Akmal Saidov – O‘zbekiston-Germaniya do‘stligi va hamkorligiga hissa qo‘shgan o‘zbek ziyolisi

Kuni kecha “Zamon va zaminlarda toblangan do‘stlik” (O‘zbekiston-Germaniya do‘stlik, hamkorligiga hissa qo‘shgan o‘zbek va nemis ziyolilari” nomli kitob nashrdan chiqdi. Yangi to‘plamdan akademik Akmal Saidovning nemis adabiyotiga mansub durdona asarlarni o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi serqirra faoliyati talqiniga bag‘ishlangan salmoqli maqola ham joy olgan.

“Akademik Akmal Saidov – komparativist olim” sarlavhali maqolada dastlab qiyosiy huquqshunoslik sohasida ilmiy dissertatsiyalar yoqlagan, keyinchalik qiyosiy adabiyotshunoslik sohasiga oid kitob va maqolalar e’lon qilgan taniqli olimning ana shu ikki yo‘nalishning farqli hamda o‘zaro o‘xshash jihatlarini kashf etishga qaratilgan izlanishlari tahlilga tortilgan.

Shuningdek, Amir Temur va Georg Gendel, Gottxold Efraim Lessing ijodida or-nomus tarannumi, Gyoti ijodini o‘rganishning olti yo‘nalishi, Tomas Mann ijodining O‘zbekistonda o‘rganilishi, Nitshening “Zardusht nidosi” asari – o‘zbek nasri va nazmida, Hofman ertaklarining o‘zbekcha talqini, Herman Hessening muhabbat bilan mutolaaga da’vati kabi mavzularda A.Saidov e’lon qilgan tadqiqotlar natijalari xususida atroflicha fikr yuritilgan.

Adabiyotlararo robita xalqlar do‘stligiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, maqolada ta’kidlanganidek, taniqli olimning ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, Sharq va G‘arb o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro adabiy ta’sir muammolarini o‘rganish yo‘lidagi muhim qadamlardir.

Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Herman Vamberi, Annemarie Brigitta Shimmel, Zigrid Klaynmixel, Ingeborg Baldauf, Karl Rayxl, Gabriele Keller, Yakob Taube, Anna German kabi mashhur nemis ziyolilari hayoti va faoliyati haqida hikoya qilingan. Ikkinchi qismdan nemis adabiyotini o‘rganishga hissa qo‘shgan o‘zbek ziyolilarining ilmiy-ijodiy faoliyatiga doir maqolalar joy olgan.

To‘plam “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati tomonidan nashr etilgan. Yangi nashr tarjimashunoslar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar, media-ekspertlar va oliy o‘quv yurtlarining lingvistika, xalqaro munosabatlar, nemis tili yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech