16-iyul – Sun’iy intellekt e’tirof etilgan kun
Ushbu sanani har yili dunyo bo‘ylab nishonlashdan maqsad – sun’iy intellekt texnologiyasining tarixi va yutuqlarini e’tirof etishdan iborat. Shu bahonada uning joriy va istiqboldagi shakllaridan inson hayotida foydalanish borasidagi bilimlarni oshirish imkoniyati ham tug‘iladi.
Sun’iy intellekt tarixiga nazar solinsa, u bir necha o‘n yillardan buyon rivojlanib kelayotgan yo‘nalish ekani ayon bo‘ladi. Ilk bor 1956-yilda Germaniyaning Dortmund shahrida tashkil etilgan konferensiyada olimlar tomonidan “sun’iy intellekt” atamasi ilgari surilgan. Keyinchalik, 1997-yilda shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Kasparov birinchi marta sun’iy intellekt bilan shaxmat o‘ynagan.
So‘nggi yillarda, ayniqsa, oxirgi o‘n yillikda sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologiyalar shiddatli rivojlanib, tobora murakkablashib va eng mushkul masalalarga ham qulay va oson yechim topadigan darajada mukammallashib bormoqda. Bugungi kunda sun’iy intellekt hayotimizning, ayniqsa, sanoat, yuk tashish, moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi turli sohalarida tobora keng qo‘llanilmoqda.
Yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’min etish uchun sun’iy intellektdan unumli foydalanish zarurligi borasida mamlakatimizning xalqaro tashkilotlar va rivojlangan demokratik davlatlar bilan yondashuvlari o‘xshash. Binobarin, O‘zbekistonda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Shuningdek, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilmoqda.
Ayni Strategiya Prezidentimizning 2024-yil 30-avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida ishlab chiqilgan. Shu negizda davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangan.
Sun’iy intellekt — insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish imkonini beruvchi, shu jumladan, mustaqil ravishda o‘rganish va yechimlarni izlash hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beradigan texnologik yechimlar majmuidir. Strategiyada sun’iy intellektga shunday ta’rif berilgan.
Strategiyada sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishining joriy holati va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda mamlakatimizda sun’iy intellektni keng qo‘llash, jadal rivojlantirish maqsadlari, vazifalari va ustuvor yo‘nalishlari qayd etilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida milliy manfaatlarni inobatga olgan holda strategik ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish, o‘rta va uzoq muddatli, shu jumladan, ilmiy-texnikaviy rivojlanish sohasidagi vazifalar belgilangan.
Bunga qadar, 2021-yil 17-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingani muhim ahamiyat kasb etdi. Shu asosda yurtimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Birinchidan, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiyot tarmoqlari hamda davlat boshqaruvi tizimida amaliy qo‘llanishi bo‘yicha kurslar va fanlar joriy etildi.
Ikkinchidan, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab «Sun’iy intellekt» yo‘nalishida kadrlar tayyorlash uchun 12 ta oliy ta’lim muassasasiga 572 nafar talaba (510 nafar bakalavr, 62 nafar magistratura) o‘qishga qabul qilindi.
Uchinchidan, «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan «Sun’iy intellekt» yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olish istagini bildirgan yoshlar yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga yuborildi.
To‘rtinchidan, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida ixtisoslashgan laboratoriyalarga ega Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.
Beshinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotdan foydalanish uchun davlat organlari ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi (data.egov.uz) ishga tushirildi.
Oltinchidan, Prezident qarori doirasida qishloq xo‘jaligi, bank, moliya, transport, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, energetika, soliq va boshqa ustuvor tarmoq va sohalarda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihalari amalga oshirildi.
O‘z navbatida, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasining maqsadi ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilashdir.
Strategiyani mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida yaqin istiqbolda, xususan:
birinchi – sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish yo‘nalishida:
-
milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro tajriba asosida ishlab chiqish va takomillashtirish;
-
sohadagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qulay muhit yaratish;
-
xavfsizlik va etika talablarini joriy etish;
ikkinchi – ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda ustuvor loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishida:
-
sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda rivojlantirish orqali yangi va yuqori qiymat qo‘shilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini, xizmatlar ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;
uchinchi – sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida:
-
milliy standartlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;
-
xalqaro tashkilotlar va sohadagi ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash;
to‘rtinchi – sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantirish yo‘nalishida:
-
sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, ularni sinovdan o‘tkazish va rivojlantirish uchun zarur infratuzilma yaratish;
-
ochiq ma’lumotlar va «katta ma’lumotlar» to‘plamlarini shakllantirish;
beshinchi – aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida:
-
sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish;
-
malakali kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish, ushbu jarayonga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda o‘qituvchi va professorlarning bilim va malakalarini oshirish kabi muhim ishlarni bajarishga allaqachon kirishilgan.
BMT Bosh Assambleyasining sun’iy intellekt bo‘yicha dastlabki rezolyutsiyasida hech kim sun’iy intellektdan tinchlikka tahdid solish yoki inson huquqlarini poymol etish uchun foydalanishga haqli emasligi alohida uqtirilgan. Sun’iy intellektni tartibga solish va innovatsiyalar – bir-birini inkor qilmasligi, aksincha, o‘zaro uyg‘un hamda chambarchas bog‘liq tushunchalar ekanligi ta’kidlangan.
Rezolyutsiya talabiga ko‘ra, sun’iy intellekt faoliyati bilan bog‘liq barcha avtomatlashtirilgan qarorlar va tegishli jarayonlar inson nazorati ostida bo‘lishini amalda ta’minlash taqozo etiladi. Shu nuqtayi nazardan, Yangi O‘zbekistonning Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi ayni talablarga har tomonlama javob beradi.
Mazkur Strategiyani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishishdir. Bunda, shuningdek, «Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlashni ham o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda raqamli texnologiya va sun’iy intellekt iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 10-iyunda bo‘lib o‘tgan To‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Mamlakatimizda shu yilning o‘zida IT eksporti 1 milliard dollarga yetadi. 2030-yilga borib, bu ko‘rsatkichni 5 karra oshirish uchun salohiyatimiz ham, imkoniyatimiz ham yetarli. Bu ishlarimiz xalqaro darajada e’tirof etilib, Sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro indeksda bir yilda 17 pog‘onaga ko‘tarildik”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 16.07.2025
- Ko'rishlar: 429
- Chop etish