Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi” zamirida ayni shu ezgu maqsadlar mujassam
Mamlakatimizda qariyb ikki yildan buyon Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan ushbu muhim hujjatni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan muntazam monitoring qilib borilmoqda.
Markaz direktori Akmal Saidov bilan ana shu monitoring davomida aniqlangan yangi natijalar haqida suhbatlashdik.
– Avvalo, 2022 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 78 ta bandidan 59 tasi yuzasidan ko‘zda tutilgan barcha ishlar bajarilganini ta’kidlamoqchiman, – dedi A.Saidov. – Bugungi kunda “Yo‘l xaritasi”ning 19 ta bandi bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda.
– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida 33 ta qonun hujjati loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Hozirgacha ularning qanchasi qabul qilindi?
– Siz tilga olgan qonun hujjatlarining 20 tasi – yangi qonun loyihalari bo‘lsa, 4 tasi – amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihalaridir. Amaldagi 9 ta qonun o‘rniga ham yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
O‘tgan davr mobaynida 11 ta qonun qabul qilindi va shundan ikkitasi konstitutsiyaviy qonundir. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Milliy strategiya doirasida qabul qilingan qonun hujjatlari qatorida “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ham bor.
- Milliy strategiya ijrosi bo‘yicha yana qanday qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda?
– Ayni vaqtda 10 ta yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Bu o‘rinda “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi, “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi, «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida»gi, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari haqida so‘z bormoqda.
Shuningdek, 3 ta yangi kodeks – Sog‘liqni saqlash kodeksi, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, Ekologiya kodeksi, amaldagi 7 ta kodeks o‘rniga yangi – Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Uy-joy kodeksi loyihalari tayyorlandi.
Hozirgi kunda 2 ta yangi kodeks – Axborot kodeksi va Tadbirkorlik kodeksi loyihalari ishlab chiqilmoqda.
– Davlat organlarining tegishli xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasida malakasini oshirish ishlari qanday tashkil qilingan?
– Ayni shu maqsadda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yil davomida 19 ta seminar-trening va o‘quv kurslari o‘tkazilgan. Ushbu mashg‘ulotlarda:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining 1 ming 214 nafar xodimi;
- Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalarining 30 nafar xodimi;
- xotin-qizlar axloq tuzatish muassasalarining 30 nafar xodimi;
- Bosh prokuratura, Oliy sud, Statistika davlat qo‘mitasi, yuridik yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarining 28 nafar mutaxassisi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlari jazoni ijro etish muassasalarining 35 nafar xodimi;
- Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi va uning viloyat bo‘linmalari 30 nafar xodimining inson huquqlari sohasidagi bilimi yanada mustahkamlandi.
Bu muhim jarayonda 2021 yil davomida va 2022 yilning birinchi choragida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 40 dan ziyod amaliy qo‘llanma, sharhlar va uslubiy adabiyotlar nashr etilgani ham katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur kitob va qo‘llanmalar 70 dan ortiq davlat organi va nodavlat notijorat tashkilotlarga tarqatildi.
– O‘zbekiston paxtasiga boykot bekor qilingani fakti bilan Milliy strategiya ijrosi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
– Gap shundaki, Milliy strategiya va “Yo‘l xaritasi”da odam savdosidan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga oid muayyan chora-tadbirlar belgilangan. Shu asosda, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, birinchidan, “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi nizom”, ikkinchidan, “Odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvini amalga oshirish hamda ularga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.
Boshqacha aytganda, yurtimizda odam savdosidan jabrlangan shaxslarning tibbiy, psixologik, huquqiy, ijtimoiy va boshqa turdagi yordam olish huquqlarini ta’minlash mexanizmlari yaratildi.
AQSh Davlat departamentining 2020 yilda odam savdosiga qarshi kurashning dunyo bo‘yicha holati to‘g‘risidagi ma’ruzasida O‘zbekiston 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o‘tkazildi. Ilgari, 2018-2020 yillar davomida O‘zbekiston ikkinchi guruh tarkibida (Tier 2 Watch List) bo‘lib kelgan.
Ushbu ma’ruzada ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston odam savdosiga barham berish uchun sezilarli darajada sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Hukumat hisobot davrida, COVID-19 pandemiya sharoiti uning odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga qaramay, ayni sohada hal qiluvchi yutuqlarga erishdi; shuning uchun O‘zbekiston Nazoratning 2-toifasi ro‘yxatiga o‘tkazildi”.
O‘z navbatida, 2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi 331 ta kompaniyani birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganini tan oldi. Shu tariqa O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi.
– Milliy strategiya va gender tenglik: shu haqda ham to‘xtalsangiz?
– Oliy Majlis Senatining 2021 yil 28 maydagi qarori bilan "2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi" tasdiqlandi. Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli ta’limni ta’minlash, qishloq joylarida qizlarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.
Ushbu yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mos va hamohangdir.
Bu sohada, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 mayda qabul qilingan “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash o‘rinli, deb hisoblayman. Qarorga muvofiq, mamlakatimizda 29 ta “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi” tashkil etildi.
Hukumat qarori bilan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderini berish tartibi belgilandi. Shuningdek, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyati tashkil etildi. Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
– Milliy strategiya doirasida yoshlar, nogironlar, umuman, ijtimoiy ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday amaliy ishlar qilinmoqda?
– Bu borada, xususan, 2021 yil 3 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatlarga muvofiq, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan va ishsiz aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning qiziqishlarini o‘rganish orqali ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘rgatuvchi o‘quv markazlariga yo‘naltirish hamda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga yordam berish, ishsizlarni, birinchi navbatda, “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlarni bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish hamda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish mexanizmlari belgilandi.
Prezidentimizning 2021 yil 17 fevraldagi Farmoyishi bilan 2021-2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlangani ayni muddao bo‘ldi. Unga ko‘ra, ijtimoiy nafaqa olish jarayonini soddalashtirish rejalashtirilgan, ijtimoiy himoya sohasida yagona mas’ul organ tuzilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi qarori bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanganini ham qayd etish darkor. Konsepsiya BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasida belgilangan “Yoshlar manfaatlarini ko‘zlab, ular bilan ishlash” bosh tamoyiliga asoslangan.
– Prezidentimizning jahon minbarlaridan ilgari surgan tashabbuslari va O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishi xususida ham muxtasar to‘xtalsangiz.
– O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining oliy darajadagi Segmentida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida 2021 yil 26 iyunda davlat rahbarining “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq:
birinchidan, qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil qilish, ularning vazifalarini aniq belgilash, monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish orqali qiynoq holatlarining bartaraf etilishiga erishish;
ikkinchidan, “Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning yagona reestri” elektron tizimini yuritishni yo‘lga qo‘yish;
uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasining BMT Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokoliga qo‘shilishi yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
to‘rtinchidan, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish belgilangan.
Prezidentimiz 2022 yil 29 martda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonunning maqsadi qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlashdan iborat.
Milliy strategiyaning ayni yo‘nalishida erishilgan yana bir muhim natija: 2021 yil 4 iyunda O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasi to‘g‘risida”gi 187-son konvensiyasini ratifikatsiya qildi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, 2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Nyu York, 2000 yil, 13 dekabr) ratifikatsiya qildi.
O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 21 dekabrda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga axborot texnologiyalari, kompyuterda dasturlash amaliyoti, umumta’lim fanlari va xorijiy tillarni o‘rgatish, tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlarga asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratiladi.
2022 yildan har yili tanlov asosida 20 nafargacha nogiron yoshlar xorijiy oliy o‘quv yurtlarida, onlayn kurslarda ta’lim oladi. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga subsidiya beriladi.
Bundan tashqari, Milliy strategiya va ushbu hujjatni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish masalalarini o‘z ichiga olgan.
G‘ulom MIRZO suhbatlashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 22.04.2022
- Ko'rishlar: 2971
- Chop etish