Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Buyuk Britaniya OAV Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida

Jahon matbuoti sahifalarida

Buyuk Britaniyaning «Open Central Asia Magazine» jurnalida e’lon qilingan mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari  haqidagi maqolada qayd etilishicha, joriy yil qabul qilingan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizni daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga  qo‘shish uchun zamin  yaratadigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, sohalarni xususiylashtirish, monopoliyaga barham berish, xorijiy investitsiya jalb qilish, narx-navoni  barqarorlashtirish, “iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuchlar”ni rivojlantirishga ko‘maklashish, hududlarga vakolat beradigan nomarkazlashtirish Тараққиёт strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar sanaladi. Ayni jarayonda mamlakatda sanoat ishlab chiqarish hajmini 40 foiz oshirish orqali milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash hamda YAIMda sanoat hissasini oshirishni davom ettirish ko‘zda tutilgan. Bu metallurgiyada yirik investitsiya loyihalari amalga oshirish, mis va qora metaldan mahsulot ishlab chiqarishni ikki barobar ko‘tarish, demak.

“Yana bir muhim maqsad - raqamli iqtisodiyotni “drayver”sohaga aylantirib, kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish hamda ushbu yangi soha salohiyatini mustahkamlash”, - deb yozadi muallif. Materialda qayd etilishicha, islohotlar investitsiya jalb qilish, kapital bozori, bank sohasini takomillashtirish, eksport nomenklaturasi va ko‘lamini kengaytirishga  qaratilgan. Shuningdek maqolada O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonini jadallashtirish, tayyor mahsulotni Yevropa mamlakatlariga «GSP+» tizimi doirasida eksport qilishni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalingan. O‘zbekiston iqtisodiy o‘zgarishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi, rejani amalga oshirish yuksak salohiyat, salmoqli resurs talab etadi. Shu bois strategiyadagi ko‘plab maqsadlarga erishish uchun sheriklar bilan hamkorlik qilish, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashishga birinchi darajali e’tibor qaratilgan, deb xulosa qiladi mullif.

O‘zbekistan  BAA ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi gazetalaridan biri - «Gulf Today»da O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifi yakuniga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Nashr yozishicha, amirlik bu tashrifga muhim ahamiyat qaratgan. Delegatsiya bilan uchrashuv chog‘ida Dubayning «DP World» bojxona korporatsiyasi bosh direktori Ahmad Mahbub Musabih BAA va O‘zbekiston o‘rtasidagi yaqin aloqani, ikki tomonlama  hamkorlikni kengaytirish yo‘llariga to‘xtalib o‘tdi. “Biz  o‘zaro  savdoni rivojlantirish hamda bilim va tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlar bojxona tashkliotlari bilan munosabatni yaxshilash uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz. O‘zbekistonlik birodarlarimiz bilan o‘zaro savdoni mustahkamlash yo‘lida sheriklikni yo‘lga qo‘yishga intilamiz”, - dedi Ahmad Mahbub Musabih.

Uchrashuv chog‘ida Dubay bojxonasida qo‘llanayotgan sun’iy intellektning eng yangi texnologiyalari namoyish etildi. O‘zbekistonlik mutaxassislar “Jebel-Ali” bojxona markaziga tashrif buyurib, markaz faoliyati, soatiga 900 tagacha konteynerni skanerlaydigan ilg‘or tizim ishi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari Dubay xalqaro aeroportida ham bo‘lib, intellektual tizim va texnologiyadan foydalangan holda sayyohlar va mehmonlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida ma’lumot olishdi.

Tashrif doirasida “Dubai World Trade” va O‘zbekiston davlat bojxona qo‘mitasi  o‘rtasida  O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Amirlik  vakillari BAA va mamlakatimiz bojxona idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori baholadi.

“Ushbu tadbirlar ikki mamlakatning logistika, investitsiyaviy va iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi” jumlasi bilan yakunlangan «Gulf Today» maqolasi.

O‘rik eksporti bo‘yicha qaysi viloyat yetakchi?

O‘zbekistonda o‘rik eksport qilish bo‘yicha Farg‘ona birinchi o‘rinda turadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning dastlabki besh oyi davomida respublika 2,8 ming tonna o‘rik eksportidan 3 million dollarga yaqin daromad olgan. Ushbu miqdorning qariyb 1,2 ming tonnasi aynan Farg‘ona viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. Xorazm viloyati 311 tonna o‘rikni chetga eksport qilgan, Toshkent viloyati esa 236 tonna bilan uchinchi o‘rinda qayd etilgan. O‘rik eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foiz oshgan.

Rossiya  O‘zbekiston o‘rigining asosiy xaridori hisoblanadi. Mamlakatimiz ushbu davlatga 1,5 ming tonna o‘rik yetkazib bergan. Qozog‘istonga 860 tonna, Qirg‘izistonga 429 tonna shunday meva jo‘natilgan.

Bradt Guides”  nashriyoti O‘zbekiston to‘g‘risida maqola berdi

“Bradt Guides” mustaqil sayyohlik nashri saytida Sofi Ibbotsonning “Buyuk Ipak yo‘lidagi O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari” nomli maqolasi e’lon qilindi.

“O‘zbekiston har qanday insonni hayratga soladi”, - deb boshlanadi maqola. “Ipak yo‘lining uchta eng buyuk shahri – Samarqand, Buxoro va Xiva ushbu zaminda joylashgan”. Muallif O‘zbekistonning eng mashhur joylari ro‘yxatini tuzgan:

Samarqand me’moriy yodgorliklari: Registon maydoni, Shohi-Zinda  majmuasi, Bibi-Xonim masjidi, Go‘ri-Amir maqbarasi.

Buxoroning ajoyib tarixiy ob’ektlari: Poi Kalon majmuasi, Katta masjid, Mir Arab va Chor Minor madrasalari.

Xiva tarixiy yodgorliklari:  Ichan-Qal’a, Kalta Minor, Islomxo‘ja madrasasi va minorasi.

Maqolada muallif har bir yodgorlik haqidagi ma’lumot bilan birga yorqin  fotosuratlarni ham keltiradi.

I.Abdumalikzoda tayyorladi. 

O‘zA

Powered by GSpeech