VATANIMIZNING YORUG‘ ISTIQBOLI TA’LIM VA TARBIYAGA BOG‘LIQ

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

 

O‘zbekistonda so‘nggi besh yil ichida yoshlarning oliy ma’lumot olish darajasi 9 foizdan 32 foizgacha, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish esa esa 27 foizdan 67,2 foizgacha o‘sdi.

Endi qiyos uchun mana bu raqamlar bilan tanishing: Yer yuzidagi jami davlatlarning har beshtasidan bittasigina o‘z aholisiga 12 yillik majburiy bepul ta’limni huquqiy jihatdan kafolatlay oladi. Aksariyat mamlakatlarda pandemiya inqirozi tufayli ta’lim sohasidagi vaziyat keskin qaltislashgan.

Bugun dunyoda 770 milliondan ortiq katta yoshli aholi o‘qish va yozishni ham bilmaydi. Ana shu savodsiz kishilarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Koronavirus oqibatida sayyoramiz miqyosida qariyb 24 million nafar o‘quvchi endilikda hech qachon maktab va boshqa ta’lim maskanlari ostonasidan hatlab, darslarga qatnay olmasligi ehtimoli kuchli. Bilim olish huquqidan mahrum bo‘lib qolayotgan bu ko‘p sonli yoshlarning 11 million nafari qizlar va navqiron ayollar ekani achinarlidir.

Ushbu tashvishli dalillar dastavval YuNESKO Bosh direktori Odre Azule tomonidan 8 sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni munosabati bilan ma’lum qilindi. O.Azule xonim kuyinib aytganidek, “tezkor choralar ko‘rishni talab qiladigan bunday og‘ir vaziyatda YuNESKO va unga a’zo davlatlar tomonidan ta’lim sohasida oldingi o‘n yilliklarda erishilgan yutuqlarni nainki qo‘ldan boy bermaslik, ayni vaqtda bu marralarni imkon qadar mustahkamlash uchun astoydil sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda”.

O‘z navbatida, joriy yil 16-19 sentyabr kunlari Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha BMT sammitida ayni mavzu bilan bog‘liq yanada ayanchli ma’lumotlar ochiqlandi. Xususan, keyingi davrda jahonda ta’lim sohasi duchor bo‘lgan inqiroz tufayli 2020 yilda qariyb 147 million nafar o‘quvchi kunduzgi darslarning yarmidan ko‘piga kirmagan. 2021 yilda esa 244 million bola va o‘smirlar ta’lim maskanlariga umuman qatnamagan.

Pandemiya dunyo bolalarining 90 foizidan ham ortig‘iga ta’lim olishlari uchun g‘ov bo‘lgan  va bu – insoniyat tarixida ayni soha duch kelgan eng yirik halokatdir. Boz ustiga, jahon mamlakatlarining teng yarmi ta’limga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini qisqartirgani sohadagi inqirozli vaziyatni yanada tang holatga solib qo‘ydi.

Oqibatda hozirgi vaqtda butun dunyo bolalarining 64,3 foizi jo‘ngina matnni ham na o‘qiy oladi, na mazmunini tushunadi. Bu degani – yana bir necha yildan keyin sayyoramiz aholisining har uch nafaridan biri mutlaqo savodsizga aylanib qolishini anglatadi.

Yanada achinarlisi, yaqin orada 840 million nafar o‘smir bilimga, kasb-hunarga, umuman, kelajakka hech qanday tayyorgarliksiz maktabdan – hayotga yo‘llanma oladi. Bunday tashvishli holga barham berish uchun jahondagi jami mamlakatlarning atigi yarmiga yaqinigina qolib ketgan darslarni o‘qitish bo‘yicha bolajonlarga ko‘maklashishga qaratilgan o‘z strategiyalariga ega, xolos.

Shu ma’noda, Ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha BMT sammitida 130 dan ziyod davlat o‘zlarining ta’lim tizimini qaytadan ko‘rib chiqish majburiyatini zimmasiga olgani diqqatga loyiqdir. Ayni vaqtda ushbu mamlakatlar ta’lim sohasidagi inqirozga chek qo‘yish borasidagi faoliyatini izchil kuchaytirmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, yaqinda davlatimiz rahbari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq yuksak marralarga erishish uchun 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan asosiy vazifalarga yana bir bor to‘xtalar ekan, birinchi navbatda, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar mavzusiga to‘xtaldi. Jumladan, “ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz”, dedi Yurtboshimiz.

E’tiborli tomoni shundaki, Prezident Shavkat Mirziyoevning ushbu bayonoti Ta’limni transformatsiya qilish bo‘yicha BMT sammitidan roppa-rosa 20 kun oldin – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda yangradi. O‘zbekistonning ta’lim tizimida inqilobiy o‘zgarishlar yaratishga qaratilgan shiddatkor maqsad-vazifalar esa bundan ham ancha oldin belgilab olingani tahsinga sazovor.

Ya’ni, Harakatlar strategiyasi doirasida mazkur sohada “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi va “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonunlar, Prezidentimizning 170 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi, 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga Ilm-fan, oliy ta’lim tizimi, davlat va maktabgacha ta’lim tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya tasdiqlandi va amalga oshirilmoqda.

Bu boradagi ishlar izchil va tizimli tarzda davom etmoqda. Kelgusi besh yilga belgilangan Taraqqiyot strategiyasining 100 asosiy maqsadidan bir nechtasi aynan ta’lim sohasini taraqqiy ettirish bilan bog‘liqdir. Shu haqda muxtasar so‘z yuritamiz.

Taraqqiyot strategiyasining 38-39-40-maqsadlarida maktabgacha ta’lim taraqqiyotiga oid muhim vazifalar belgilab berilgan. Bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Shu asosda Prezidentimiz rahbarligida yirik shaharlardan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullargacha yangi-yangi zamonaviy bog‘chalar barpo etilmoqda. Binobarin, maktabgacha ta’lim – uzluksiz ta’limning boshlang‘ich qismi bo‘lib, u bolaning sog‘lom va rivojlangan shaxs bo‘lib shakllanishini ta’minlaydi, o‘qishga ishtiyoq uyg‘otadi hamda jajji farzandlarimizni tizimli o‘qitishga tayyorlab boradi.

 Taraqqiyot strategiyasining 41-42-43-44 va 45-maqsadlari maktab ta’limini har tomonlama rivojlantirishga taalluqli. Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi olti yilda xalq ta’limi tizimiga bo‘lgan munosabat ham, e’tibor ham tubdan o‘zgarganini e’tirof etish ayni muddaodir.

Davlatimiz rahbarining xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishni kuchaytirish, ular ma’naviyatini yuksaltirish bilan bog‘liq ko‘plab farmon va qarorlari qabul qilindi. Maktablarning o‘quv dasturlari, o‘qitish uslubi, darsliklar mazmuni tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu tizim avval ilg‘or xorijiy mutaxassislar  tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, keyingina hayotga tatbiq etiladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida yangi maktablar barpo etilmoqda, xususiy maktablarni ko‘paytirish, umuman, ta’lim sifatini oshirishga har tomonlama jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta’lim har tomonlama rivojlantirilmoqda. Malakali o‘qituvchilarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich oshirib borish choralari ko‘rilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining 46-47-48, 49 va 50-maqsadlari oliy ta’lim tizimdagi yangilanishlar bilan bog‘liqdir. Mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 170 taga yetdi, ularga qabul kvotalari 3,5 baravarga ortdi.

Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 24 ta xorijiy hamda 27 ta nodavlat oliygoh tashkil etildi. Shu asosda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi.

Ayni chog‘da, masalaning g‘oyatda muhim bir jihati ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni, davlat, bir tomondan, ta’lim sohasini rivojlantirish uchun zarur mablag‘larni ajratsa, ikkinchi tomondan, zamonaviy jihozlangan yangi ta’lim maskanlari ochilsa, uchinchi tomondan, ta’lim muassasalari ilg‘or darslik, qo‘llanma va o‘quv jihozlari bilan ta’minlansa, to‘rtinchi tomondan, o‘qituvchilarning malaka oshirishi va oylik maoshlari ko‘paytirilishi tizimli yo‘lga qo‘yilsa – ushbu omillarning barchasi Yangi O‘zbekistonning yangicha ta’lim tizimiga asos solish uchun yetarlimi? Yo‘q, albatta.

Bu o‘rinda inson omili – o‘qituvchi va murabbiylarning tom ma’nodagi fidoyiligi ham talab etiladi. Aynan ular:

birinchidan, mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish;

ikkinchidan, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish;

uchinchidan, o‘quv-tarbiya jarayoniga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

to‘rtinchidan, o‘quvchi va talabalarga ilm-fan asoslari hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish;

beshinchidan, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish;

oltinchidan, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, farzandlarimizni ona Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;

yettinchidan, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ishlariga munosib hissa qo‘shishlari ham farz, ham qarzdir.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida, Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, ana shunday yuksak talablarga javob beradigan ustozlarning katta bir guruhi ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgani uchun faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Fursatdan foydalanib, yuksak mukofotlar sohiblarini, yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan chin qalbdan tabriklaymiz!

Shunday qilib, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom MIRZO,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech