«O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi»ning 1- va 2 - jild kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi»ning 1- va 2 - jild kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

O‘zbek jurnalistikasi uzoq va boy tarixga ega. Bu tarixni tadqiq etish, milliy jurnalistikamizning shakllanish va rivojlanish bosqichlari haqida kengroq ma’lumotlarga ega bo‘lish, har bir davrning eng yaxshi jurnalistik materiallari – asarlarini yoshlarga, kelgusi avlodlarga yetkazish muhim masala.  

Shu paytgacha media sohasiga doir ko‘plab darslik va qo‘llanmalar, milliy jurnalistikamiz shakllanishi va uning rivojlanish bosqichlariga oid ma’lumotlar o‘rin olgan kitoblar nashr etilgan bo‘lsa-da, “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” yaxlit holatda yaratilmagan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobini nashrga tayyorlash belgilangani, buning uchun zarur mablag‘ ajratilgani milliy jurnalistikamiz antologiyasini yaratish imkonini berdi.

                            

–  Davlatimiz rahbari 27 iyun – Matbuot va ommviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigi media soha vakillari uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. –  Unda mamlakatimiz yetakchisi atoqli jadid bobomiz Hoji Muinning “Matbuot tarixi – Uyg‘onish davri tarixining bir bo‘lagidir”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirganlar. Darhaqiqat, keyingi yillarda ulug‘ ajdodlarimiz boshlab bergan ibratli an’analarni davom ettirib, demokratik jamiyatning muhim sharti va tamoyili bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirishga mamlakatimizda ustuvor e’tibor qaratilmoqda. «O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi»ning 1- va 2 - jild kitoblarining tayyorlanib, nashr etilishi ham media soha tarixini mukammal tadqiq etish, uning targ‘ibotini kuchaytirish borasidagi tizimli ishlarning amaliy natijasidir.  

Makur kitob O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh tashkilotchiligida, ijodiy mas’ulligida yaratildi. Uning yaratilishiga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mas’ullari, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika yo‘nalishi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti va boshqa jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari katta hissa qo‘shdi.  

Aytish kerakki, ushbu kitobni nashrga tayyorlashdan avval soha olimlari, ustoz va tajribali jurnalistlar, media uchun kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirokida “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi”ni yaratish bo‘yicha maslahatlashuv-muhokama uchrashuvi o‘tkazilib, ishga kirishildi, ishchi va ijodiy guruhlar shakllantirildi.  

Ushbu 2 jildli “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobi “Qadimgi davr jurnalistikasidan lavhalar”, “Milliy jurnalistika shakllanishi va takomilining asosi (o‘rta asrlar)”, “Jadid jurnalistikasi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)”, “Ikkinchi jahon urushi davri jurnalistikasi”, “Turg‘unlik davri jurnalistikasi: murakkab siyosiy jarayon va matbuotdagi evrilishlar”, “Qayta qurish va oshkoralik davri jurnalistikasi”, “Mustaqillik davri o‘zbek matbuoti” davrlarini o‘z ichiga oladi.

Ish jarayonida arxiv va kutubxona fondlarida saqlanayotgan tarixiy hujjat va gazetalardan fotonusxalar, turli davrlarda chop etilgan eng sara publitsistik maqolalar, ocherk va feletonlardan namuna va parchalar olishga to‘g‘ri keldi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mas’ullari bu borada yordamini ayamadi.

Uzoq vaqt izlanish va hamkorlikda qilingan mehnat natijasida ushbu 2 jildlik “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” kitobi nashrga tayyorlandi. Mazkur antologiyaga milliy jurnalistikamiz shakllanish bosqichlariga doir eng muhim ma’lumotlarni kiritishga harakat qilindi.  

Milliy jurnalistikamizning rivojlanish bosqichlari bilan bog‘liq muhim va qimmatli ma’lumotlar jamlangan “O‘zbek jurnalistikasi antologiyasi” yurtimiz ommaviy axborot vositalari vakillari, ijodkorlar, tadqiqotchilar, jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi-talabalari, sohaga qiziqqan barcha kitobxonlar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi aniq.  

Nazokat Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov (surat),  

O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech