Millat tafakkurining BEBAHO XAZINASI

21 - fevral  – Xalqaro ona tili kuni

        INSONIYAT yaralibdiki, jamiyat taraqqiyotida o‘zaro aloqa va fikr almashish vositasi sifatida tilning o‘rni katta ahamiyat kasb etib keladi. Tafakkurning ajralmas qismiga aylangan til xalqlarning bebaho boyligidir. O‘zbek xalqi ham ona tilimiz orqali dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda.

     Har yili 21 - fevral sanasi butun jahonda Xalqaro ona tili kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur kunni nishonlash qarori 2000-yilda YuNESKO tomonidan qabul qilingan. Mazkur sana munosabati bilan 2001-yildan boshlab barcha davlatlarda ona tilini ulug‘lashga bag‘ishlab turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

       Hozirgi davrda butun dunyo bo‘yicha turli millat, elat va qabilalarga tegishli 6 mingga yaqin jonli til mavjud. Jahon tillari grammatik jihatdan, lug‘at boyligi va boshqa jihatlari bilan bir-biridan farq qilsa-da, ular barcha tillar uchun mushtarak bo‘lgan umumiy qonuniyatlar asosida rivojlanadi.

Qadimiy Sharq xalqlarida aloqa vositasi sifatida Xitoy tili (iyeroglifik shaklda), G‘arbiy Osiyoning qadimiy davlatlarida turli davrlarda shumer, akkad va oromiy tillari qo‘llanilgan. Yunon tili ellinistik dunyoning, lotin tili esa turli tillarda so‘zlashuvchi Rim imperiyasining umumiy tili bo‘lgan. O‘rta asrlarga kelib Yaqin Sharq hududida arab va fors tillari, slavyan mamlakatlarida esa qadimiy slavyan tili xalqaro til vazifasida qo‘llanila boshlagan.

 Tilning rivojlanib borishi yoki tildagi o‘zgarishlar zamon va davr o‘zgarishining ta’sirida yuzaga kelgan. Jamiyatdagi turli ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar natijasida ayrim tillar o‘z kuchini yo‘qotib, muomaladan chiqib ketgan. Olimlarning fikricha, insoniyat tarixi davomida 9 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketgan. Nafaqat bosib olingan hududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari ham yo‘qolib ketgani tarixdan ma’lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol keltirish mumkin.

Bugungi kunda sayyoramizda aholi eng ko‘p so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemis, rus va yapon tillari kiritilgan.

       Dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, XI asrda yashab, ijod qilgan buyuk bobokalonimiz Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asari turkiy tilli davlatlar, xususan, hozirgi o‘zbek tilining shakllanishida poydevor bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Turkiy tillar fonetikasi va grammatikasiga asos solgan o‘z davrining lingvistik olimi Mahmud Qoshg‘ariy “Barcha fazilatlarning boshi tildir” degan so‘zlarni bitgan. Yusuf Xos Hojib esa tilni bilim va aql-idrok tarjimoni, deb ataydi.

      Til haqida so‘z yuritilganda olimlar tomonidan Alisher Navoiy bobomizning ijodi yuksak ehtirom bilan esga olinadi. Sababi, bobokalonimiz o‘z davrida bir necha tilni o‘zlashtirib, ikki tilda – turkiy va forsiy tilda ijod qilgan mutafakkir olim bo‘lganligi barchaga ma’lum. Sulton Husayn Boyqaro “Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi” deb ta’kidlagan.

       Mahmud Zamaxshariy bobomiz ham tilshunoslik, leksikologiya, adabiyotshunoslik, geografiya va boshqa fiqh ilmlarini keng yoyishda o‘z hissasini qo‘shganligi va arab tili grammatikasi bo‘yicha yozilgan kitobning mukammal asar bo‘lganligi e’tirof etiladi. Ulug‘ mutafakkir olimlarimizning buyukliklari ularning ilm-fan sohasidagi ijodigina emas, bir vaqtning o‘zida ular bir nechta tillarni mukammal bilganliklarida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 Tilning bebaholigi va benazirligi uning milliy iftixorimiz ekanligidadir. Hozirgi o‘zbek tilining davlat tili sifatida qabul qilinishida istiqlolga erishish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan vatandoshlarimizning xizmatlari katta.

      Mahmudho‘ja Behbudiy maqolalaridan birida “Bizga bitta til emas, to‘rtta til kerak” degan so‘zlar bilan kelajak avlodni tarbiyalashda, dunyoviy ilmlarni o‘zlashtirishda xorijiy tillarni ham o‘rganish zarurati mavjudligi haqida aytib o‘tgan. Is’hoqxon Ibrat ham o‘z davrining yetuk ma’rifatparvarlari orasida zabardast shoir, tilshunos va tarixshunos olim sifatida ajralib turgan. Ibratning ma’rifat yo‘lida olib borgan sa’y-harakatlari ilk o‘zbek matbaa faoliyatining rivojlanishiga turtki bo‘ldi. Shoir 1901-yilda arab, fors, hind, turk, o‘zbek va rus so‘zlaridan tarkib topgan “Lug‘ati sitta-alsina” (“Olti tilli lug‘at”) asarini bosmadan chiqaradi. Mazkur lug‘at jadid maktablarida sharq va rus tillarini o‘rganishda birdan-bir qo‘llanma sifatida foydalanilgan.

Dunyodagi har bir tilning taraqqiy etishi undagi so‘z yoki harflarning miqdoriga qarab emas, balki uni qanday qo‘llash tartibi va to‘g‘ri talaffuz etilishida namoyon bo‘ladi. Biz har bir tilga bo‘lgan ehtiromni o‘z ona tilimizga bo‘lgan hurmat hissi bilan namoyon qila bilishimiz kerak. Buning uchun, eng avvalo, ona tilimizning jozibadorligini ko‘rsata bilishimiz zarur.

Xorijiy tillarni o‘rganish ham davr talabi, albatta. O‘zga tillarni o‘rganish jarayonida ona tilimizning jozibasini ham unutmasligimiz, farzandlarimizga ona tilimizda so‘zlashda ibrat bo‘lishimiz zarur. Xorijiy tillarni o‘rganish jarayonida esa ona tilimizning har jihatdan boyligini chuqur anglab, tafakkurimiz xazinasi boyib boradi. Bu esa millat va xalq sifatida salohiyatimizni yuksaltiradi.

Hamidullo MO‘MINOV,

Inson huquqlari bo‘yicha

 O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

“Inson huquqlari uyi” mas’ul xodimi

Inson va qonun gazetasi 2023 yil 14 fevral 6-soni 

Powered by GSpeech