KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: MILLIY VA XORIJIY TAJRIBA

2022 yil 15 avgust kuni Toshkentda “Konstitutsiyaviy islohotlar: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy muhokama bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, shuningdek, O.E.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti va  Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro ilmiy muhokamaning bosh maqsadi konstitutsiyaviy islohotlar davrida inobatga olinishi kerak bo‘lgan inson va jamiyat hayotining turli sohalariga doir huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan normlarni konstitutsiyalarda ifoda etish hamda ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, muhokama qilish va mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Muloqotga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidov moderatorlik qildi.

 

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan mazkur tadbirda O.E.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar nomzodi, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan yurist V.Lafitskiy, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori S.Udarsev hamda O‘zFA Davlat va huquq instituti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universiteti vakillari – akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi hamda so‘zga chiqdi.

Ishtirokchilar bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy  islohotning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini ta’minlash, pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, uning og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekanini alohida ta’kidladilar. 

Professor Vladimir Lafitskiy bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – barcha O‘zbekiston fuqarolari qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatiga aylanib ulgurgani, eng muhimi, ularning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaygani, fuqarolarning O‘zbekistondagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib borayotganini alohida e’tirof etdi.

O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning bosh maqsadi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash ekanini jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganini ta’kidlar ekan, V.Lafitskiy bu boradagi Rossiya tajribasining zamonaviy jihatlari bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi. 

Professor Sergey Udarsev mamlakatda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlar amalga oshirilayotganiga yuqori baho berdi. Bu yangilanishlar keng qamrovli, shiddatli ekani, aniq maqsad va vazifalarga qaratilgani alohida e’tirofga sazovorligini  qayd etdi.

Shuningdek, S.Udarsev “Inson qadri uchun” g‘oyasi va “Inson – shaxs – jamiyat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish taklifi jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingani xususida to‘xtaldi. Uning fikricha, ushbu g‘oyalar O‘zbekistondagi islohotlarning o‘zagini tashkil etadi va turli yo‘nalishdagi tarixiy yangilanishlarni o‘zaro bog‘lab turibdi.

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz tarixida sifat va mazmun jihatdan yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi. Bu yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilganida aks etadi.

Zero, “inson qadri” va “ijtimoiy davlat” tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu g‘oyalar bir-birini taqozo etadi va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston nafaqat ijtimoiy, balki adolatli jamiyat sari ildam qadam tashlayotgani, bu borada yurtimizda fuqarolarning huquqlarini ta’minlashning noyob tizimi yaratilgani, davlatning ijtimoiy mas’uliyati tobora ortayotgani, ijtimoiy himoya va moddiy yordamga muhtoj fuqarolarimizning hech biri nazardan chetda qolmayotgani, ayniqsa, pandemiya davrida davlatimiz va jamiyatimizning insonparvarlik ruhi yana bir bor namoyon bo‘lgani haqida fikrlashdilar.

Muhokama davomida yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritish uchun kelib tushgan takliflarning mazmun-mohiyati, jumladan:

inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish va qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish;

har bir shaxs O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun inson huquqlari bo‘yicha milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqiga egaligi;

har bir inson shaxsiy hayotining dahlsiz bo‘lishi, shaxsiy va oilaviy siri, o‘z sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi huquqiga ega bo‘lishi;

mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, mulkdan foydalanish atrof muhitga zarar yetkazmasligi borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralar bo‘ldi.

Xususan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqning orzusi, ezgu istagi, oliy maqsadi bo‘lgan tom ma’nodagi insonparvar va adolatli, erkin va demokratik, obod va farovon, dunyo mamlakatlari bilan har tomonlama raqobatbardosh demokratik huquqiy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim sharti ekani ta’kidlandi.

Xalqaro va milliy ma’ruzachilar O‘zbekistonda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘nalishida fuqarolarning jamoat birlashmalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari va say’-harakatlar o‘z mevasini berayotgani haqida alohida to‘xtaldilar.

Eng muhimi, fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish huquqini yanada mustahkamlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha asoslangan takliflar ilgari surildi.

Xalqaro ilmiy muhokama yakunida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasida bildirilgan fikrlar va taklif-mulohazalar asosida takomillashtirilayotgani, o‘z navbatida, yangilanadigan Asosiy qonun – tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi sifatida namoyon bo‘lishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech