Har yili 30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni butun dunyoda keng nishonlanadi. Ushbu muhim umumbashariy sana sayyoramizdagi yoshi eng ulug‘ xalqaro tashkilot – Parlamentlararo Ittifoq tarixi bilan chambarchas bog‘liq.
Parlamentlararo Ittifoq 1889 yilning aynan 30 iyunida ta’sis etilgan. Bu nufuzli xalqaro tashkilot o‘tgan davrda tom ma’noda parlamentlararo xalqaro birdamlikning yorqin ifodasiga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Parlamentlararo Ittifoq o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Milliy parlamentimiz vakillari Parlamentlararo Ittifoq tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 iyunda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda global parlamentlararo hamkorlik xalqaro forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungongni qabul qildi. O‘zaro muloqot chog‘ida mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan sherikligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirishdagi sezilarli yutuqlarni qayd etdi. Martin Chungong O‘zbekistonning bu boradagi global tashabbuslarini yuqori baholadi va qo‘llab-quvvatladi.
O‘z navbatida, 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Parlamentlararo Ittifoq bilan ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash to‘g‘risida alohida hujjat qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining Parlament diplomatiyasi konsepsiyasida belgilanganidek, Parlamentlararo Ittifoq, YeXHTning Parlament Assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi ishtirokchilari bo‘lgan davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasida va boshqa xalqaro parlament tashkilotlari faoliyatida Oliy Majlisning ishtirokini faollashtirish mamlakatimiz parlament diplomatiyasining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Parlamentlararo Ittifoq – jahon xalqlarining vakillik organi
Parlamentlararo Ittifoq (PAI) – dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro tashkiloti sifatida 179 mamlakatni o‘zida birlashtirgan. Mintaqaviy parlamentlararo birlashmalarning 13 tasi ham PAIning kollektiv a’zolari hisoblanadi. 1971 yildan buyon bosh qarorgohi Jenevada joylashgan. Bugungi kunda PAI suveren davlatlar parlamentlarining xalqaro tashkiloti sifatida:
birinchidan, a’zo milliy parlamentlar va ularning deputatlari o‘rtasida yuksak demokratik qadriyatlarni ilgari surib kelmoqda;
ikkinchidan, barcha parlamentlarning a’zolari o‘rtasida yaqin munosabatlarni rivojlantirish yo‘li bilan vakillik organlarini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda;
uchinchidan, PAIga a’zo parlamentlar hamkorlikda faoliyat olib borishi uchun ularning sa’y-harakatlarini birlashtirishga xizmat qilmoqda;
to‘rtinchidan, barcha millatlar o‘rtasida tinchlik va barqarorlik, hamkorlik va muloqotni rag‘batlantirmoqda;
beshinchidan, xavfsiz va hamjihat kelajakni ta’minlash uchun samarali faoliyat yuritmoqda.
PAI xalqaro nizolarning tinch yo‘l bilan hal etilishi tarafdoridir. Bunda butun dunyo parlamentlarining aniq harakatlariga tayangan holda, vakillik demokratiyasi, tinchlik va xalqaro xavfsizlik, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari va gumanitar huquq, gender tenglik, xalqaro savdo-sotiq, shuningdek, ta’lim, fan va texnika sohalarida samarali parlament diplomatiyasidan foydalanish muhim rol o‘ynamoqda.
PAI dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoni hisoblanib, uning doirasida muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkaziladi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish PAIning asosiy vazifalaridan biridir.
Bugungi kunda PAI ovozi dunyo bo‘ylab tobora baland yangramoqda. Mazkur Tashkilot faoliyati misolida hozirgi zamon xalqaro munosabatlari mezonlarining samaradorligi yaqqol ko‘rinmoqda.
PAI faoliyatining xalqaro e’tirofi haqida fikr yuritganda, mazkur xalqaro tashkilotga asos solgan arboblardan Frederik Passi va Uilyam Kremer, PAIning ilk Bosh kotibi Alber Goba, keyingi davrda tashkilotga rahbarlik qilgan Ogyust Beernart va Fernan Byuisson Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanganini alohida ta’kidlash lozim. Yanada muhimi, F.Passi Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotining dastlabki sovrindoridir.
Bu boradagi namunali parlament diplomatiyasini rag‘batlantirish va parlamentlar a’zolarining yanada mustahkam tinchlik va demokratik jamiyatlarga erish yo‘lidagi astoydil intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida PAI tomonidan 2021 yili “Kremer-Passi mukofoti” ta’sis etildi. Ushbu mukofot PAI maqsadlarini himoya qilish va ilgari surish ishiga, shuningdek, dunyoning yakdil, adolatli, xavfsiz, barqaror va teng huquqli bo‘lishiga ulkan hissa qo‘shgan parlament a’zosi yoki bir guruh a’zolariga har yili 30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni va PAI tashkil topgan sanada topshiriladi.
Dunyodagi barcha parlamentlar a’zolari Xalqaro parlamentarizm kunini bayram sifatida nishonlash muhim va zarurligini e’tirof etadilar. Chunki ushbu xalqaro sana, bir tomondan, jahon miqyosida parlamentlarning mavqei muntazam yuksalib borayotganini namoyon etsa, ikkinchi tomondan, parlamentlar faoliyatini keng ko‘lamda targ‘ib etish va tanishtirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
PAI tashkil etilganidan keyingi 133 yil davomida ko‘plab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna bo‘lib xizmat qildi. Hozirgi kunda global va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlarning soni 100 tadan oshadi.
PAI BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. PAIga BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.
Chorak asr davomida har ikki nufuzli xalqaro tashkilot o‘z vazifalarini astoydil bajarish, boshqa xalqaro tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash, umumiy maqsadlarga yakdillik bilan intilish borasida hamisha hamkor va hamfikr bo‘lib kelmoqda. Ikkala xalqaro tashkilotning ham maqsad-vazifalari ko‘p jihatdan uyg‘un va hamohangdir.
O‘zbekiston va Parlamentlararo Ittifoq: camarali hamkorlik yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasi PAIga 1992 yilda a’zo bo‘lgan. Mamlakatimiz 2017 yil 13 oktyabrdan mazkur Tashkilotdagi a’zoligini qayta tikladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi PAI bilan faol hamkorlik qilmoqda.
2019 yil 17 oktyabrda Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili PAI Ijroiya qo‘mitasining a’zosi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari 2020-2023 yillar oralig‘idagi muddatga ushbu lavozimga saylandi hamda PAI Vitse-prezidenti etib tayinlandi.
Shuni ham aytish joizki, PAI global miqyosda yoki BMT bilan munosabatlarda milliy parlamentlar kabi amaliy vakolat va nufuzli imkoniyatlarga ega emas. Mazkur xalqaro tashkilot muayyan siyosiy masalalar yuzasidan o‘zining barcha a’zolari nomidan ish tuta olmaydi. Oqibatda BMTning asosiy rezolyusiya va deklaratsiyalarida parlamentlar a’zolarining ovozi ba’zan hisobga olinmasdan qolmoqda.
Shu nuqtai nazardan, milliy parlamentlar delegatsiyalarining BMT o‘tkazadigan tadbirlarda, xususan, Barqaror taraqqiyot maqsadlari ijrosining muhokamalarida, BMT maxsus muassasalari, Inson huquqlari bo‘yicha kengash hamda BMTning shartnomaviy qo‘mitalari majlislarida faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash zarur. Bunda PAI, ayniqsa, BMT bilan yaqindan hamkorlik qiladigan gender tenglik va inson huquqlari sohalariga alohida ahamiyat qaratish taqozo etiladi.
O‘zbekiston tomonining fikricha, BMT mexanizmlari, shu jumladan Barqaror taraqqiyot maqsadlarini ta’minlash, xususan, gender tenglik, yoshlar siyosati, aholini ijtimoiy himoya qilish kabi masalalar yuzasidan parlament a’zolari uchun o‘quv seminarlari va treninglar tashkil etish zarur.
Bu haqda so‘z borganda, mamlakatimizning BMT konvensiyalarini bajarish bo‘yicha davriy ma’ruzalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan delegatsiyalar tarkibiga milliy parlament a’zolarini kiritish amaliyotini ibratli namuna sifatida ko‘rsatish mumkin.
PAIning 2021 yili bo‘lib o‘tgan 142-assambleyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Aslanov PAIning Yosh parlamentariylar forumi a’zoligiga qabul qilindi; Qonunchilik palatasi Qo‘mitasi raisining o‘rinbosari N.Tilavoldiev PAIning Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha doimiy qo‘mitasi a’zoligiga saylandi; Qonunchilik palatasi deputati M.Baratova PAIning Barqaror taraqqiyot bo‘yicha doimiy qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Bundan tashqari, PAI Bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlash borasida parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risida”gi rezolyusiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbusini xalqaro tashkilotlar rahbarlari orasida birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston va Parlamentlararo Ittifoq: gender siyosati tajribasi
Jahondagi milliy parlamentlar ayol spikerlarining 14-sammiti joriy yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Mazkur Sammitning O‘zbekiston, umuman, Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatda erishgan samaralari, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lidagi shiddatli islohotlar tufayli qo‘lga kiritgan yutuqlarining e’tirofidir.
Milliy parlamentlar ayol spikerlarining Sammiti fikrlashish va parlament tajribasini almashish, shuningdek, yetakchi ayollar o‘rtasida aloqa o‘rnatish va hamkorlik qilish uchun qulay muloqot maydoni hisoblanadi. Avvalgi Sammit 2021 yil sentyabr oyida Vena shahrida bo‘lib o‘tgan va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan.
Shu o‘rinda O‘zbekistonda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli 2020 yilda mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilganini qayd etish lozim. Ayollar soni Qonunchilik palatasida deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etib, bu orqali O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetishiga erishildi.
Jahon bankining ayollar, biznes va qonun indeksida 2020 yilda O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kiritildi va 5 pog‘onaga yuqorilab, 190 davlat orasida 134-o‘rinni egalladi.
Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ishlab turibdi. Xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi ulushi 44 foiz, oliy ta’limda 40 foiz, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Vazirlik va idoralarda 15 mingdan ziyod kadrlar zaxirasi shakllantirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan joriy yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat – bu uning oilasidir”, deb aytdilar.
Davlatimiz rahbari Oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida Konstitutsiyamizda “oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi”, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlash taklifini bildirdi. Shuningdek, Yurtboshimizning uqtirishicha, homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishini Asosiy qonunimizda qat’iy belgilab qo‘yish lozim.
Prezidentimiz tomonidan ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davomiy ravishda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada ham ustuvor vazifalar belgilab olindi.
2026 yilga qadar malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” bilan integratsiya qilish shular jumlasidandir.
Davlatimiz rahbari ayollarning salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham qator tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz ayollarining bu va boshqa muammolarini hal etish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama rag‘batlantirish borasida davlat va jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan mas’uliyatli ishlar xalqaro mezonu talablarga to‘la hamohangdir. PAI Bosh kotibi Martin Chungong qayd etganidek, “O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishlarini rag‘batlantirish, siyosiy soha va davlat ishlarida teng huquqli asosda qatnashishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xotin-qizlarning ta’lim olishlari hamda kasb o‘rganishlari masalasiga pandemiyadan keyingi taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishi sifatida jiddiy e’tibor qaratilmoqda”.
Parlamentarizm va yoshlar
PAI Bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan “Parlamentda yoshlarni qo‘llaymiz” mavzusidagi yoshlar parlament forumida ham ishtirok etdi. Uchrashuvda yoshlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida, jumladan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda erishilgan natijalar, yoshlarning davlat boshqaruvi va parlamentdagi ishtiroki masalalari keng muhokama qilindi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yoshlar manfaatlarini har tomonlama ro‘yobga chiqarishga qaratilgan mazmundor va samarali islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda, ayniqsa, yoshlar huquqlarini ta’minlashda O‘zbekistonning xalqaro minbarlardan bildirayotgan tashabbuslari alohida e’tibor bilan qabul qilinayotgani ulkan ahamiyatga egadir.
Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi ham yoshlarning huquqlarini himoya qilish borasidagi siyosiy va madaniy-gumanitar tashabbuslarni rivojlantirish va chuqurlashtirish zarurligini e’tirof etgani bejiz emas. Chunki yoshlarning bugun rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi qonun ijodkorligi jarayonida ishtirok etishi muhim omil hisoblanadi.
Martin Chungong O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlarining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda, navqiron avlod vakillariga taalluqli qarorlarni qabul qilishdagi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Yoshlar parlamentlari a’zolarining qonunchilik jarayoni, parlament faoliyati, yoshlar bilan ishlashda to‘plagan mahalliy tajriba va loyihalari mo‘tabar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ekologiya muammolari va parlamentlar mas’uliyati
PAI o‘zining parlamentlararo global hamkorlik borasidagi faoliyatida iqlim o‘zgarishlariga nisbatan xalqaro darajadagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga ham intilmoqda. Bunda dunyo mamlakatlari parlamentlarining rolini oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim.
Iqlim o‘zgarishlarining achinarli oqibatlari asosan rivojlanayotgan va kambag‘al aholi ko‘pchilikni tashkil etadigan mamlakatlarda, ayniqsa, yaqqol sezilmoqda. Ushbu mamlakatlarda oziq-ovqat va ichimlik suv taqchilligi, shuningdek, havo, suv va tuproqning ifloslanishi oqibatlari tobora jiddiy muammoga aylanib borayotgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi.
PAI jahon jamoatchiligining iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha xabardorligini yanada oshirish va turli siyosiy partiyalar vakillaridan tashkil topgan parlamentlar a’zolarining ushbu muammoga yechim topishga qaratilgan sa’y-harakatlarini rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Bu o‘rinda nafaqat iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul yoki ayni mavzuga bevosita qiziqadigan siyosatchilar, balki iqlimga oid samarali siyosat olib borish va qonunlar qabul qilishda hal etuvchi o‘rin tutadigan alohida javobgar shaxslarning faoliyatini ham qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMT shafeligida global ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida 2023 yili O‘zbekistonda Atrof muhit bo‘yicha BMTning yuqori darajadagi Oltinchi Assambleyasini o‘tkazish taklif qildi. Ana shu Assambleyada BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini tashkil etishga qaratilgan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surish mo‘ljallanmoqda.
Ekologiya muammolari sarhad bilmaydi. Shuning uchun iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq masalalarni har qaysi davlat o‘z holicha hal etishga intilishi kutilgandek samara bermasligi tabiiy.
Shu ma’noda, butun dunyo davlatlari va barcha xalqaro tashkilotlar ishtirokida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish uchun yagona xalqaro koalitsiya tuzish zarurati juda dolzarbdir. Jahon hamjamiyati o‘zaro birlashgan taqdirdagina butun insoniyat va har bir inson hayotini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Parlamentarizm va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
PAIning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Kommunikatsiya strategiyasi PAIga joriy besh yil davomida kommunikatsiya sohasidagi faoliyatni tubdan kuchaytirish orqali o‘zining strategik maqsadlariga erishishi uchun yordam beradi. PAIning yangi Kommunikatsiya strategiyasi bu borada 2019-2021 yillarda amalga oshirilgan Strategiyaning uzviy davomidir.
O‘tgan davrda PAI raqamli transformatsiya yo‘liga o‘tdi, o‘z a’zolari bilan aloqa kanallarini kengaytirdi va yanada faollashtirdi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot tarqatish imkoniyatlari tubdan oshirildi.
O‘z navbatida, yangi Kommunikatsiya strategiyasi dunyo mamlakatlari parlamentlari, parlamentlar a’zolari va PAI faoliyatini yoritishning yangicha imkoniyatlarini yaratish hamda yangidan-yangi vositlaridan samarali foydalanish uchun yo‘l ochmoqda.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, PAI – butun dunyo parlamentlarini jipslashtirish va demokratiyani ta’minlashga intilayotgan noyob xalqaro tashkilot ekani haqidagi ijtimoiy fikrni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, PAIning yangi Kommunikatsiya strategiyasi dunyodagi 46 ming nafar parlament a’zosi faoliyatini qamraydi. Sodda qilib aytganda, endilikda Yer yuzining har qanday chekkasidagi deputat va senatorga taalluqli ma’lumotlar sayyoramiz keng jamoatchiligining e’tibor markazida bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Biz milliy parlamentimiz timsolida, avvalo, jamiyatimizning haqiqiy ko‘zgusini, odamlarni o‘z ortidan ergashtirib, ezgu maqsadlar sari boshlashga qodir bo‘lgan katta bir kuchni ko‘ramiz”.
Shu nuqtai nazardan, 30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni butun jahonda parlamentlar tizimining o‘rnini oshirish, ta’bir joiz bo‘lsa, har bir parlamentning o‘z mamlakati hududida istiqomat qiladigan yuz minglab-millionlab fuqarolari hayotini yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan juda muhim.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,
Parlamentlararo Ittifoq Vitse-prezidenti
- Qo'shildi: 24.06.2022
- Ko'rishlar: 3449
- Chop etish