Akmal Saidov an’anaviy Peterburg xalqaro yuridik forumida ishtirok etdi

19-21-may kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida XIII Peterburg xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi an’anaviy Forum “Huquq: o‘tmish saboqlari – kelajak dunyo uchun” mavzusiga bag‘ishlandi.

Xalqaro anjumanda dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan vakillar qatnashdi. Ishtirokchilar tarkibi asosan taniqli huquqshunos olimlar va yuridik hamjamiyat namoyandalari, shuningdek, tadqiqotchi va amaliyotchi huquqshunoslardan iborat bo‘ldi.

Konferensiyada muhokama qilingan barcha ilmiy-nazariy masalalar markazida tinchlik va barqarorlik, tarixiy xotira va kelajakka ishonch tushunchalari turdi. Binobarin, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2025-yil – Xalqaro tinchlik va ishonch yili, deb e’lon qilingan. O‘z navbatida, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi nishonlanayotgan joriy yilni  – Tinchlik va natsizmga qarshi kurashda birdamlik yili, deb e’lon qildi.

Shu ma’noda, Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasidagi ilmiy munozaralar avvalida insoniyat tarixida eng qonli urushlardan bo‘lgan Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdayoq bashariyatning hozirgi tinch-omon hayoti uchun mustahkam xalqaro-huquqiy poydevor qo‘yilgani haqida so‘z bordi. Jumladan, qisqa vaqt ichida BMT Nizomi ishlab chiqildi va qabul qilindi, natsizmga nisbatan qat’iy va adolatli baho berilgan Nyurnberg tribunali hukmi e’lon qilindi.

Bugungi kunda xalqaro maydonda yuzaga kelgan va tobora qaltis tus olayotgan global beqarorlik va ishonchsizlik muhitida uzoq yillik sinovlardan o‘tgan ana shu huquqiy asoslar shubha ostiga olinishi va taftish qilinishi holatlari kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan Forum ishtirokchilari MDHga a’zo davlatlarda bunday nomaqbul voqelikka munosib javob bo‘ladigan zarur huquqiy vositalarni ishlab chiqish istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikrlashdilar.

Yuridik forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov  ham qatnashdi va so‘zga chiqdi.

Akademik A.Saidov BMT tuzilgach, uning Nizomida qayd etilgan maqsad va prinsiplardan biri sifatida iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar mazmundagi muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, inson huquqlariga hamda irqi, jinsi, tili, dinidan qat’i nazar, hech qanday kamsitishlarsiz, barchaning asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni rag‘batlantirish va rivojlantirish zarurligi alohida ta’kidlangani bejiz emasligiga e’tiborni qaratdi. Chunki bu maqsadning ilgari surilishi Ikkinchi jahon urushi arafasida va urush davrida ommaviy tarzda hamda qo‘pol ravishda inson huquqlari buzilganligi holatlariga nisbatan o‘ziga xos javob edi.

O‘sha davrda, ya’ni 1948-yil 10-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi Muqaddimasida «Insoniyat oilasining hamma a’zolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi» belgilab qo‘yilgan. O‘z navbatida, ushbu Deklaratsiya tasdiqlanishidan bir kun oldin – 1948 yil 9-dekabrda qabul qilingan Genotsid jinoyatining oldini olish va uning uchun jazolash to‘g‘risidagi konvensiyada genotsid xalqaro huquq normalarini buzadigan xalqaro jinoyatlar toifasiga kiritilgan.

O‘zbek huquqshunosi xalqaro huquqning mavjud arxitekturasini saqlab qolish masalasi yuzasidan ham o‘z fikrlarini bayon etdi. Bu borada bir qator amaliy takliflarni, jumladan:

birinchidan, MDHning Xalqaro huquq bo‘yicha komissiyasini tuzish;

ikkinchidan, MDHga a’zo davlatlarning Konstitutsiyalarini nashr etish ishlarini qayta yo‘lga qo‘yish;

uchinchidan, xalqaro huquq va MDHga a’zo davlatlar konstitutsiyaviy huquqi bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari chop etish;

to‘rtinchidan, BMT shartnomaviy organlariga saylovlar davrida MDHga a’zo davlatlarning diplomatik sa’y-harakatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish muhimligiga doir taklif-tavsiyalarini bildirdi.

Ma’lumot uchun: Peterburg xalqaro yuridik forumi 2011-yilda tashkil etilgan. Sankt-Peterburgda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu forum fuqarolar, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy madaniyatni rivojlantirish maqsadida qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish masalalarini professional muhokama qilish uchun eng yirik huquqiy platformalardan biri hisoblanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech