KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: FUQAROLIK JAMIYATI INSTITUTLARINING O‘RNI VA MAQOMI

Toshkent shahrida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda AQSh Xalqaro rivojlanish agentligining (USAID) O‘zbekistonda Huquqiy islohotlar dasturi (LRP) ko‘magida shu mavzuda xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyaning maqsadi: “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini amalga oshirish, barqaror rivojlanishning muhim masalalarini hal etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash sohasidagi milliy va xalqaro tajriba yuzasidan fikr almashishdir.

Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan xalqaro anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan milliy va xorijiy ekspertlar, davlat idoralari, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari, O‘zbekistonning fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar, Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro konferensiya ishtirokchilarini onlayn qutladi. So‘ng “Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari rivoji: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida ma’ruza qildi.

Mazkur nufuzli anjumanning yalpi sessiyalarida so‘zga chiqqan ma’ruzachilar so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganini alohida qayd etdilar.

Fuqarolik jamiyati institutlari inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, aholining huquqiy va inson huquqlari borasidagi madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Binobarin, tinch-farovon, barqaror rivojlanayotgan, demokratik jamiyat barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, Barqaror rivojlanishning umumbashariy va milliy maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari alohida ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi besh yilda sohada mamlakat Prezidenti va hukumatining 200 dan ortiq hujjati, xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021–2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Natijada, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari  soni 22 foizga oshdi, jumladan, respublika bo‘yicha 200 ga yaqin yirik nodavlat notijorat tashkiloti  o‘z faoliyatini boshladi. 

Bugungi kunda ushbu fuqarolik institutlari inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda bag‘rikenglik va inson huquqlariga doir madaniyatni shakllantirish, barqaror rivojlanishning eng muhim vazifalarini amalga oshirishda muhim rolo‘ynamoqda.

Davlat byudjetidan nodavlat notijorat tashkilotlari  faoliyatini hamda ularning ijtimoiy va jamoaviy ahamiyatga molik loyihalari amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiya, ijtimoiy buyurtma va grantlar shaklidagi mablag‘lar miqdori besh barobardan ziyod oshdi.

Soha ekspertlari tomonidan birgina 2022 yilning o‘zida 700 dan ortiq dastur va loyihalar hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ta’minlanadi. Bu ishlarni amalga oshirishda 3 mingdan ortiq jamoat tashkiloti ishtirok etadi. 

Konferensiyada nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq ishlarga jalb qilish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish ishlariga jalb etilayotgani qayd etildi. O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elatlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash uchun 150 ta milliy madaniy markaz qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi. 

Anjumanda alohida qayd etilganidek, faqat tom ma’nodagi fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lgan makon va zamondagina huquqiy davlat qaror topishi mumkin. Darhaqiqat, fuqarolik jamiyatini inson erkinligi va qadr-qimmatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu bois Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil demokratik islohotlar inson qadr-qimmati borasida g‘amxo‘rlik qiladigan, har bir fuqaroning qonuniy manfaatlari va farovonligini ta’minlaydigan, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga asoslangan davlat qurishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”kitobida bu borada bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Xususan, Prezidentning Xalq qabulxonalariga konstitutsiyaviy maqom berish, fuqarolik jamiyati institutlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini kodifikatsiya qilish, Axborot kodeksini hamda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Normativ-huquqiy hujjatlarning jamoat muhokamasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilish, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari, ularning reglamentlari va nazorat faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning yangi tahririni ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasini tashkil etish, mamlakat qonunchiligi, “Elektron parlament” va “Elektron Xalq kengashi deputatlari”, shuningdek, xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturlarini tasdiqlash nazarda tutilgan.

Forum yakuni bo‘yicha konferensiyaning Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat BMT, YeXHT, YeI, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, ularni davlat va jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qabul qilingan xalqaro huquqiy hujjatlarni hisobga olgan holda tayyorlangan. 

Shuningdek taqdim etilgan tahliliy materiallar va tadbir ma’ruzalari to‘plam sifatida chop etilishi nazarda tutilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Barqaror rivojlanish markazi

O‘zA

Perepost.uz

Davr24

Powered by GSpeech