"Al Harir": O'zbekistonning "yashil rivojlanish" yo'li nafaqat milliy taraqqiyot, balki mintaqaviy xavfsizlik va global barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan

 

AR-RIYOZ, 20-may. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Al Harir" elektron nashrida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidovning "Yangi O'zbekiston: taraqqiyotning "yashil" yo'li" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 

Maqolada O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O'zbekistonning ekologik siyosatga asoslangan istiqbolli taraqqiyot yo'li batafsil tahlil qilingan.

 

Nashrda XXI asrda global iqlim o'zgarishi, suv resurslari tanqisligi va biologik xilma-xillikning yo'qolishi insoniyat oldida turgan eng muhim muammolar sifatida ta'kidlangan. Muallifga ko'ra, bunday sharoitda O'zbekiston tomonidan tanlangan "yashil rivojlanish" yo'li nafaqat milliy taraqqiyot, balki mintaqaviy xavfsizlik va global barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir.

 

"Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-2025-yillar davomida iqlim o'zgarishiga qarshi kurash borasida 54 ta amaliy tashabbusni ilgari surdi va O'zbekistonda barqaror rivojlanish sohasida kompleks islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, iqlim o'zgarishiga moslashish, qayta tiklanuvchi energetikaga o'tish, Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar hududiga aylantirish, suv resurslarini samarali boshqarish va xalqaro ekologik hamkorlik yo'nalishida yirik dasturlar hayotga tadbiq etilyapti", – ta'kidlagan muallif.

 

O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2021-yili qabul qilingan maxsus rezolyutsiya orqali Orolbo'yi hududining "ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilinishi mamlakatning xalqaro miqyosda ekologik diplomatiyasidagi muhim yutuqlaridan biridir. Shu bilan birga, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida, COP28, Shanxay hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitlari doirasida ilgari surgan "yashil" tashabbuslari, xususan, "yashil energetika makoni", "yashil belbog'" va "Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabi" kabi tashabbuslari muhim ahamiyatga ega.

 

"O'zbekistonda "yashil iqtisodiyot" konsepsiyasi Konstitutsiyaviy siyosat darajasiga ko'tarilgan. Ekologik madaniyatni shakllantirish, yosh avlodni ekologik tafakkur ruhida tarbiyalashga ham alohida e'tibor qaratilyapti", – deb yozilgan "Al Harir"da e'lon qilingan maqolada.

Powered by GSpeech