besh bolorlik keng va uzun sayisxonasi egarlari olinib, bostiriq bilan yopilib xo‘rakka qo‘yilgan otlar bilan to‘la edi. Sayisxonaning o‘rta belidagi zinxona ustida gurullab yonayotgan gulxan tevaragida yettinchi lampa ostida gurunglab, choy ichishib, chilim chekishib sayislar o‘tirmoqda edilar. Zinxona ichidan «voy jonim, shunday sovuq havoda zax uychaga odamni shuncha qamar ekanlar-da», «bundan ko‘ra tezroq o‘ldirsalar yaxshiroq edi va biz bu azobdan qutular edik»... degan tovushlar chiqmoqda edi».
Romanning zinxonaga bandi etilgan insonlar haqidagi tafsilotlari o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy voqeligi bilan bog‘liq muvaqqat holatga aloqador, deb o‘ylaymiz. Bunda XX asr boshlarida yuzaga kelgan qaltis xalqaro vaziyat, chor podsholigi va keyinchalik bolsheviklarning Turkiston zaminida olib borgan mustamlakachilik siyosati, shuningdek, o‘lkamizda amiru xonlar, ulamo va jadidlar o‘rtasidagi ziddiyatlar muayyan o‘rin tutgani tayin. Natijada o‘lkamizning tashqi savdo aloqalari deyarli to‘xtashi hisobiga karvonsaroylar bo‘shab qolgan, ularning sohiblari mo‘may daromaddan mahrum bo‘lgan. Boshqa tomondan, boylar, ya’ni ish beruvchilar bilan ishchi-dehqonlar o‘rtasida kelishmovchiliklar kuchayishi bo‘m-bo‘sh turgan zinxonalarning norozi kambag‘allar uchun vaqtinchalik hibsxona o‘rnini o‘tashiga turtki bergan bo‘lsa ajab emas.
Darvoqe, ustoz adibning 2010-yili Tojikistonda nashr etilgan «Sudxo‘rning o‘limi» asari ilovasidagi muxtasar lug‘atda «zinxona» so‘ziga shunday ta’rif berilgan:
«Zinxona – xonayest, ki dar daruni sayisxona meandozand. Dar Buxoroi amiry mahbusoni muvaqqatiro dar zinxona xabe mekardand».
Tarjimasi: «Zinxona – sayisxona ichida qurilgan xona. Buxoro amirligida hibsga olingan mahbuslar ba’zan zinxonalarga vaqtincha qamab qo‘yilgan».
Bu izohning nechog‘lik to‘g‘riligini «Qullar» romanidagi ushbu manzara ham aniq-tiniq tasdiqlaydi:
«Erta bilan oftob chiqmasdan burun boyning hovlisida ikki arava tayyor bo‘ldi. Mirshab, amlokdor, qozi va rais odamlaridan bir dasta otliq aravalarga qorovullik qilib Buxoroga borishga hozirlandilar. Mirshab sayisxona oldiga borib cho‘ntagidan kalid olib zinxonaning eshikchasiga solingan katta qulfni ocha boshladi. Polvon arab Buxoro zindoniga jo‘natilayotgan «ko‘rnamak» odamlarini yoshligidan o‘rganib qolgan qabih va zaharli so‘zlar bilan so‘kishga tayyorlanmoqda edi».
Yana bir muhim dalil: Sadriddin Ayniy «Doxunda» qissasida agronomxona, arobaxona, foytunxona, kanaxona, samovarxona, zinxona, go‘rxona kabi qo‘shma so‘zlar asosida 81 ta yangi atamani qo‘llagan. Adabiyotshunos olimlar fikricha, mashhur yozuvchi qizg‘in ijodiy jarayonda nafaqat «zinxona» atamasini ba’zan «zindon» tushunchasi ma’nosida talqin etgani, balki «kundaxona», «regxona», «obxona» singari qator arxaik so‘zlarni ham amirlik zamonidagi jazo mahkamasi va mahbusxonalarga bog‘lab qo‘llagani kuzatiladi.
Ko‘rinadiki, Sadriddin Ayniyning romanidan lug‘atshunoslarimiz misol keltirgan jumlada «zinxona»ning «zindon» ekanligini isbotlaydigan hech qanday asos yo‘q. Zero, zindon bilan bog‘liq ishlarga boylar emas, faqat hukmdorlargina vakolatli bo‘lgan.
Lug‘atda, shuningdek, yozuvchi Abdulla Hakimovning «Ilon izidan» asaridagi: «Katta binoning o‘ng tarafida xonaqoh va chap tomonida ikki qavatli imorat, uning osti zinxona va ustki qismida qator hujralar», degan jumlaga havola qilingan. Lekin bu misol ham «zinxona» atamasi zindon ma’nosini berishini tasdiqlamayapti, chunki masjid va madrasa, xonaqoh va hujralar joylashgan ibodatu ma’rifat maskani hududida zindon bo‘lishiga hech kim ishonmaydi.
Lug‘atda «zinxona» so‘zining go‘yoki fahsh, gunoh ishlar bilan shug‘ullanadigan joy ma’nosini ham bildirishiga misol sifatida taniqli yozuvchi Ne’mat Aminovning «Yolg‘onchi farishtalar» asaridan quyidagi jumla keltirilgan: «Ishdan ketsam ketamanki, bu idorani – bu pirxonani zinoxona qilishingizga yo‘l qo‘ymayman».
Ko‘rinib turibdiki, Ne’mat Aminovning romanidagi ayni jumlada biz o‘rganayotgan «zinxona» so‘zi yo‘q, romanda «zinoxona» deb yozilgan. Kulgili, aniqrog‘i, achinarli tomoni shundaki, lug‘atda N.Aminov jumlasidagi «zinoxona» so‘zini buzib, «zinxona» deb yozishgan.
Qissadan hissa shuki, birinchidan, zinxona va zindon o‘zaro muqobil, aynan tushunchalar emas. Chunki zinxona – ot-ulov va ularning anjomlariga mo‘ljallangan joy bo‘lsa, zindon – mahbuslar saqlanadigan yer ostidagi zax va qorong‘i joy, ya’ni qamoqxona, degani.
Zinxona aslo zinoxona, degan ma’noni ham anglatmaydi. Zero, «zinxona» atamasining o‘zagi – «zin» so‘zi forsiy tildan olingan bo‘lsa, buzuqlik va fahsh ma’nolarida keladigan «zino» so‘zi arabcha.
...Yaqinda tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imni ziyorat qilib, el ma’rakasida qatnashdim. Yoshi ulug‘larimiz «Falonchiboy qurgan mehmonxonali-zinxonali bahavo hovli-joy qishloqqa ko‘rk qo‘shdi», deb mahalliy tadbirkorni duo qilishdi.
G‘ulom MIRZO,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Guliston” jurnali,
2025-yil 2-son, 38-39-betlar
- Qo'shildi: 13.05.2025
- Ko'rishlar: 144
- Chop etish