Ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat sari

20 fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni

 

Ma’lumki, 2009 yildan buyon dunyo miqyosida, jumladan, O‘zbekistonda ham har yili 20 fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World Day of Social Justice) sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 26 noyabrdagi rezolyusiyasi bilan ta’sis etilgan.

Butunjahon ijtimoiy adolat kunining maqsadi – jahon hamjamiyati e’tiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga qaratishdir. Bu bayram, shuningdek, qashshoqlik, gender tengsizlik, ishsizlik, inson huquqlariga hurmatsizlik va ijtimoiy befarqlik kabi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chorlaydi.

Ijtimoiy adolat – shunchaki axloqiy talab emas, balki milliy barqarorlik va global farovonlik asosidir. Zero, teng imkoniyatlar, hamjihatlik va inson huquqlarini hurmat qilish mezonlari davlatlar va xalqlarning ishlab chiqarish salohiyatini har tomonlama rivojlantirish uchun juda muhim.

Joriy yilda ayni sana bilan bog‘liq bayram tadbirlari “Ijtimoiy adolat yo‘lidagi g‘ovlarni olib tashlash va imkoniyatlarga keng yo‘l ochish” mavzusiga bag‘ishlandi. Bu, o‘z navbatida, BMTga a’zo davlatlar, yoshlar, ijtimoiy sheriklar, fuqarolik jamiyati, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro muloqotni qaytadan yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bunday muloqot orqali jahonning turli hududlarida tobora kuchayib borayotgan tengsizlik, nizolar va mehnatkashlar huquqlarini  himoya qiladigan institutlar faoliyatining susayishi oqibatida buzilgan ijtimoiy shartnomani mustahkamlash uchun amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar haqida hamjihatlik bilan kelishib olish mumkin bo‘ladi. Binobarin, yangi va murakkab zamon dunyo ahlini “bir yoqadan bosh chiqarib”, ya’ni ahil bo‘lib yashashga undamoqda.

  Sayyoramiz ko‘lamida nizo va mojarolarning ko‘pligiga qaramay, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda “yashil” va raqamli iqtisodiyot, yoshlar huquqlari kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor bergan holda, munosib ish o‘rinlari yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Insoniyat duch kelib turgan ijtimoiy adolat bilan bog‘liq qaltis ahvol esa bu borada beg‘am va befarq bo‘lmaslikni taqozo etadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Xungboning Butunjahon ijtimoiy adolat kuni munosabati bilan taqdim etgan ma’lumotlariga qaraganda, bugungi kunda dunyo aholisining yarmi hech qanday ijtimoiy himoyaga ega emas. Lekin sayyoramiz aholisining 5-10 foizini tashkil etuvchi boylar daromadi muttasil o‘sishda davom etmoqda.

Yer yuzida 200 million nafardan ziyod mehnatkash insonlar qashshoqlikda kun kechirmoqda. Ular haftasiga 40 soatlab ishlasalar-da, kunlik daromadlari 1, 90 AQSh dollaridan kamligicha qolmoqda.

Daromadlar taqsimotidagi bunday katta tengsizlik, bandlik bilan bog‘liq muammolar inson huquqlariga rioya etilishini yanada murakkablashtirmoqda. Xotin-qizlar, migrantlar va qochqinlarga nisbatan kamsituvchi muomalada bo‘lish holatlari ortib bormoqda.

  Hozirgi vaqtda ish o‘rinlarining faqat 35 foizini ayollar band qilgan bo‘lib, bu 1990 yildagi ko‘rsatkichdan atigi 5 foizgina ko‘pdir. Shuningdek, 290 million nafar yoshlar hech qaerda ishlamaydi va o‘qimaydi, 2 milliard nafar insonlar esa norasmiy sektorda, ya’ni mehnat shartnomasini tuzmasdan mehnat qilmoqda.

Daromadning beqarorligi va ish joyining doimiy emasligi, ish sharoitlarining og‘irligi, ijtimoiy himoyaning yo‘qligi vaziyatni yanada qaltislashtirayapti. Bunday muammolar, bir tomondan, mehnat kishilarini pandemiyaga chidamsiz qilib qo‘ysa, ikkinchi tomondan, ularning daromadi keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, kambag‘allik va tengsizlik ofati dunyoning turli hududlaridagi ko‘plab mamlakatlarda vaqt o‘tgan sari kuchayib bormoqda. Keyingi yillarda yuz bergan COVID-19 pandemiyasi, tabiiy ofatlar va shu balolar tufayli qaytadan qaltis tus olgan iqlim o‘zgarishlari, geosiyosiy taranglik va qurolli mojarolar esa iqtisodiy va ijtimoiy bo‘hronlar bilan bog‘liq tanglikni yanada oshirmoqda.

Ijtimoiy adolat amalda bo‘lsa, jamiyat hayoti yengillashadi va iqtisodiyot samarali ishlaydi. Yanada muhimi, qashshoqlik, tengsizlik va ijtimoiy tanglik kamayadi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z ma’ruzasida bu borada inklyuziv va ko‘ptomonlama yondashuvni kuchaytirish, qaytadan global birdamlikka erishish, mamlakatlar hukumatlari va xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy shartnomani, shuningdek, har bir jamiyat shartnomasini – inson huquqlarini ta’minlashga qamrovdor yondashgan holda, tubdan yangilashga chaqirdi.

Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda allaqachon izchil ish olib borilmoqda. Negaki, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston – har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat bo‘ladi.

Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda:

  • ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi;
  • shuningdek, ijtimoiy davlat shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi;
  • ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir;
  • yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi;
  • eng muhimi, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida ildam odimlamoqda. Shu dolzarb omilni hisobga olgan holda, “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyili hayotimizning barcha sohalarida o‘z aksini topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech