INSON HUQUQLARI – BIZ UCHUN OLIY QADRIYAT

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya jarayonlarining markazida inson qadri, huquq va erkinliklarini ta’minlash g‘oyasi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasidagi faoliyat bosqichma-bosqich yangi, yanada yuqori pog‘onalarga ko‘tarilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yo‘q – qonun talablari va inson huquqlari – biz uchun oliy qadriyat”[1].

 

2030-yilgacha inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya: yangi loyiha tayyor, oldingi hujjat bajarildi

 

Yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili, deb e’lon qilingan 2025-yilning yarmi ortda qoldi. Ayni davrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi doirasida hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning birinchi yarmida, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi. Yangi Milliy strategiya loyihasini takomillashtirish maqsadida o‘ndan ortiq tadbir – milliy va xalqaro darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Bitta misol: 30-aprel kuni Milliy strategiya loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan milliy maslahatlashuvlarda 50 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, vazirlik va idoralar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-o‘quv muassasalari vakillari, shuningdek, ishchi guruh hamda Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari qatnashdi. Muhokamalarda loyihani takomillashtirish yuzasidan bildirilgan bir qator amaliy takliflar inobatga olindi.

Avvalgi Milliy strategiya – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining ijrosi yakunlanmoqda. Milliy markaz tomonidan ushbu hujjatning bajarilishi har chorakda monitoring qilib borildi.

Milliy strategiya doirasida, jumladan, 33 ta qonun hujjatlari loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgandi. Ushbu hujjatlar loyihalarining 2020-yilda – 20 tasi, 2021-yilda – 8 tasi, 2022-yilda – 3 tasi, 2023-yilda – 2 tasi ishlab chiqildi. O‘z navbatida, 2025-yilning birinchi yarmida  8  ta qonun, Prezidentning 11 ta farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilindi.

Inson huquqlari bo‘yicha yangi Milliy strategiya nima uchun ishlab chiqildi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki,  2020  yilda  qabul  qilingan  Inson  huquqlari  bo‘yicha  O‘zbekiston Respublikasi  Milliy  strategiyasini amalga oshirish inson huquqlarini himoya qilish  masalasining davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb  etishini ko‘rsatib berdi, shuningdek, mamlakatimizning  ushbu  sohada rivojlanishiga ulkan  hissa qo‘shdi.  Jumladan,  inson  huquqlari  va manfaatlarini  himoya qilishga qaratilgan 58 ta  qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 57 ta farmon  va qarorlari,  Vazirlar Mahkamasining  29  ta  qarori  qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida  inson huquqlari  va  erkinliklari  kafolatlariga  taalluqli  normalar takomillashtirilib,  inson  huquqlari  bo‘yicha  milliy  institutlarga konstitutsiyaviy maqom berildi. O‘zbekiston 2021 – 2023-yillarda BMTning Inson huquqlari  bo‘yicha  kengashi  a’zosi sifatida  ushbu xalqaro tuzilma faoliyatida faol ishtirok etdi.

O‘z navbatida, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, inson huquqlari  sohasidagi  davlat  siyosatini  yanada rivojlantirish,  inson  huquqlari  va erkinliklarini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirish  va  fuqarolik  jamiyati institutlarining ushbu sohadagi ishtirokini kengaytirish taqozo etilmoqda. Bu dolzarb talab, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlarini himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan huquqiy hujjat qabul qilinishini kun tartibiga qo‘ymoqda, deb hisoblaymiz.

 

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va malaka oshirish

 

Bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari fonida inson huquqlarini himoya qilish borasidagi muammolar yanada murakkab tus olmoqda. Yangi ijtimoiy munosabatlarning shakllanishi, axborot oqimining keskin ortishi, texnologiyalar ta’sirining kuchayishi inson huquqlari sohasidagi siyosat va amaliyotni qayta ko‘rib chiqish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etishni talab etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Milliy markazning ilmiy-tadqiqot ishlari jahon andozalari va xalqaro huquq normalari asosida olib borilmoqda.

Ayniqsa, ta’lim va malaka oshirish sohalarida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda sohaning boshqa manfaatdor subyektlari uchun maqsadli o‘quv kurslari, seminar-treninglar va malaka oshirish dasturlari tashkil etilmoqda. Bu ma’rifiy tadbirlar ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, inson huquqlari sohasidagi xalqaro amaliyot bilan tanishish imkonini beradi.

Milliy markaz tomonidan 2025-yilning birinchi yarmida Ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura bilan hamkorlikda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari respublika miqyosida 4 ta hududda amalga oshirildi.

Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek viloyat, tuman (shahar) sudi sudyalari hamda sud apparati xodimlaridan iborat jami 274 nafar tinglovchi ishtirok etdi.

Shu bilan birga, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi prinsip va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Yanada e’tiborlisi, joriy yilda xalqaro hamjamiyat Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligi hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining 30-yilligini keng nishonlamoqda.

Shu munosabat bilan mazkur xalqaro shartnomalarning asosiy ahamiyatini ta’kidlash hamda bugungi kunda yuzaga kelayotgan kamsitishlarning oldini olish uchun samarali va innovatsion amaliyotlar bo‘yicha keng qamrovli kampaniya olib borish maqsadida hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar ishtirokida Tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va izchil amalga oshirilmoqda.

Milliy markaz tomonidan BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi matni o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida nashr etildi.  Shu yil 29-yanvarda Inson huquqlari uyida ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazildi.

Milliy markaz inson huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishni tashkil etish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 3 ta oliy ta’lim muassasasi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi. Bu o‘rinda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi timsolidagi hamkorlarimiz haqida so‘z bormoqda.

 

Inson huquqlari sohasi: monitoring va ekspertiza

 

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar tomonidan berilgan tavsiyalar mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro standartlarga moslashuvida muhim o‘rin tutadi. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tavsiyalarning bajarilishi holati muntazam ravishda monitoring qilib borilmoqda.

O‘tgan olti oyda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha BMTning ustav va shartnomaviy organlari hamda boshqa mexanizmlarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida 4 ta Milliy harakatlar rejasining ijrosi o‘rganildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etilishi izchil amalga oshirilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari inson huquqlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 30 ta normativ-huquqiy hujjat mazkur ekspertizadan o‘tkazildi.

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tavsiyalarning bajarilishi holati muntazam ravishda monitoring qilib borilmoqda. Keyingi olti oyda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishi holati yuzasidan 3 ta monitoring o‘tkazildi. 

Xususan, Milliy markaz tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida xotin-qizlar huquqlari amalga oshirilishi bilan bog‘liq muammolar aniqlanib, ularning odil sudlovdan foydalanishi va huquqlarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligi darajasi o‘rganildi.

Bundan tashqari, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarining bajarilishi, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash, yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda kompensatsiya berish tartibi ijrosi ustidan Buxoro viloyatida monitoring o‘tkazildi.

O‘tgan olti oyda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosi ham monitoring qilindi. Milliy markaz tomonidan Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi ta’lim muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” o‘qitilishi sifati o‘rganildi.

Bunday monitoringlar jarayonida, bir tomondan, amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahliliy asosda atroflicha o‘rganilsa, ikkinchi tomondan, ijro bilan bog‘liq muammoli masalalar, taklif va tavsiyalar ham alohida qayd etiladi. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlari sohasidagi islohotlarning shaffofligi va natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Davlat va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik

 

Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash sohasida samarali faoliyat yuritish maqsadida davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy markaz ushbu jarayonda markaziy bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida faoliyat yuritib, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan doimiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ushbu hamkorlik huquqiy ta’limni rivojlantirish, inson huquqlari bo‘yicha monitoring o‘tkazish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda. Jumladan, turli davlat idoralari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari va xalqaro ekspertlar inson huquqlariga oid milliy harakatlar rejalari va dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasida bir qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan bo‘lib, ulardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada Milliy markaz muhim muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritadi hamda ushbu majburiyatlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shu yil boshida Milliy markaz huzuridagi Jamoatchilik kengashi nizomi tasdiqlanib, uning faoliyati qayta tashkil etildi. Jamoatchilik kengashi tarkibi shakllantirildi va 27-fevralda Kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi.

Joriy yilning o‘tgan davrida BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari mulohaza va tavsiyalari amalga oshirilishini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan monitoringlarda ham Jamoatchilik kengashi a’zolari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari faol ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari madaniyati: ma’rifat, targ‘ibot, axborot siyosati

 

Milliy markazning «Inson huquqlari uyi» o‘tgan yilning 3-dekabrida rasman ochildi. Ushbu ma’rifat maskani inson huquqlari sohasida ta’lim, axborot tarqatish, huquqiy madaniyatni oshirishda va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Bu yerda shu vaqtgacha 25 ta tadbir o‘tkazildi. Milliy markaz tomonidan yangi chop etilgan adabiyotlarning taqdimotlari, kitoblar tuhfa etish tadbirlari, inson huquqlariga oid o‘quv mashg‘ulotlari, turli mavzularga oid mahorat darslari, uchrashuvlar, davra suhbati va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar  shular jumlasidandir.

O‘tgan olti oyda “Inson huquqlari uyi” tomonidan hududlardagi axborot-kutubxona markazlari hamda turli idora va tashkilotlarga 380 nomdagi 1 ming 414 ta inson huquqlariga oid adabiyot beg‘araz taqdim etildi. Shuningdek, 2 ming 440 nomdagi 4 ming 221 nusxa adabiyot IRBIS dasturiga kiritilib, ularning elektron katalogi yaratildi.

Inson huquqlarini himoya qilish va ularni targ‘ib etishda axborot siyosati hamda madaniy-ma’rifiy ishlar muhim o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishlarda jamoatchilikning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, inson huquqlari sohasida xolis va ishonchli ma’lumotlar tarqatish, shuningdek, ijtimoiy adolat va bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash Milliy markaz faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Milliy markaz ommaviy axborot vositalari, internet platformalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali inson huquqlari bilan bog‘liq muhim mavzularda maqolalar, intervyular, videoroliklar va tahliliy materiallar tayyorlab, aholiga yetkazib kelmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida 2 ming 782 ta axborot Milliy markaz rasmiy saytiga joylashtirilgani ham bu fikrimizning amaliy tasdig‘idir.

Milliy markaz jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirish va huquqni himoya qilish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan adabiyotlarni tayyorlash va chop etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Keyingi olti oyda 13 ta nomda bosma va elektron nashrlar chiqarildi. Bunda uchta asosiy yo‘nalish – inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar to‘plamlarini davlat tilida nashr etish, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, shuningdek, ma’rifiy materiallarni nashr etishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari Milliy markaz muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2 ta soni nashr etildi. Jurnalning 1-soni 2025-yil – Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yiliga bag‘ishlangan bo‘lsa, 2-sonida Gender tenglik bo‘yicha Pekin deklaratsiyasi qabul qilinganining 30-yilligiga oid maqolalar e’lon qilindi. Shuningdek, Milliy markaz hammuassisligidagi “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalining ham ikki soni nashrdan chiqdi.

 

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik samaralari

 

O‘zbekiston BMTning asosiy inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalariga qo‘shilgan. Inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yil boshidan Milliy markaz direktori BMT Inson huquqlari qo‘mitasida saylangan a’zo sifatida o‘z faoliyatiga kirishgan bo‘lsa, direktorning birinchi o‘rinbosari 2025-2028-yillarga Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga a’zo etib saylandi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi, BMT tizimidagi dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida yarim yil ichida 6 ta tadbir tashkil etildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus tartib-taomillari (protseduralari) bilan amaliy hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.

Shuningdek, 2025-yilning birinchi yarmida Milliy markazga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maxsus ma’ruzachilaridan hamda yakka tartibdagi murojaatlar bo‘yicha jami 60 ta hujjat kelib tushdi. Shulardan 53 ta hujjat Maxsus ma’ruzachilar hamda yakka tartibdagi murojaatlarda keltirilgan masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Milliy markaz tomonidan javob xati tayyorlanib, maxsus ma’ruzachiga taqdim etildi.

Qolgan murojaatlar yuzasidan javoblar tayyorlanmoqda va tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ushbu jarayonda murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning huquqiy va amaliy jihatlari puxta tahlil qilinib, xalqaro majburiyatlar hamda milliy qonunchilik talablariga muvofiq ravishda munosabat bildirilishi ta’minlanmoqda.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) bilan hamkorlik doirasida Termiz va Farg‘ona shaharlarida Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

O‘tgan davrda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash doirasida Milliy markaz vakillari Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ozarbayjon, Qatar, Belgiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi 9 ta davlatga tashrif buyurdilar.

Hisobot davrida inson huquqlari sohasida xalqaro tajriba almashish hamda samarali aloqalarni davom ettirish maqsadida Milliy markazga xalqaro hamkorlarning 16 ta tashrifi amalga oshirildi.

Milliy markaz bilan Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bundan maqsad xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, eng yaxshi amaliyot va axborotlar, shu jumladan, inson huquqlari sohasida qabul qilingan qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar almashishdan iborat ekanini ta’kidlash lozim.

Muxtasar aytganda, joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Ushbu sohadagi institutsional mexanizmlar takomillashtirildi va xalqaro standartlarga mos ravishda samarali amaliyotlar joriy etildi. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida milliy strategik hujjatlar ijrosi, jumladan, milliy harakat rejalari va sohaviy dasturlarning amaliyotga tatbiq etilishiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

“Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2025-yil 17-iyul kungi 145 (1471)-soni

[1] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Xalqchil islohotlar xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi. 7-jild. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2023.  – B. 224.

Powered by GSpeech