Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) hayotimizning barcha sohalariga chuqur kirib kelgan: iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, hatto madaniyat va ijtimoiy munosabatlar ham axborot asosida shakllanmoqda. Shu bois har yili 17 may sanasida nishonlanadigan Jahon Telekommunikatsiya va axborot jamiyati kuni (World Telecommunication and Information Society Day) xalqaro miqyosda keng nishonlanishi bejiz emas.
Bu kun birinchidan Xalqaro elektr-aloqa ittifoqi (XEI)ning 1865 yil aynan shu kuni Parijda tashkil topganini yodga solsa, boshqa tomondan insoniyatning AKT sohasida erishgan yutuqlari, bu jarayonning global taraqqiyot hamda barqaror va inklyuziv jamiyat qurishdagi o‘rnini e’tirof etadi.
1969 yildan boshlab bu sana Jahon elektr-aloqa kuni sifatida e’tirof etila boshlangan. 2006 yildan esa XEI BMT Bosh Assambleyasi bilan hamkorlikda bu bayram nomini kengaytirib, Jahon telekommunikatsiya va axborot jamiyati kuni, deb atadi. Shu tariqa AKT nafaqat texnik, balki ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni ham tan olindi.
XXI asrga kelib jamiyatning yangi modeli – Axborotlashgan jamiyat shakllandi. Bu jamiyatda ishlab chiqarish vositasi yoki kuchi endi asosan yer, mehnat yoki kapital emas, balki bilim va axborot bo‘lib qolmoqda. “Axborot jamiyati” termini dastlab o‘tgan asr 60-yillarida paydo bo‘lgan va bugun hayotga chuqur singib ketgan ijtimoiy-iqtisodiy tizimni anglatadi.
Axborotlashgan jamiyatning asosiy belgilari quyidagilar:
- Axborot va bilimning asosiy resursga aylanishi;
- Iqtisodiyotda xizmat sohasining ustunligi;
- Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga tayanilgan ishlab chiqarish va boshqaruv tizimi;
- Global axborot makoni shakllanishi;
- Ijtimoiy ehtiyojni qondirishda axborot mahsuloti va xizmatining muhim o‘rni.
Xullas, axborotlashgan jamiyatda hayot sifati faqat moddiy boylik emas, balki bilimga asoslangan faoliyat, erkin axborot almashinuvi va inson salohiyati namoyon bo‘lishi bilan baholanadi.
O‘zbekistonda axborotlashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, axborotlashtirish “Yuridik va jismoniy shaxsning axborotga ehtiyojini qondirish uchun axborot resursi, texnologiyasi va tizimidan foydalanishga sharoit yaratishning tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni etib belgilangan.
- Bu jarayon quyidagi unsurlardan iborat:
- Axborot resursi – elektron ma’lumot, baza va bank;
- Axborot texnologiyalari – ma’lumotni yig‘ish, saqlash, izlash, ishlov berish va uzatish usuli;
- Axborot tizimi – tizimli tartibda tashkil etilgan axborot infratuzilmasi.
O‘zbekistonda 2022-2026 yillar uchun raqamli taraqqiyot strategiyasi qabul qilinib, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq va moliya tizimiga raqamli texnologiya joriy etilmoqda.
Global tus olgan axborotlashtirish jarayoni quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
- Globallik – barcha davlat va jamiyatilar shu jarayonga tortilgan;
- Izchillik – taraqqiyot ketma-ket bosqichda amalga oshmoqda;
- Yuqori tezlik – texnologik innovatsiya jadal rivojlanmoqda;
- Ochiqlik va inklyuzivlik – ochiq axborot makonini yaratish talab etiladi;
- Nomarkazlashuv – axborot ishlab chiqarish va tarqatish markaziy nazoratdan chiqmoqda.
Binobarin, ayni jarayon ham o‘ziga xos muammolar keltirib chiqarmoqda: raqamli tengsizlik, axborot xavfsizligi, axloqiy va madaniy tahdid, soxta axborot oqimi (dezinformatsiya). Shu sababli davlat siyosati nafaqat texnologiya taraqqiyoti, balki axborot madaniyatini rivojlantirish, raqamli savodxonlikni oshirish, axborot xavfsizligini ta’minlash va xalqaro axborot makonida teng raqobat yaratishishga ham qaratilishi zarur.
Jahon telekommunikatsiya va axborot jamiyati kuni bizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining insoniyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini eslatadi. U taraqqiyotning yuragi, iqtisodiy o‘sishning asosiy omili, ijtimoiy adolatga olib boruvchi vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda aytish joiz, axborot jamiyati nafaqat texnik infratuzilma qurish, balki inson tafakkuri va madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etadi. Bunda har bir davlat, har bir tashkilot va har bir fuqaroning o‘rni beqiyos. Demak, bu kun faqat bayram emas, balki kelajakka mas’uliyatli nigoh ham.
Elyor SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 19.05.2025
- Ko'rishlar: 289
- Chop etish