ODIL VA MUSTAQIL SUD – YANGI O‘ZBEKISTON POYDEVORI

 (Akademik Akmal Saidov bilan beshinchi suhbat: Taraqqiyot strategiyasi va sud islohotlari istiqboli)

 

Mamlakatimizda sudyalik lavozimiga nomzodlarni “30 foiz nazariya – 70 foiz amaliyot” tamoyili bo‘yicha tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tamoyilning mazmun-mohiyati va ahamiyati qanday?

 

– Bugungi kunda amalga oshirilayotgan “30 foiz nazariya – 70 foiz amaliyot” tamoyili asosidagi o‘quv dasturi 4 ta bosqichni o‘zida qamraydi.

Birinchisi – dastlabki nazariy tayyorlov bosqichi. Ikki oyga mo‘ljallangan ushbu bosqichda sudyalik lavozimiga nomzodlarning ixtisrslik bo‘yicha maxsus dastur asosida nazriy bilimlari boyitiladi. Ular sud psixologiyasi maxsus kursi, sud-huquq islohotlari, sudyaning ma’naviy qiyofasini shakllantirish kurslaridan saboq oladi. Amaliy tayyorlov va stajirovkaga yuboriladi.

Ikkinchisi – amaliy stajirovka bosqichi bo‘lib, 9 oy davom etadi. Bunda har qaysi ixtisoslikdagi sudlar bo‘yicha sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun alohida stajirovka dasturlari ishlab chiqilgan. Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyaligiga nomzodlar profilaktika inspektori huzurida – 10 kun, IIBning surishtiruv va operativ-qidiruv bo‘limlarida – 20 kun, tergov idoralarida – 30 kun, prokuratura idoralarida – 10 kun, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Sud-ekspertiza markazi kabi idoralarda – 30 kun, advokaturada – 10 kun, Xalq qabulxonalarida – 10 kun amaliy stajirovka o‘taydi.

Shuningdek, birinchi instansiya sudida amaliyot o‘tash uchun 140 kunlik muddat ajratilgan. Bunda sudyalik lavozimiga nomzodlar tuman sudlari faoliyati bilan tanishadi. Qolaversa, “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarida ishlash, sud majlislarida ishtirok etish, sud hujjatlari loyihalarini tayyorlash, ariza va shikoyatlarni rasmiylashtirish ishlarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, sudyalik lavozimiga nomzodlar apellyatsiya instansiyasida amaliyot o‘tash uchun 40 kun muddatga viloyat sudiga yuboriladi. Bu yerda ular sud hujjatlari loyihalarini tayyorlash, sud majlislarini o‘tkazish, sayyor sudlarda ishtirok etish, shikoyatni o‘rganish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi.

Uchinchisi – yakunlovchi nazariy o‘qitish bosqichi. Bu bosqich uchun bir oy ajratilgan bo‘lib, sudyalik lavozimiga nomzodlar o‘qish jarayonida har bir mavzuga individual yondashish,  sud amaliyotida uchraydigan muammoli masalalarga yechim topish, Oliy sud Plenumi va Rayosati qarorlarini tahlil qilish, qonunchilikdagi yangiliklarning mohiyatini yetkazish hamda kasbiy ko‘nikma va qobiliyatlarini takomillashtirish bilan mashg‘ul bo‘ladi.  

To‘rtinchisi – sudyalik lavozimiga tayinlangan kadrlarning professional ko‘nikmalarini shakllantirish bosqichi. Ushbu bosqich uchun uch oy muddat belgilangan. Bu davrda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ishlarni tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, psixologiya, etika va nutq madaniyati, diplomatiya va ma’muriyatchilik sohalari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tiladi.

Shuningdek, joylarda sudyalik lavozimiga nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlarini o‘rganish uchun jamoatchilik komissiyalari tashkil etilgan.

 

– Yangi O‘zbekistonda sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda qanday muammolar mavjud?

 

– Sud va sudyalar faoliyatining turli sohalarida yechimini kutayotgan bir qator muammolar bor. Bu muammolar soha ekspertlari tomonidan o‘rganildi va ularni hal etish bo‘yicha muayyan amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Dastlab sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarishiga taalluqli muammolarga to‘xtalaman.

Birinchidan, “Sudyalar hamjamiyati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish lozim. Qonun asosida avvalo sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tartibi va shakllari joriy qilinadi. Qonunda, jumladan, Sudyalar s’ezdi, konferensiyasi, kengashi, umumiy yig‘ilishi, malaka hay’ati haqidagi normalar o‘z aksini topadi.

Ikkinchidan, Sudyalar oliy kengashi tarkibini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibini joriy etish kerak bo‘ladi. Natijada Sudyalar oliy kengashi haqiqiy sudyalar hamjamiyati organiga aylanadi. Eng muhimi, Kengash a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Senati va Sudyalar s’ezdi tomonidan tayinlash hamda saylash tartibi joriy etiladi.

Uchinchidan, ko‘p tarkibli tuman (tumanlararo, shahar) sudining raisi va o‘rinbosarlarini shu sud sudyalari tomonidan saylash tartibini amaliyotga kiritish darkor. Bunday yangicha tartib, birinchidan, sudyalarning mustaqilligini ta’minlashga, ikkinchidan, sudyalarga turli xil tazyiqlar o‘tkazishning oldini olishga xizmat qiladi.

Bunda bir va ikki tarkibli sudlar raislarini Sudyalar oliy kengashi tomonidan tayinlash tartibi saqlab qolingani maqbul, albatta. Bu yangilanishlarning barchasi, o‘z navbatida, xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rni yanada ko‘tarilishiga olib keladi.

Navbatdagi muammo – sudyalarning o‘rtacha ish hajmi ortib ketganiga borib taqaladi. Bu muammoni hal qilish uchun sudyalar sonini bosqichma-bosqich oshirib borish tavsiya etilmoqda.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi bunday yechim asosli ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, ayni vaqtda 100 ming aholiga sudchlar soni Germaniyada – 24 nafar, Rossiyada – 18 nafar, Qozog‘istonda – 16 nafar, Qrg‘izistonda – 7,3 nafar, Tojikistonda esa 5 nafarni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘ratkich 3,7 nafardan iborat, xolos.

Qolaversa, mamlakatimizda sud faoliyatini raqamli texnologiyalar yordamida onlayn tahlil qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan. Bu muammoga yaqin yillarda Oliy sud binosida Vaziyatli markaz yaratish yo‘li bilan maqbul yechim topish mumkin.

Bo‘lajak Vaziyatli markaz:

birinchidan, ko‘rilayotgan va ko‘rilgan ishlarni to‘liq tahlil qilish bilan shug‘ullanadi;

ikkinchidan, sudlarda kiberxavfsizlikni ta’minlaydi;

uchinchidan, hisobotlarni shakllantiradi va protsessual harakatlarning monitoringini o‘tkazadi.

 

– Afsuski, hozirga qadar yurtimizda sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari yetishmaydi.

– To‘g‘ri aytasiz, hozircha yuridik jurnalistika davr talablari darajasida rivojlanmagan. Shuning uchun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida sud-huquq yo‘nalishi bo‘yicha maxsus kafedra tashkil etish muhim ahamiyatga ega.

Bunday kafedraning faoliyati yo‘lga qo‘yilgach,  ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga doir ma’lumotlarni aholiga malakali tarzda yetkazish imkoniyati tug‘iladi. Shu bilan birga, jurnalistlarning ushbu sohadagi ko‘nikmasini oshirishga yo‘l ochiladi.

Yana bir muammo – “E-XSUD” yagona markazlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirish zaruratidir. Islohotlar talabidan kelib chiqqan holda, hozirgi kunda:

  • fuqaro va tadbirkorlarga interaktiv xizmatlar ko‘rsatish doirasini kengaytirish;
  • sudlarga elektron murojaat va sud hujjatlarini elektron yuborish tartibini soddalashtirish;
  • ma’lumotlarni raqamlashtirish orqali inson omilini 70 foizgacha cheklash;
  • sud axborot tizimlarini yagona platformaga birlashtirish;
  • ma’lumotlar almashinuvini integratsiyaviy platformalar orqali amalga oshirish;
  • sud hujjatlarini avtomatik tarzda shakllantirish;
  • elektron arxivni joriy etish talab etilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, 2022-2023 yillarda “ADOLAT” axborot tizimlari kompleksini  ishga tushirish maqsadga muvofiqdir.

 

– Taraqqiyot strategiyasida sud islohotlari istiqboli qanchalik o‘z aksini topgan?

 

Joriy yil boshidan amalga oshirishga kirishilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining uzviy davomidir. Unda bugungi global o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi, hayot talabi va qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda yettita ustuvor yo‘nalishdagi maqsad va vazifalar belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasidagi har bir vazifa va maqsad 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi jarayonlarida bevosita fuqarolarimiz ishtirokida muhokamadan o‘tkazilib, hayotiy taklif va tashabbuslar bilan to‘ldirilgan, boshqacha aytganda, xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan. Shu ma’noda, islohotlarni yangi bosqichda davom ettirish, avvalo, xalqimizning xohish-irodasidir.

      Taraqqiyot strategiyasi 100 ta ustuvor maqsadni o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, shundan sud islohotlari bilan bog‘liq bandlar bevosita ikkinchi yo‘nalish doirasida belgilangan. Bu ustuvor yo‘nalish  “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirishdeb nomlangan.

Xususan, “Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish” nomli 15-maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

  • ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish;
  • “Xabeas korpus” institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish;
  • sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish;
  • sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish;
  • sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish;
  • nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish;
  • sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish;
  • sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish;
  • Sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borish.

Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun 2022 yil – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan jami 398 ta chora-tadbir va ularni bajarish muddatlari Davlat dasturida aniq qilib belgilab qo‘yilgan.

Davlat dasturida O‘zbekiston Resublikasi Oliy sudiga yuklatilgan jami 9 ta banddagi chora-tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida, to‘laqonli, puxta va samarali ta’minlash alohida diqqat markazida turibdi.

 Ushbu vazifalar hayotimizga tatbiq etilishi natijasida mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi amalga oshadi hamda “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyil to‘laqonli ro‘yobga chiqariladi. Jumladan, bunda sud tizimining roli va mas’uliyati yanada kuchayadi.

 

G‘ulom Mirzo suhbatlashdi

 

Powered by GSpeech