Toshkent viloyatida qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kursi o‘tkazildi

3-4-iyul kunlari Toshkent viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirildi.

O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 77 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy e’tibor, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Dastlab Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov videomurojaatlari namoyish etildi.

  So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarni butunlay istisno qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

O‘quv kursining birinchi kuni:

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”;

  • Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Turg‘unov  “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”;

  • Huquqni muhofaza qilish akademiyasining Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi o‘qituvchisi Davlat Oblaqulov “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi”;

  • Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tumani sudi  tergov sudyasi  Anvar Hamidov “Qiynoqqa oid ishlari bo‘yicha sud amaliyoti”;

  • Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusidagi ma’ruzalarini taqdim etdi.

Amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Bunda ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, turli keyslar ustida ishladilar. Qiynoqlarni aniqlash va hujjatlashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.

O‘quv kursining ikkinchi kuni:

  • Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i Alimjon Matchanov “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar” hamda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashishda kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, qiynoq to‘g‘risida xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi”;

  • Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti katta o‘qituvchisi Doston Eshqulov  “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzularida ma’ruza qildi va mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

Shuningdek, xalqaro ekspert Azamat Shambilov “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusida onlayn dars bilan chiqish qildi. Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farxod Hayitboyev O‘zbekistonning qiynoqlarga qarshi xalqaro majburiyatlari va ularning bajarilishi bo‘yicha axborot berdi.

   Tinglovchilarning nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlar bilan chuqurlashtirildi, kurs yakunida bilimlarni baholash maqsadida test sinovi tashkil etildi. Sinovni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga  sertifikatlar topshirildi.

   Inson huquqlari sohasidagi bunday malaka oshirish tadbirlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qiynoq va inson qadrini kamsituvchi har qanday muomalaga barham berish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech