Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat

O‘tgan yil nafaqat mamlakatimiz va xalqimiz, balki butun dunyo jamoatchiligi uchun g‘oyat murakkab hamda sinovli yil bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomada ta’kidlanganidek, Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi.

Haqiqatan ham, pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan yurtimiz hayotining barcha sohalarida ulkan yutuqlarga erishildi. Bu borada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining ham munosib hissasi bor.

Bu fikrimizni Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ayrim amaliy ishlar misolida tasdiqlashga harakat qilamiz.

O‘tgan yili bir qator qonun loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Xususan, «Prokuratura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni hamda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari shular jumlasidandir.

Shuningdek, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasini muhokama qilish ishiga tayyorgarlik ko‘rildi. Bu borada:

birinchidan, 2022 yil 29 avgust – 2 sentyabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida  O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining ishtirok etishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi ishlab chiqildi. Shu hujjat negizida tashrif samarali amalga oshirildi;

ikkinchidan, yurtimiz delegatsiyasi a’zolari uchun O‘zbekiston Respublikasidagi bola huquqlari bo‘yicha vaziyatga doir qisqacha ma’lumotnoma tayyorlandi;

uchinchidan, BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarining bajarilishi to‘g‘risidagi O‘zbekiston beshinchi davriy hisoboti BMT Qo‘mitasining 91-sessiyasida ko‘rib chiqilishi yakunlari yuzasidan hisobot tayyorlandi hamda tasdiqlandi.

Bundan tashqari, BMT Irqiy kamsitishni tugatish bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy mulohazalari va tavsiyalarini bajarish yuzasidan 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi bandlarini amalga oshirish doirasida bir qator ishlar bajarildi. Jumladan:

Konvensiyaning 14-moddasiga O‘zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Qo‘mitasining yakka tartibdagi shikoyatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish vakolatini tan olishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masala o‘rganib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralardan ekspert xulosalari olindi hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyaning 8-moddasi 6-bandiga tuzatish bo‘yicha ma’lumotlar atroflicha o‘rganildi. Konvensiyaning 8-moddasi 6-bandiga kiritilgan tuzatishni ratifikatsiya qilish maqsadga muvofiqligi masalasi bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan vazirlik va idoralar bergan mulohazalar asosida umumlashtirilgan xulosa tayyorlandi hamda Hukumatga taqdim etildi.

Ma’lumki, “Xalqaro shartnomalar to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida Tashqi ishlar vazirligi, xalqaro shartnoma qoidalaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish usulini aniqlashi belgilangan. Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi BMT Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi konvensiyasi 8-moddasi 6-bandiga kiritilgan tuzatishni tan olish usulini aniqlashi lozimligi ko‘zda tutildi.

Shu bilan birga, Milliy harakatlar rejasining 19-bandiga muvofiq, mazkur Konvensiya qoidalari bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining O‘n uchinchi-O‘n to‘rtinchi davriy hisoboti loyihasi tayyorlandi.

Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir”. Eng muhimi, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak”.

 

Husniddin XOLMAMATOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi

Tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech