“KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: MILLIY VA XORIJIY TAJRIBA” MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY MUHOKAMA

2022 yil 15 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT hamda O.E.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti va  Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti hamkorligida “Konstitutsiyaviy islohotlar: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy muhokama tashkil etildi.

Ilmiy muhokamaning bosh maqsadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar fonida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish istiqbollari yo‘lida milliy va xorijiy tajribani, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi tajribasini qiyosiy-huquqiy o‘rganish, muhokama qilish va ilg‘or huquqiy qadriyatlarni konstitutsiyaviy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida mustahkamlash borasida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Ilmiy muhokama shaklida, oflayn va onlayn formatda o‘tkazilgan mazkur xalqaro tadbirda O.E.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar nomzodi, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan yurist V.I.Lafitskiy, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori S.F.Udarsev hamda O‘zFA Davlat va huquq instituti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti vakillari – akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Shuni qayd etish lozimki, konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy tashabbuskori – bu mamlakatimiz fuqarolari. Uning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoevdir. Zero, ushbu fudamental, konseptual g‘oya so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli, tizimli va shiddatli islohotlarga tayanadi va ularning o‘ziga xos natijasi, demokratik indikatorlaridan biri hisoblanadi. “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli fundamental kitobda xalqimiz irodasi, orzu-umidlari va xohish-irodasini inobatga olib, konstitutsiyaviy islohotning ustuvor yo‘nalishi ko‘rsatib berilgan. Zero, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli demokratik islohotlarni o‘zaro bog‘lab, jipslashtirib turuvchi o‘zagini – aynan “Inson qadri uchun” g‘oyasi, har qanday shaxsning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlarini joyiga qo‘yish, ulug‘lash g‘oyasi tashkil etadi.

Ilmiy muhokama davomida hozirga qadar konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish yuzasidan xalqimiz, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar, siyosiy partiyalar vakillari, mahallalar aholisi tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaga 1-bosqichda – 62 mingdan ortiq; 2-bosqichda – 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushganligi qayd etildi. Ushbu takliflar jamiyat va davlat hayotining barcha ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarini qamrab olgan.

Bugun Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy  islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini ta’minlash va pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, uning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekaniga to‘xtab o‘tildi.

Muhokamalar davomida bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – barcha O‘zbekiston fuqarolaring qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatiga aylanib ulgurgani va eng muhimi, ularning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaygani, fuqarolarning O‘zbekistondagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib borayotgani xorijiy va milliy ekspertlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Xalqaro anjuman davomida ekspertlar tomonidan “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda yangi “Inson – shaxs – jamiyat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish taklifi jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingani, ushbu g‘oyalar islohotlarning o‘zagini tashkil etishi, turli yo‘nalishlardagi tarixiy yangilanishlarni o‘zaro bog‘lab turgani haqida fikr almashdilar. Bu borada Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston tajribasining bir qator jihatlariga urg‘u berildi. 

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz tarixida sifat va mazmun jihatdan yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi. Bu yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilganida aks etadi. Zero, “inson qadri” va “ijtimoiy davlat” tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi, ular bir-birini taqozo etadi va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Muhokamalarda fundamental inson huquqlari va erkinliklarining hurmat qilinishi, inson shaxsiy hayotining dahlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi; aybsizlik prezumpsiyasi; davlat va vatandoshlar munosabati; jamoatchilik nazorati, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori, majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanishi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishi, davlat ijtimoiy xizmatlar tizimi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi, mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishi va o‘z manfaatini ko‘zlab, unga egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi va bekor qilinmasligi borasidagi masalalar bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi. Taklif etilayotgan Konstitutsiyaviy qoidalarning xorijiy analogi xususida so‘z bordi.

Pirovardida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash xalqning orzusi, ezgu istagi, oliy maqsadi bo‘lgan – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti ekani ta’kidlab o‘tildi.

Yakunda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi dolzarb, u yuzasidan bildirilgan umumxalq fikri, taklif-mulohazalari o‘rinli va shu asosda shakllantirilgani qayd etildi.

Barqaror rivojlanish markazi

 

Powered by GSpeech