Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

2022 yil 22 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitalari tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq va inklyuziv muhit yaratish masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining yetakchi ekspertlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov kirish so‘zi bilan ochdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari qatorida ekanligi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolik, iqtisodiy, siyosiy hamda boshqa xuquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va tamoyillariga amal qilinishi belgilangan.

Shuningdek, bugungi kunda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida ham jamoatchilik tomonidan masalaga oid ilgari surilayotgan takliflar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi hamda bir millionga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolarimizning hayoti va faoliyati uchun qulay muhit yaratish davlatimiz taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning kun tartibidagi asosiy masalalaridan biriga aylangan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy qonunchilik takomillashib borayotgani, unda xalqaro qoidalar singdirilishiga alohida ahamiyat qaratilayotgani, eng muhimi, qonunlardagi talablarning hayotga tatbiq qilinishi borasida parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati tomonidan faol harakatlar olib borilayotganligi yuqoridagi fikrlarning yaqqol dalilidir.

Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi ikki-uch yil davomida mamlakatimizda inson va uning qadrini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘tgan yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” Oliy Majlis tomonidan ratifikatsiya qilindi.

Tadbir davomida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ko‘magida tayyorlangan O‘zbekiston parlamentining nogironligi bo‘lgan shaxslarga ochiqligi va inklyuzivligi bo‘yicha hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Hisobotda turli ko‘rinishdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning parlament hayotida qatnashishlari borasidagi mavjud muammolar, ularning Oliy Majlis faoliyatida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun yaratilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar borasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganilgan va ularga asoslangan holda ishlab chiqilgan tavsiyalar muhokama qilindi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosiy hayotdagi ishtiroklarini faollashtirish va bu borada ularning imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini o‘zida mujassam etgan DIIHB tomonidan tayyorlangan onlayn kurslar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis tomonidan bugungi kunda qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar ham taqdim etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan sohadagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

 

Powered by GSpeech