MUROJAATLAR BILAN ISHLASH: TAHLIL VA NATIJALAR

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida aholining murojaatlari bilan ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Bu boradagi faoliyat bilan asosan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi shug‘ullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 10.12.2018 yil 10 dekabrdagi qarori bilan Markaz zimmasiga:

  • jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • murojaatlarning hal qilinishi monitoringi va tahlilini amalga oshirish;
  • davlat organlari, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, shu jumladan jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha faoliyat amaliyotini joylarda bevosita o‘rganish;
  • manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarga inson huquqlariga rioya etilishini, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari tiklanishini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berish vazifalari yuklatilgan.

Markaz tomonidan 2022 yilning o‘tgan davrida 900 dan ortiq murojaat ijro uchun qabul qilingan. Hozirga qadar ana shu ko‘rib chiqilgan murojaatlarning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini ijobiy hal qilish ta’minlangan.

Murojaatlar kelib tushishi hududiyligi jihatdan tahlil qilinganda, ko‘pchilik murojaatlar Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarining hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati o‘tgan yillardagi kabi:

  • odil sudlovni amalga oshirish;
  • sud qarorlaridan;
  • dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning qarorlaridan;
  • mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik;
  • yer ajratish va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlardan iborat.

Ma’lumki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun 9-moddasida belgilangan talablardan kelib chiqib, Markazda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.

Tahlil qilingan davrda Markazga kelib tushgan murojaatlarning qariyb 30 foizi shaxsiy qabul jarayonida kelib tushgan murojaatlardir.

Misol uchun: Toshkent shahrida yashovchi fuqaro V.Adibekova Markaz direktori tomonidan qabul qilinib, uning surishtiruv va dastlabki tergov organlari tomonidan hamda fuqarolik ishi bo‘yicha  qabul qilingan sud qarorlaridan noroziligi bo‘yicha murojaati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyatiga tegishli tavsiya xati kiritilgan edi.

Ushbu tavsiya asosida fuqaro V.Adibekova Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan shaxsan qabul qilingan. Uning keltirgan vajlari yuzasidan qonuniy chora-tadbirlar belgilangan va murojaatchining talablari qondirilgan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: fuqarolarning sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga bo‘lgan ishonchini ta’minlash uchun nimalar qilish zarur?

Buning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi kerak.

Binobarin, “Inson, uning qadri, huquqlari va erkinliklari – oliy qadriyat”.  Bu tamoyil har bir korxona, tashkilot, muassasa o‘z faoliyatini inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirishi zarurligini anglatadi.

 

Otabek NORBOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech