O‘zbekiston Prezidenti 2022 yil 8 avgustda imzolagan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun talabiga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga haqli emas.
Sodda qilib aytganda, yaqin uch oydan keyin kuchga kiradigan yangi qonunda “sovg‘a” tushunchasiga nihoyat aniqlik kiritildi. Davlat xizmatchilari tomonidan sovg‘a olish va berish tartibi belgilab qo‘yildi.
Qonunning ushbu talablari bilan tanishish asnosida, Ustozim – atoqli tarjimashunos olim G‘aybulloh as-Salom ayni mavzuda so‘zlab bergan ibratli hikoyat esimga tushdi.
Gap shundaki, Domla 1967 yilda Milliy ensiklopediya tashvishlari bilan Minsk shahriga borganlarida, chinnivorlar do‘konidan donasi bir so‘mu oltmish tiyindan zirhiga zarhal suv yugurtirilgan piyolaga o‘xshash oltita chiroyli idish xarid qiladi. Toshkentga qaytgach, bevosita rahbari va ustozi Ibrohim Mo‘minovga hisobot beradi va qog‘ozga o‘ralgan ushbu sovg‘ani uzatadi.
Ammo, hadya qabul qilinmaydi, rad etiladi. Ibrohim Mo‘minov o‘z o‘rinbosari va shogirdiga: “Sovg‘a uyingizda tursin, fan doktorligini yoqlashingiz munosabati bilan uyushtiradigan ziyofatingizda shu chinni idishda choy quyib berasiz”, deydi.
Keyinchalik G‘aybulla akaning “Halollik bozorda sotilmaydi” nomli kitobida bu voqeaning to‘liq tafsilotini o‘qib qoldim. Ustozning ana shu hayotiy voqeadan chiqargan ibratli xulosalariga to‘xtalishdan oldin, o‘zimning ham tajribamda uchragan xuddi shunga o‘xshash voqeani so‘zlab bermoqchiman.
Katta tashkilotlardan birida ishlaganimda, xorijiy xizmat safariga yuborilishimga bevosita rahbarim (men o‘sha rahbarning yordamchisi edim) to‘sqinlik qilgan. Yuqori turuvchi rahbariyatning talabi bilan chet elga, baribir, borganman. Qaytishda o‘sha “qiyimsiz” rahbarimga ham arzimas sovg‘a – bir shisha viski va shokolad, boshqa hamkasblarimga arzon bo‘yinbog‘lar olib keldim.
Hamkasblarim, albatta, xursand bo‘ldi. Ammo, rahbarimga atalgan sovg‘ani qanday topshirishni bilmay, yarim kunim tashvishda o‘tdi. Tushga yaqin rahbar ish kabinetida yo‘qligidan foydalanib, sovg‘ani uning kiyim javonidagi tokchaga kiritib qo‘ydim.
Bundan murod shu ediki, rahbar bosh kiyimini qo‘yish asnosida tokchadagi o‘rog‘liq narsaga ko‘zi tushishi tayin. Juda ehtiyotkor odam bo‘lgani uchun, har holda, darrov meni chaqiradi. O‘shanda, bu “mozorbosti” sovg‘am ekanini amallab tushuntiraman.
Rejaning yarmi kutganimdek bo‘ldi, yarmi esa mutlaqo o‘xshamadi. Rahbarim sovg‘ani ko‘riboq, mendan nimaligini so‘radi. Aytganimdan so‘ng uch soat tinimsiz tergadi. Keyin choy damlab kelgani chiqarib yubordi.
Ish kuni shunday mashmasha bilan yakuniga yetib, rahbarimning stolida qolgan choynak-piyolalarni olib chiqish uchun eshikni qoqdim, ochdim va ichkariga qadam qo‘ydim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, rahbarim meni shuncha xunob qilgan badbaxt sovg‘ani diplomat-jomadonchasiga sig‘dirish bilan ovvora edi. Shunday ekan, uch soat asabimni egovlab, “sovg‘a – pora” ekani haqida menga ma’ruza o‘qigani qayoqda qoldi, sira tushunolmadim.
Sekingina ortga qaytdim, eshikni ham sezdirmasdan bekitib qo‘ydim. Oradan sal fursat o‘tib, rahbarim “qorni o‘xshovsiz do‘ppaygan” diplomatini ko‘targanicha kabinetidan chiqdi. Xuddiki sovg‘amni olmagandek, rahmat ham demasdan, befarq qiyofada lift sari odimladi. Ammo...
Sovg‘a o‘ralgan gazetaning jomadonchadan tashqariga chiqib qolgan bir qarichcha bo‘lagi shamolda shitirlardi. Bu qog‘oz parchasi xuddi bahaybat bir tilga o‘xshardiki, sodir bo‘lgan uyatli voqeadan atrof-javonibni xabardor qilmoqchidek, tinimsiz “jar” solardi. Bu qog‘oz parchasi vijdondek nihoyatda bezovta qalqimoqda edi. Bu qog‘oz parchasi nohaqlikka qarshi isyon bayrog‘idek qaysarona hilpirardi.
Liftni kutish uchun to‘xtagan rahbarimning izidan yetib bordim va “jarchi” qog‘oz bo‘lagini yirtib olib, ko‘rsatmaygina cho‘ntagimga soldim. “Oq tuya ko‘rdingmi, yo‘q”.
Rahbarim bejo harakatni sezib-sezmay ham qoldi. Shu bois, hech narsani tushunmasdan, bezrayib qarab qo‘ydi. Men esa yana bir bor tavoze bilan xayrlashdim...
Endi professor G‘aybulla Salomovning akademik Ibrohim Mo‘minovga sovg‘a berishi tarixining davomiga to‘xtalaman. Domla shunday savolni ko‘ndalang qo‘yganlar: “Ustozi kalon u sovg‘ani mendan qabul qilmay to‘g‘ri qildimi?”. Javobni o‘zlari beradilar: “Bilmadim. Bu kimning qanday tushunishiga bog‘liq”.
Ustozimning fikricha, odamlarning o‘zaro murakkab munosabatida o‘rtaga tushgan, aytaylik — agar samimiyat va beg‘arazlik bo‘lsa — yuz so‘m pul sovg‘a deb qabul qilinishi ham mumkin. Ayni vaqtda atigi bir so‘m — agar buning ostida g‘araz, xusumat, mo‘ljal, tama yotgan bo‘lsa — pora bo‘lishi ham mumkin.
Sovg‘a, tortiq, hadya bilan poraning orasi bir qadam. Aslida, agar munosabatlar tekis, samimiyat va odamgarchilik g‘olib bo‘lsa, sovg‘a-salom deganingiz kishilarning hurmat va oqibatini kuchaytiradi. Bu ham bir sog‘lom insoniy hodisa. Biroq agar buning tagida qandaydir majburiyat yoxud «mo‘ljal» bo‘lsa, bunday sovg‘a— harom.
Zotan, o‘ylab ko‘ring-a: bir kishi boshqa bir odamga, hamma vaqt ham o‘zidan-o‘zi mukofot beravermaydi, tortiq qilavermaydi. Qanchadan-qancha ajoyib odamlar mash’um «sovg‘alar» tuzog‘iga ilinib, beburd bo‘lgani, obro‘sidan ayrilgani, jinoiy javobgarlikka tortilganini eshitmaganmisiz?
“Domla bilan mening o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan gapning tamomila o‘zgacha ma’nosi bor, – deb qayd etadilar G‘aybulla aka. – Avvalo, basharti, u kishi mening hadyamni qabul qilganida, bu odatiy, o‘zimizning o‘zbekona bir taomil («mozorbosti») ma’nosida allaqachon unutilib ketgan bo‘lardi. Buni eslab ham o‘tirmasdim. Ammo! Ustod taqdim etilgan o‘sha arzimas matohni samimiyat yuzasidan qabul qilib, meni xushnud etgandan ko‘ra, xuddi shunday, balki bundan ham ziyodroq samimiyat bilan uni rad etib, benihoya katta marhamat bildirdi. Negaki, bu menga bir umrga tatigulik jonli saboq bo‘ldi”.
Ustoz ayni mavzuga “Jahongashta Boburnoma” kitobida ham to‘xtalgan. Ya’ni, G‘aybulloh as-Salom uqtirganlridek, “Sovg‘a, hadya nimaligini bilmaydigan xalq bo‘lmasa kerak. Hadisi Shariflarda musulmonlar bir-birlariga vaqt-vaqti bilan sovg‘a-salom qilib tursinlar, deb aytilgan. Bu o‘zaro hurmat, iltifot va mehr-oqibatni kuchaytiradi. Sovg‘a-salom, xayr-ehson, sadaqa (tasadduq) asli shar’iydir. Turgan gap, buning ostida qandaydir g‘araz yoki biron “mo‘ljal” bo‘lmasa. Ammo Sharqda din tufayli qon-qoniga to‘g‘rilik, diyonat, iymon singib ketganligi bois, hozir ham bizning kishilarimizda saxovat, ochiqqo‘llik, dasturxondorlik, mehmondo‘stlik kuchli. Xayriyatki, o‘sha to‘pos turg‘unlik davrida bu singari oliyjanob insoniy sifatlarning qadri tushmadi, "eskilik sarqiti”ga aylanib ulgurmadi. Biroq baribir bu musaffo tuyg‘ularga ham og‘u qo‘shildi. Insoniy samimiyat yo‘qolgan joyda odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga darz ketadi”.
Bunday purma’no fikrlarga nimadir qo‘shimcha qilishning o‘zi ortiqcha. Shuning uchun joriy yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor G‘aybulla Salomov tavalludiga 90 yil to‘lishini esga olib, qadrli Ustozning xotirasi doimo yodimizda ekanini ta’kidlash bilan cheklanamiz.
G‘ulom MIRZO,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 19.09.2022
- Ko'rishlar: 5015
- Chop etish