ASOSIY QONUNGA XOTIN-QIZLAR HUQUQALARIGA OID YANGI NORMALAR KIRITILISHI TAKLIF QILINDI

2022 yil 20 iyul kuni Konstitutsiyaviy komissiya, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT tomonidan BMT vakolatxonasi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko‘magida “Jahon konstitutsiyalarida xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risidagi qoidalarning aks etishi” mavzuida xalqaro jamoatchilik eshituvi uyushtirildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar qatnashdi.

Jamoatchilik eshituvining maqsadi — O‘zbekistan va xorijiy davlatlarning ayollar, xotin-qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, sohaning konstitutsiyaviy- huquqiy asoslarini rivojlantirish borasidagi tajribasi borasida o‘zaro fikr almashish hamda shu asosda “O‘zbekistan Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga tegishli takliflar ishlab chiqishdir.

Ishtirokchilar so‘nggi yillarda gender tenglik masalasi O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida e’tirof etdilar. Bunda, avvalambor, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalalariga oid 40 dan ziyod normativ- huquqiy hujjatlar, xususan, “Xotin-qiz­lar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekistan xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi.

Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender-assimetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi.

Shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekistan Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiya­si, Barqaror rivojlanish soxasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi ushbu sohaning huquqiy asoslarini tubdan mustahkamladi va tegishli tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsional asoslari yanada mustahkamlandi. Jumladan, O‘zbekistan Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, Oliy Majlis Senatida aloxida qo‘mita, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi yangidan tashkil etildi va faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini kuchaytirish, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, bandligini ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, “ayollar daftari” bilan manzilli ishlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish, oila asoslarini yanada mustahkamlash kabi masalalarni hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, dasturlar va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarning muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan samarali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijalari va erishilgan marralar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Ayollar, biznes va qonun indeksida O‘zbekiston 2020 yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etgani holda, parlamentdagi xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlamentlar o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. “Siyosatdagi ayollar” jahon reytingida 45-o‘rinni egalladi.

Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari O‘zbekistonda erishilgan marralarni e’tirof etgan holda, sohaning konstitutsiyaviy-huquqiy asosini yanada mustahkamlash xozirgi davr, zamonamizning talabi ekanligini alohida ta’kidladi. Xususan, xotin-qizlar va erkaklarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini ta’minlash, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar o‘rtasidagi kamsitish- ning barcha shaklini bartaraf etish, xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish va ularning oila hamda mehnat vazifalari o‘rtasida muvozanatni saqlashda muammoli holatlar hanuz uchrab turgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu esa xotin-qizlarning konstitutsiya viy huquqlarini yanada mustahkamlashni taqozo etadi.

O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi 18-moddasida “barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng”ligi, 46-moddasida esa “xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli”ligi belgilab qo‘yilgan.

Bugun umumxalq muhokamasida bo‘lgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bu boradagi normalar takomillashtirilayotganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Birinchi guruh yangiliklari Konstitutsiya muqaddimasida o‘z aksini topgan:

  • xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari ustuvorligining e’tirof etilishi;
  • har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlashning maqsad qilib olinishi;
  • demokratiya g‘oyalariga, ijti­moiy adolat, erkinlik va teng­lik kabi qadriyatlarning mustahkamlab qo‘yilishi.

Ikkinchi guruh yangiliklari Konstitutsiyaning 37-moddasi yangi tahririda namoyon bo‘ladi:

  • har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gi­giena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda bel­gilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerakligi;
  • homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ular­ning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi;
  • har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun ta’tilga yoki bolani farzandlikka olish uchun ta’tilga chiqish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilmoqda.

Natijada ayollarning huquq va imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilishiga erishiladi.

Uchinchi guruh takliflarini Konstitutsiyaning 63-moddasi yangi tahririda ko‘rish mumkin:

  • oila jamiyatning tabiiy va asosiy bo‘g‘ini, aholini saqlab qolish hamda ko‘paytirish negizi sifatida jamiyat va davlatning alohida muhofazasi ostida bo‘lishi;
  • nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi;
  • davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratishi hamda ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berishi mustahkamlanmoqda.

Jamoatchilik eshituvi ishtirokchilari ushbu vazifalar va Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi “ijtimoiy davlat qurish”ga qaratilgan boshqa yangiliklar ham yangi O‘zbekiston gen­der tenglikni ta’minlash siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga mosligini ta’kidladi.

Bir paytning o‘zida, xalqaro ja­moatchilik eshituvi ishtirokchilari xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoyalashga oid, xususan, quyidagi qo‘shimcha normalar ham mavjudligiga e’tibor qaratdi:

  • ayollar hayotning barcha jabhasida, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy va oilaviy hayotda erkaklar bilan teng huquqlarga egaligi, davlat xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishi, erkaklar va ayollarga teng mehnat uchun teng haq to‘lash tamoyilini qo‘llashi;
  • erkaklar va ayollar oilada, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotda hamda ta’lim, mehnat va ijtimoiy ta’- minot, davlat mukofotlarini olishda teng huquqlarga egaligi;
  • har bir ayol to‘liq hamda teng insoniy qadr-qimmatga egaligi, bu siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatda teng imkoniyatlarni o‘z ichiga olishi, ayollar bolalarning vasiyligi hamda homiyligi bo‘yicha erkaklar bilan bir xil huquqlarga egaligi va parlament bu huquqlarning amalga oshirilishini qonun bilan tartibga solishi hamda Konstitutsiyada mustahkamlangan ayollar huquqlarini buzadigan barcha qonun, urf- odat, madaniy amaliyotlar huquqbuzarlik sifatida e’tirof etilishi;
  • ayollarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakli bekor qilinishi, ularning majburiy mehnatidan foydalanish taqiqlanishi, erkaklar va ayollar barcha sohada, ayniqsa, nikoh hamda oilaviy munosabatlarda teng huquqlarga egaligi va nikoh o‘zaro rozilik hamda monogamiya shartlari tamoyillari asosida belgilanishi;
  • davlat xotin-qizlarning farovon­ligi va huquqlarini himoya qilishga intilishi zarurligi;
  • ayollarni jinsi yoki nikohiga qarab kamsituvchi har qanday qonun maqomi o‘z kuchini yo‘qotishi, ayollarni kamsituvchi xatti-harakatlar, xususan, jinsiy haqorat qilish, bezorilik hamda zo‘ravonlik yoki kuch ishlatish, ishda, biznesda va jamoat ishlarida kamsitish hamda mulkdan, jumladan, meros orqali olingan mulkdan mahrum qilish taqiqlanishi;
  • har bir ayol xavfsiz onalik va reproduktiv salomatlik huquqiga ega­ligi hamda diniy, ijtimoiy, mada­niy an’analar, urf-odatlar yoki boshqa sabablarga ko‘ra jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lishi mumkin emasligi va bunday qilmish qonun bilan jazolanishi hamda jabrlanuvchi qonunga muvofiq tovon undirishga haqliligi, ayollar ijobiy diskriminatsiya asosida ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish va ijtimoiy ta’minot sohasida alohida imkoniyatlar olish huquqiga ega bo‘lishi kerakligi.

Jamoatchilik eshituvlari ishtirokchi­lari, milliy va xorijiy konstitutsiya­viy rivojlanish qonuniyatlarini qiyosiy o‘rganish asosida Konstitutsiyaviy komissiyaga xotin-qizlar huquqlarini ta’min­lash, ushbu sohadagi xalqaro standartlarga muvofiq ularning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tak­lif va tavsiyalarni bildirdilar.

Birinchi taklif: xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan normalarni Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks ettirish masalasini ko‘rib chiqish, xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 46-moddasiga xotin-qizlar hamda erkaklar mehnatiga teng haq to‘lash, oilada va oilaviy munosabatlarda ayollar hamda erkaklar huquqlarining tengligini ta’minlash kabi prinsiplarni kiritish.

Ikkinchi taklif: O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25-moddasiga davlat xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilishi va xotin-qizlarning oila hamda mehnat vazifalari o‘rtasida muvozanatni saqlashini ta’­minlash, xotin-qizlar kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilgan normalarni aks ettirish.

Uchinchi taklif: davlat xotin-qizlar va erkaklarning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik hamda siyosiy huquqlardan foydalanishda teng huquqliligini ta’minlashi va shu maqsadda har qanday shaxs, tashkilot yoki korxona tomonidan jinslar o‘rtasidagi kamsitishning barcha shaklini bartaraf etish uchun tegishli choralarni ko‘rishini konstitutsiyaviy norma sifatida belgilab qo‘yish.

To‘rtinchi taklif: ayollar va erkaklarga ta’lim olish, kasb-hunar o‘rgatishda, mehnatda hamda mansab pog‘onalarida ko‘tarilishida (ishda), iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa faoliyat sohalarida teng imkoniyatlar, shuningdek, ularning mehnati hamda sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun shart-sharoitlar yaratish.

Xalqaro jamoatchilik eshituvi ishti­rokchilari O‘zbekistonda yaratilgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar xotin-qizlarning fundamental huquqlarini samarali muhofaza qilishga imkon berishini ta’kid­ladi. Xotin-qizlar va oila masalalarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarining mustahkamlanishi yangi O‘zbekistonni qurish hamda uchinchi Renessans asoslarining mustahkamlanishi, xalq farovonligi va turmush darajasini yuksaltirish, jamiyatda inson kapitalini oshirish kabi vazifalarni bajarishda hal qiluvchi omillardan bo‘lishi e’ti­rof etildi.

 

Xalq so‘zi gazetasi

Powered by GSpeech