“Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq taraqqiyotining globallashuv sharoitidagi rivojlanishi: yangi yondashuvlar va tendensiyalar”

21-may kuni Inson huquqlari uyida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Onlayn va offlayn tarzda o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bir qator davlat tashkilotlari va ilmiy muassasalar hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada xalqaro va milliy tashkilotlar vakillari, xorijiy olimlar va ekspertlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, davlat boshqaruvi organlari mutaxassislari, amaliy huquqshunoslar, doktorantlar, yosh mustaqil tadqiqotchilar, magistrantlar faol ishtirok etdi. Ishtirokchilarning ma’ruzalari va ilmiy chiqishlari uchta seksiyada taqdim etildi.

Xususan, «O‘zbekiston milliy davlati va huquqining nazariyasi, tarixi va shakllanish jarayonlari» nomli seksiyada O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining tarixi, nazariy asoslari va shakllanish jarayoni haqida chuqur tahlillar o‘tkazildi. Huquqiy qadriyatlarning evolyutsiyasi va ularning yangi davrga moslashuvi masalalari “Globallashuv sharoitida davlat va huquq masalalariga yangicha yondashuvlar – davr talabi”, “Huquqni tadqiq etishning ayrim nazariy-uslubiy jihatlari” kabi ma’ruzalarda ko‘rib chiqildi.

«Yangi O‘zbekistonda davlat va huquq tizimining evolyutsion rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari» seksiyasida konstitutsiyaviy islohotlar, sud tizimida yetuk kadrlar tayyorlash istiqbollari, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mexanizmlar muhokama qilindi. Bunda “O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazoratni takomillashtirishning dolzarb masalalari”, “Globallashuv sharoitida sud sohasida yetuk kadrlarni tayyorlash istiqbollari”, “O‘zbekistonda huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlashning dolzarb masalalari” kabi ma’ruzalar tinglandi.

«O‘zbekiston va xalqaro tashkilotlar hamkorligining holati va istiqbollari: BMT va JST misolida» nomli seksiyada mamlakatning xalqaro maydondagi huquqiy integratsiya jarayonlari, jumladan BMT, Jahon savdo tashkiloti (JST), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro Qizil Xoch jamg‘armasi bilan hamkorlikning amaliyotdagi samarasi muhokama etildi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining JSTga a’zoligi: siyosiy nufuz orzusimi yoki iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar maydoni?”, “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani implementatsiya qilish muammolari va istiqbollari: O‘zbekiston tajribasi”, “Qozog‘istonning xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish amaliyoti” kabi ma’ruzalarda xalqaro huquqiy standartlar va milliy qonunchilikning uyg‘unligi tahlil qilindi.

Tadbir doirasida Shvetsiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘istondan ishtirok etgan xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar vakillari, huquqshunos olimlar bilan birga mazmunli ilmiy muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Raqamli transformatsiya, global chaqiriqlar, huquqiy institutlarni modernizatsiya qilish, inson huquqlari himoyasini davr talabi darajasida kafolatli ta’minlash va huquqiy davlat qurish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya yakunida:

  • O‘zbekistonda huquqiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish;
  • davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni kengaytirish;
  • milliy huquqni xalqaro huquqiy standartlarga uyg‘unlashtirish;
  • ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda huquqiy fanlar bilan boshqa ijtimoiy fanlar hamkorligini kengaytirish va yosh huquqshunoslar salohiyatini rivojlantirish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur konferensiya nafaqat ilmiy-amaliy muloqot platformasi, balki davlat va huquq sohasida yangi g‘oyalar, innovatsion yondashuvlar, xalqaro tajriba va integratsiyalashuv mexanizmlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi. Anjuman asnosida chiqarilgan xulosalar mamlakatimizda huquqiy davlat qurish va demokratik institutlarni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi tayin.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech