Yangi O‘zbekistonning butun xalqaro hamjamiyatga ochiqlik siyosati mamlakat fuqarolari uchun erkin migratsiyaga keng imkoniyat yaratib berdi. Qolaversa, mamlakatimizga kelayotgan chet el fuqarolari uchun qulay huquqiy muhit yaratish maqsadida xalqaro standartlarga javob beruvchi migratsion nazorat tizimi va qonunchilik bazasi yaratildi.
Migratsiya sohasidagi davlat organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri migratsiyaga doir qonunchilikni muvofiqlashtirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalash, davlat suverenitetini mustahkamlash va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish hisoblanadi. O‘zbekistonda migratsiya sohasida turizmni rivojlantirish, mehnat-migrantlarimizni ijtimoiy himoyalash, chet el fuqarolarining mamlakatimizda mehnat qilishi va vatandoshlarimizni tarixiy vataniga qaytishi uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyat fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoyalash sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ushbu yo‘nalishda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ko‘rish, jumladan xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan migratsiyadagi shaxslarga doir ma’lumotlarning tezkor almashinuvini yo‘lga qo‘yish zaruratini yana bir marotaba taqozo etdi.
Odatda, migratsiya huquqining mazmun-mohiyati bir qancha huquqiy pog‘onalarga taalluqli prinsiplar orqali ifodalanadi.
Konstitutsiyaviy normalarda mustahkamlangan ushbu huquq shaxsning konstitutsiyaviy huquqiy maqomining ustuvor manbalari hisoblanadigan 1948 yildagi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 1966 yildagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga to‘la muvofiq keladi. Mazkur huquqning e’tirof etilganligi va kafolatlaganligi nafaqat mamlakatimiz uchun, balki uning dunyo hamjamiyatiga integratsiyalashuvi nuqtai nazaridan yurtimizga keladigan migrantlar uchun ham ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. Shu bilan birga Konstitutsiyaning 23-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanishi, shuningdek ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etishlari mustahkamlangan. Chunonchi, Asosiy Qonunning 28-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega, deb ta’kidlanadi. Mazkur qoida Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 13-moddasi mazmuniga muvofiq ravishda tuzilgan. Unda ta’kidlanishicha, birinchidan, har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega, ikkinchidan, har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan o‘z mamlakatidan chiqib ketish va o‘z mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega.
Shu tariqa O‘zbekiston Konstitutsiyasida migratsion jarayonlarining turli jihatlari o‘z aksini topgan. Jumladan, migratsiya jarayonlarini tartibga solish, harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquq asoslari mustahkamlangan. Konstitutsiyaviy normalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi tufayli O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga muvofiq, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish huquqni qo‘llash organlaridan qaror qabul qilayotib, avvalo, konstitutsiyaviy normaga va undan keyingina uni rivojlantirish uchun qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga havola qilishlarini talab etadi.
Migrantlarning inson huquqlarini himoyalash borasida xorij tajribasini ham o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, MDHning boshqa mamlakatlarida ham migratsiyaga oid konstitutsiyaviy normalarning qiyosiy tahlili shuni ko‘rsatdiki, ushbu davlatlar fuqarolari xorijga chiqishlari, ayniqsa, qaytib kelishlarida to‘siqsiz va istalgan payt erkin harakatlanishi, shu bilan birga, ushbu davlatlar hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomi aniq va ravshan belgilangan.
Masalan, Armaniston (40-modda), Gruziya (14-modda), Ozarbayjon (28-modda), Rossiya (27-modda), Ukraina (33-modda) va Qozog‘iston (21-modda) konstitutsiyalarida erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqi mamlakat hududida qonuniy bo‘lib turgan har bir shaxs uchun kafolatlanadi.
Qirg‘iziston (16-modda) va Moldova (27-modda) konstitutsiyalarida erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqlari bilan bir qatorda bo‘lish joyini (mesto prebыvaniya) erkin tanlash huquqi kafolatlangan. Biroq tahlil qilingan mamlakatlardagi konstitutsiyalar va qonunchilik hujjatlarida erkin harakatlanish prinsipi hamda yashash joyini erkin tanlash huquqi e’tirof etilganligiga qaramay, mazkur davlatlar fuqarolari amalda ushbu huquqlarni amalga oshirishda muayyan darajada cheklangan. Zero, ruxsat beruvchi propiska instituti Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining ko‘pgina davlatlarida hanuz bekor qilinmagan.
Fuqarolar xorijga chiqishlari, erkin harakatlanishi, ayniqsa, to‘siqsiz va istalgan vaqt qaytib kelishlari haqidagi norma Kanadada (6-modda), Marokashda (24-modda), Ruminiyada (25-modda), Turkiyada (23-modda) kabi bir qator davlatlarning asosiy qonunida uchraydi.
O‘rganilgan xorij tajribasidan kelib chiqib, o‘zimizning milliy amaliyot xususida ayrim fikr-mulohazalarni ham keltirib o‘tamiz.
Asosiy Qonunning 28-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir” deyilgan.
Amaldagi tahrirda O‘zbekiston hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish kabi kategoriyalarning uchalasi ham istisno tarzida qonun bilan cheklanishi mumkin.
Shu o‘rinda quyidagi huquqiy muammoga alohida e’tibor qaratish lozim. Konstitutsiya talablarini bajarish maqsadida mamlakatimizda shaxsning chet elga chiqish huquqini cheklashni faqat qonun asosida belgilash ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham, mazkur cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4079-son qarori bilan belgilab qo‘yilganligi kolliziyani keltirib chiqarmoqda.
BIRINCHI TAKLIF
Xorijiy amaliyotni o‘rganish natijasi asosida, Konstitutsiyamizning migratsiya huquqiga doir quyidagi uchta prinsipni qayta ko‘rib chiqish lozim. Jumladan, mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish maqsadida, umume’tirof etilgan prinsiplarga mos ravishda, Konstitutsiyamizning 28-moddasidagi huquq va erkinliklarini kengaytirish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.
Birinchidan, O‘zbekiston fuqarolari bilan bir qatorda, mamlakatimizda qonuniy asosda bo‘lib turgan har qanday shaxs, jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham erkin harakatlanishi va yashash joyini tanlash huquqiga ega bo‘lishi lozim.
Ikkinchidan, O‘zbekistondan chiqib ketish huquqi Qonun bilan cheklansa ham, O‘zbekiston fuqarosini Respublika hududiga xohlagan vaqti va to‘siqlarsiz qaytib kelish huquqi ta’minlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Uchinchidan, erkin harakatlanish bilan bir qatorda erkin joy tanlash prinsipi migratsiya huquqining asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi. Biroq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida erkin yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlanmagan. Shu bois ushbu konstitutsiyaviy modda quyidagi tahrirda bayon etilishi taklif etiladi:
“28-modda. O‘zbekiston Respublikasida qonuniy asosda bo‘lib turgan har qanday shaxs Respublika hududida erkin harakatlanishi, yashash joyini tanlashi va O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi respublikaga to‘siqsiz va istalgan vaqt qaytib kelish huquqiga ega”.
IKKINCHI TAKLIF
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 23-moddaga binoan, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan “burchlarni ado etadilar” deyilgan, lekin ularning burchlari nimalardan iboratligi ko‘rsatilmagan. Shu bois migrantlarga nafaqat huquq, balki burchlar ham konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlanishi lozim. Jumladan, 48-51-moddalarda “fuqaro” so‘zini “har qanday shaxs” so‘zi bilan almashtirish lozim:
“48-modda. Har qanday shaxs Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
49-modda. Har qanday shaxs O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.
50-modda. Har qanday shaxs atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar.
51-modda. Har qanday shaxs qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar.”
Migrantlar burchlar bilan bir qatorda ularning dam olish huquqi (38-modda) ham kafolatlanishi lozim:
“38-modda. Yollanib ishlayotgan har qanday shaxs dam olish huquqiga egadir. Ish vaqti va haq to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi.”
UCHINCHI TAKLIF
Migrant mamlakat ichidagi huquqiy himoyani amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan sudning barcha instansiyalarini o‘tagach ham o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilmagan, deb hisoblagan taqdirda, xalqaro darajadagi tashkilotlarga murojaat qilishga haqli bo‘lishi lozim. Shu bois, 44-moddani quyidagi qo‘shimcha band bilan to‘ldirish lozim:
“44-modda. Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Shaxs barcha instansiyalarini o‘tagach ham o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilmagan, deb hisoblagan taqdirda, xalqaro darajadagi tashkilotlarga murojaat qilishga haqli.”
O‘ylaymizki, migrantlar huquqlarini himoyalashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari tobora rivojlanib, takomillashib boradi. Zero, faqat davr talablariga javob beradigan Konstitutsiyagina yirik ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning samaradorligi uchun zarur bo‘lgan dinamizm va barqarorlik uyg‘unligini ta’minlab bera oladi.
Luqmonjon ISOQOV,
yu.f.f.d., dotsent
- Qo'shildi: 08.06.2022
- Ko'rishlar: 5314
- Chop etish