26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni

Inson tafakkurining mahsuli sifatida yaratilgan fan, adabiyot va san’at asarlari hamda sanoat namunalari har bir davlatda huquqiy himoyaga olingan. Bu toifadagi mahsulotlardan dunyo jamoatchiligi bahramand bo‘lishi uchun esa kelishuv va shartnomalar asosida boshqa davlatlarda ham foydalanishga yo‘l qo‘yilgan. Buning uchun ham milliy, ham xalqaro-huquqiy asoslar va mexanizmlar yaratilgan. Davlatlararo xalqaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida xalqaro universal hukumatlararo tashkilotlar tuzilgan.

Har qanday mamlakatning rivojlanganlik darajasi undagi intellektual mulkning rivojlanganlik darajasiga qarab belgilanadi. Shuning uchun barcha mamlakatlarda o‘z intellektual mulkini rivojlantirish borasida, ayniqsa, bu mulkning davlatda va butun dunyoda himoyalanishiga katta e’tibor qaratiladi.

Mualliflik huquqining xalqaro miqyosda himoya qilinishida Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) o‘rni katta. U 1967 yil 14 iyul kuni Stokgolm shahrida imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini tashkil etish haqidagi konvensiya asosida tashkil etilgan hukumatlararo xalqaro tashkilotdir.

Ushbu tashkilot 1974 yil dekabr oyida BMTning hukumatlararo xalqaro tashkiloti degan maxsus maqomni olgan. Tashkilotning vazifasi – dunyoda davlatlar o‘rtasida kelishuv va bitimlar asosida intellektual mulkni himoya qilishni muvofiqlashtirish hamda shu sohadagi turli shartnoma va konvensiyalarning ma’muriy boshqaruvini ta’minlashdan iborat.

Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlati BIMTning a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston 1991 yil 25 dekabrdan mazkur Tashkilotning teng huquqli a’zosidir. Bugungi kunda mamlakatimiz BIMTning 14 ta xalqaro hujjatini tasdiqlagan.

2000 yili Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga a’zo davlatlari o‘rtasida 26 aprel – “Xalqaro intellektual mulk kuni” sifatida nishonlanishi kelishilgan. 2001 yildan boshlab ushbu sana har yili butun dunyoda nishonlab kelinmoqda.

Intellektual mulk deganda, biz turli zamonlarda insonlar o‘zining ongi va tafakkuri, bilimi va qobiliyati yordamida kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda yaratgan ijod mahsulotlari yoki mulklarini tushunamiz. Bu mulklarni zamonaviy texnologiya sohasi, fan va adabiyot sohasi yoki sanoat va kimyo sohasi singari boshqa bir qator sohalarning rivojlanishi, yangiliklar yaratilishi va tatbiq etilishi misolida sanab o‘tish mumkin.

Inson salohiyati bilan yaratilgan intellektual mulkning himoya qilinishi, ommaga taqdim etilishi, moliyalashtirilishi, shuningdek faoliyatini davom ettirishi, ayniqsa, uning muhofaza etilishi yillar davomida muhim masalaga aylanib bormoqda.

Shu bois intellektual mulk huquqi sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, yuzaga kelgan muammolarning yechimlarini birgalikda izlash va uni bartaraf etish, dunyo hamjamiyatining rivojlanishi bevosita ushbu sohada chuqur ilmiy izlanishlar olib borishni taqozo etadi.

Rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimiz qonunchiligida ham intellektual mulk sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tizimi shakllantirilgan. Unga ko‘ra, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”, “EHM dasturlari va ma’lumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi to‘g‘risida”, “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”, “Integral mikrosxemalar topologiyalari huquqiy muhofazasi to‘g‘risida”, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, 2021 yil 20 avgustdagi “Intellektual mulk ob’ektlarining huquqiy muhofazasi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2019 yil 1 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida davlatimizda intellektual mulk huquqi himoyasini to‘liq qonuniy ta’minlanishi kafolatlanadi.

Bundan tashqari, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo shartnoma va bitimlar tuzilgan bo‘lib, ularga amal qilib kelinmoqda. Mazkur hujjatlar ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni chet elda muhofaza qilishga va eksportchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga yordam berish, chet el investitsiyalarini milliy sanoatga jalb qilishga yo‘naltirilgan. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimiz xalqaro maydonda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida yutuqlarga va barqaror natijalarga erishishini ta’minlaydi.

Intellektual mulkning huquqiy himoyasiga doir qonunchilikni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish milliy iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatning intellektual ishlab chiqarishi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois yangi intellektual mulk ob’ektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni moddiy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga o‘tkazish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ayniqsa, sohada huquqni qo‘llash amaliyotini kuchaytirish, huquq egalarining tegishli huquqlariga og‘ishmay rioya etish dolzarb vazifalardan bo‘lib qolaveradi.

 

Dildora Ahmedova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech