Surxondaryo viloyat sudi raisi A.Ro‘ziqulov Termiz davlat universitetida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzuiga bag‘ishlangan targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazdi.
Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida shu yil fevral oyida “Inson huquqlari” haftaligini o‘tkazish belgilangan. Mazkur haftalik doirasida viloyatda “Sudya va yoshlar” targ‘ibot uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

Termiz davlat universitetida tashkil etilgan targ‘ibot uchrashuvida viloyat sudi raisi A.Ro‘ziqulov keyingi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlab, inson huquqlarini oliy qadriyat darajasiga olib chiqayotganini alohida ta’kidladi. Sud-huquq tizimini isloh qilish jarayonida 2020–2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilayotganini qayd etdi. Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritasi”, joylarda o‘tkazilayotgan “Inson huquqlari” haftaligining mazmun-mohiyati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi xususida fikr almashildi.
–Davlatimiz rahbari yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratayotganida chuqur ma’no bor,–dedi viloyat sudi raisi A.Ro‘ziqulov.– Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinlarini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shunga ko‘ra, endilikda mamlakatimizda ta’lim berish sifatini yanada oshirish, inson huquqlari sohasidagi ta’limning asosiy tamoyillari va uslublarini o‘zlashtirish, ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv jarayonini takomillashtirish inson huquqlari sohasidagi milliy ta’limimizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Hozir amalga oshirilayotgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch hamda osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi ta’lim bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir.

Milliy ta’lim dasturi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari hamda inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy hamda xalqaro standartlar haqidagi xabardorligini, shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Fuqarolarning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirib, unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlaydi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 24.02.2023
- Ko'rishlar: 4028
- Chop etish