Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinganiga ikki yil to‘ldi

Bundan ikki yil oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlangan edi.

O‘tgan davr mobaynida Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 60 band (76%) bo‘yicha ishlar bajarildi, 18 bandni (24%) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Milliy strategiyada inson huquqlarini himoya qilishning turli jihatlarini tartibga soluvchi jami 12 ta kodeks hamda 33 ta qonun va boshqa hujjatlarni qabul qilish nazarda tutilgan. Bugunga qadar 2 ta kodeks Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Boshqa kodekslar loyihalari ham turli bosqichlarda muhokama jarayonidan o‘tkazilmoqda. Qolaversa, 11 ta qonun, 10 ta farmon va qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, Milliy strategiya tadbirlari doirasida inson huquqlari bo‘yicha 3 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi.

Milliy strategiya doirasida quyidagi maqsadlarga erishildi:

birinchidan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarning to‘liq bajarilishiga erishilmoqda;

ikkinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy mexanizm yaratildi;

uchinchidan, qonunchilikka va davlat organlari faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni joriy qilish samaradorligi oshdi;

to‘rtinchidan, aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan, bu borada samarali axborot va ma’rifat tarqatish, ta’lim berish faoliyati yaxshilandi;

beshinchidan, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bugungi kunda konstitutsiyaviy islohotlarning “Inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgani ham Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyaning o‘z vaqtida qabul qilingani va mamlakat rivojlanishi yo‘lida zarur qadam bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

UZDAILY

O'zA

darakchi.uz

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech