Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va so‘z erkinligi

3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni

 

Mamlakatimizda so‘z erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar o‘z qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda ta’minlash uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Bugungi kunda yanada takomillashayotgan ushbu muhit milliy qonunchilik va O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalar normalariga tayanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – inson huquq va erkinliklarining kafolatidir. Unda har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqidan foydalanishi mustahkamlangan.

Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Lekin, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno. Shuningdek, fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qo‘shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan asosiy tamoyillar Konstitutsiyamizda o‘zining to‘la ifodasini topganini ta’kidlash lozim. Deklaratsiyaning 19-moddasida qayd etilgan fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi hamda har kimning o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga egaligi shular jumlasiga kiradi.

Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir».

Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan besh yilda yurtimizda so‘z erkinligini ta’minlash, erkin fikr yuritish uchun huquqiy himoyani, davlat idoralarining ochiqligini kuchaytirish, blogerlik mavqeini ko‘tarish, barcha toifadagi ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilish borasida bir qancha amaliy ishlar qilindi. Natijada faol ommaviy axborot vositalari xalq orasida tobora hurmat-e’tibor qozonib, “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilib bormoqda.

Bunga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qanday yangilik paydo bo‘lmasin, turli munozarali bahslar, fikrlar, tortishuvlar ko‘rinishida ushbu axborotga munosabatlar bildirilmoqda. Bu ham yurtimiz ommaviy axborot vositalari va fuqarolarimizning faollashib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘z navbatida, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da yettita ustuvor yo‘nalish bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilab olindi. Ana shu keng qamrovli chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilishida jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalarining o‘rni nihoyatda katta.

Chunki hamkasblarimiz jamoatchilik nazoratini o‘rnatmasa, jurnalist tekshiruvi asnosida davlat organlarining harakatsizligi va sust faoliyati haqida bong urmasa, oldimizga qo‘ygan maqsad-vazifalarga erishish, odamlarimizni rozi qilish haqida fikr yuritish oson emas. 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishi “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish” deb nomlangan. Ushbu ustuvor yo‘nalishning dastlabki, umuman, Taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadida fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlashga oid quyidagi:

  • axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish;
  • shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni Internet tarmog‘ida oshkor qilish bilan bog‘liq daxlsizlik huquqi buzilishining oldini olish;
  • kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini yaratish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda bu chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti bunga qadar axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlarni Axborot kodeksi shaklida uyg‘unlashtirish tashabbusini ilgari surgandi.

Shuningdek, fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish yo‘lida turli yosh toifasi uchun mo‘ljallangan o‘quv kurslari va onlayn dasturlarni ommalashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xalq ta’limi va professional ta’lim tizimining tegishli darsliklariga mediasavodxonlik bo‘yicha mavzular joriy qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi.

So‘z erkinligini ta’minlash barobarida, ommaviy axborot vositalarida shaxsning  daxlsizlik huquqlari buzilishining oldini olish masalasi ham jiddiy o‘rin tutadi. Shuning uchun Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning daxlsizlik huquqlari bilan bog‘liq moddalariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish borasida ish olib borilmoqda.

Yana bir muhim amaliy natija: joriy        yil 15 aprelda “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunning maqsadi – mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lsa, asosiy vazifalari – kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.

Qonunda ta’rif berilganidek, kiberxavfsizlik – kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soluvchi shart-sharoitlar va omillar majmuidir. O‘z navbatida, “kibermakon” tushunchasi –  axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhitni anglatadi. 

Soha ekspertlarining fikricha, O‘zbekistoda kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish zarurati ana shu kibermakondagi muammolar va xatarlar, kiberjinoyatchilik, onlayn hujumlarning keskin ortishi, dunyoda kibermakon rivojlanishining oldindan aytib bo‘lmaydigan jadal sur’atlariga borib taqaladi.

Shu nuqtai nazardan, yangi Qonunda kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish prinsiplari, yo‘nalishlari, usullari, mas’ul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha choralar ko‘rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilgani juda muhim.

Bu o‘rinda, avvalo, XXI asrning yangidan-yangi global muammolari qatori kiberjinoyatchilik ham allaqachon hayotimizga kirib kelgani haqida muxtasar to‘xtalish lozim. Uning turli virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit-karta va boshqa bank rekvizitlaridagi mablag‘larni o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, shuningdek, Internet orqali qonunga zid axborotlar, bo‘hton, ma’naviy buzuq ma’lumotlarni tarqatish bilan bashariyat hayotiga katta xavf solayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Binobarin, “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi, uni tasdiqlashda bevosita ishtirok etgan parlament vakillari ta’biri bilan aytganda:

birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi;

ikkinchidan,  kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy uslubiy ta’minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi;

uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo‘q qilish, o‘zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldi olinishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Taraqqiyot strategiyasining “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsadida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish istiqbollari belgilab berilgan. Bunda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, jumladan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish haqida so‘z bormoqda.

Ushbu muhim maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan  hamkorlik  qilish  tartibini joriy qilish darkor.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan   g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun  javobgarlikni yanada kuchaytirish lozim.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida, jumladan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ijod ahli mehnatidan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda nihoyatda qo‘l keladi.

Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirilgandi. Taraqqiyot strategiyasida ana shu tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilgani yangi davr talabidir.

Taraqqiyot strategiyasining 33-maqsadi aynan “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish” deb nomlangani ham bejiz emas. Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan ushbu g‘oya asosida, jumladan, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni ham taqozo etadi.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech