Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyalarni amalga oshirish borasidagi O‘zbekiston tajribasi Jenevada taqdim etildi

30-iyunda Shveysariyaning Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari kengashi 51/33-rezolyutsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda, boshqalar qatori, O‘zbekiston tajribasi ham namoyish etildi.

Tadbir inson huquqlarini amalga oshirish, hisobotlar taqdim etish va kelgusi faoliyatning milliy mexanizmlarini yaratish, faoliyat yuritish va mustahkamlash bilan bog‘liq tajriba hamda ilg‘or amaliyotlar almashishga bag‘ishlandi.

Seminar munosabati bilan Millatlar saroyida BMTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari to‘plandi. Uchrashuvda asosan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish va shartnomaviy organlarning tavsiyalarini joriy etish bo‘yicha harakatlarni samarali muvofiqlashtirish strategiyalari, shuningdek, Universal davriy sharh muhokama qilindi.

BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari yutuqlaridan foydalanish, ayniqsa, ixtiyoriy milliy sharhlarni tayyorlash va bu jarayonda milliy mas’uliyat hamda hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish uchun yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida qabul qilingan "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni tezlashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida"gi qaror yuqori baholandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov o‘z nutqida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish samaradorligi milliy muvofiqlashtirish mexanizmlarining sifati va institutsional yetukligiga bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

Mamlakatimiz vakili O‘zbekistonning milliy modelini taqdim etdi. Bunda, avvalo, O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish siyosatida asosiy element bo‘lgan inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish amaliyoti haqida so‘z yuritildi. A.Saidov qayd etganidek, 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan birinchi strategiya 2020-yilda tasdiqlangan bo‘lib, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tizimlashtirishda muhim qadam bo‘ldi. Hozirgi vaqtda 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasini tayyorlash ishlari yakunlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyalarni amalga oshirish borasidagi O‘zbekiston tajribasida, shuningdek:

  • hisobot va keyingi faoliyat milliy mexanizmini joriy etish;

  • xalqaro majburiyatlarning bajarilishini real vaqt rejimida monitoring qilishni ta’minlaydigan raqamli platforma – "Tavsiyalarni kuzatish bo‘yicha milliy ma’lumotlar bazasi"dan foydalanish;

  • inson huquqlarini himoya qilish siyosatida parlament va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki yo‘nalishlari alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratildi.

Xalqaro seminar ishtirokchilari milliy strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yuqori baholadilar. Bu tajriba inson huquqlari infratuzilmasini tizimli ravishda mustahkamlashga intilayotgan boshqa davlatlar uchun muhim yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi e’tirof etildi.

Tadbir doirasida ekspert uchrashuvlari va yalpi sessiyalar ham o‘tkazildi. Ularda inson huquqlari mavzularini ta’lim dasturlariga singdirish yo‘llari, inson huquqlari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning malakasini oshirish, bu jarayonda akademik hamjamiyatlar va ilmiy muassasalarning rolini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar muloqotni davom ettirish, bilim almashish va milliy mexanizmlarning o‘zaro hamkorligi uchun platforma yaratish muhimligini ta’kidladilar. Mintaqaviy, shu jumladan Markaziy Osiyo doirasida forumlar o‘tkazish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida ishlab chiqilayotgan virtual bilimlar markazi funksiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

O‘zbekiston delegatsiyasining seminardagi ishtiroki mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global jarayonlarga faol qo‘shilishga, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga va inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimini mustahkamlashga hissa qo‘shishga tayyorligining yorqin dalili bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

UzDaily.uz

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech